Yangiliklar
Qo‘shimcha quvvatlar elektr energiya ta’minotini yaxshilamoqda
  • 31.03.2021
  • 612

  Bugun aholi va iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga har tomonlama e’tibor qaratilmoqda. Bunga birinchidan ehtiyojning ortayotgani bo‘lsa, ikkinchidan xalqimizning farovon hayotini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylanmoqda.

  Bu jarayonda Energetika vazirligi va uning tizimdagi tashkilotlari tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Aholi va iste’molchilarga uzluksiz elektr energiya ta’minlab berish va bunda qo‘shimcha quvvatlar yaratishda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining alohida o‘rni bor.

  Bugungi kunda jamiyat tomonidan podstansiyalardagi transformatorlarni almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar Jizzax viloyati misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, viloyatning Zomin, Zarbdor, Yangiobod va Sharof Rashidov tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilash zaruriyati tug‘ilmoqda.

  Shu bois, viloyatda bir qator yangi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

  Masalan,“Zomin sement”, “Zomin tekstil”, va “Jizzax konteks” MCHJlari, “Zomin farm”, Temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi, Zarbdor tumani hududida 2 ta tekstil korxonasi, issiqxonalar, Yangiobod tumani hududida yangi tashkil etilayotgan fermerlarning tik quduqlari, Sharof Rashidov tumani hududida “Jizzax EIZ” filiali, kabi yangi ishlab chiqarish korxonalarining barpo etilishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.

  Shu talablardan kelib chiqib, Jizzax viloyati Zafarobod tumani hududida barpo etilayotgan yirik quvvatga ega bo‘lgan elektr energiya iste’molchilarini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida 220/110/10 kVli «Saribozor» podstansiyasida mavjud 63 megavatt AT-1 hamda AT-2 transformatorlar 125 megavattli quvvatga ega avtotransformatorlarga almashtirildi.

  Natijada yuqori kuchlanishli podstansiya ish faoliyatiga 124 megavattli qo‘shimcha quvvat qo‘shildi. Ayni paytda uning o‘tkazuvchanlik quvvati qariyb ikki barobarga ortib, 250 MVA ega bo‘ldi. O‘rnatilgan avtotransformatorlar joriy yilning mart oyida kuchlanish ostiga qo‘yilib, sinov muddati tugaganidan so‘ng to‘liq ishga tushirildi. Shu bilan birga, 220/110/10 kVli «Saribozor» podstansiyasida 2 dona 110 kVli tarmoq yacheykalari o‘rnatish ishlari yakunlandi.

  Yuqorida sanab o‘tilgan qo‘shimcha quvvatlar evaziga Jizzax viloyatining Baxmal va G‘allaorol tumanidagi barcha elektr energiya iste’molchilari hamda Zafarobod va Forish tumanida joylashgan ayrim yirik ishlab chiqarish korxonalarini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashning ishonchliligi birmuncha oshishiga erishildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, podstansiyada olib borilgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarining umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizning barcha viloyatlarida elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida qurilish-montaj ishlari, modernizatsiya-rekonstruksiya dasturi asosida amaliyotlar olib borilmoqda.

  Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tirofga loyiq. Bu yerda 220 kVli «Beruniy» podstansiyasiga 125 megavattli qo‘shimcha quvvat qo‘shilgani ta’minotni yaxshilashga xizmat qilmoqda.

  Hozirgi kungacha «Beruniy» podstansiyasida quvvati 125 MVA bo‘lgan 1 dona avtotransformator ishlab turgan edi va ushbu podstansiya orqali Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Amudaryo tumani aholisi, shuningdek, Qorao‘zak tumanida joylashgan sanoat korxonalari elektr energiya bilan ta’minlanadi. Modernizatsiya loyihasi doirasida «Beruniy» podstansiyasining hozirgi kundagi elektr sxemasi o‘zgartirilib, 220 kV, 110 kV va 10 kV taqsimlash qurilmalari kengaytirilib, o‘tkazuvchanlik quvvati ikki barobarga oshirildi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati ma’lum qilishicha, loyihaning ikkinchi bosqichida «Beruniy» podstansiyasida AT-1 va AT-2 avtotransformatorlarining rele himoyasi va avtomatikasi qurilmalarini zamonaviy mikroprotsessor terminalli shkaflarga o‘zgartirishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur amaliyotlar ham nihoyasiga yetkazilmoqda. 2021 yil 15 fevral kuni «Beruniy» podstansiyasida 125 MVA quvvatga ega bo‘lgan AT-2 avtotransformatoriga kuchlanish berildi, sinov muddati belgilangan tartibda muvaffaqiyatli o‘tkazildi va avtotransformator ishga tushirildi.

  Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubida joylashgan Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Amudaryo tumani aholisini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash ishonchliligini oshiradi. Shu bilan birga, quvvati oshirilgan yuqori kuchlanishli podstansiya o‘zining barqaror faoliyati bilan yuqorida nomlari sanab o‘tilgan tumanlar hududida joylashgan sanoat korxonalarining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.

  Ayni paytda ob’ektning estetik holatini yaxshilash maqsadida podstansiya bino va inshootlarini mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

  Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz bo‘ylab bu kabi bir qator qurilish-montaj ishlari davom ettirilib, aholi va iste’molchilarga uzluksiz elektr energiya ta’minlab berish va bunda qo‘shimcha quvvatlar yaratishda soha xodimlari jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA

https://uza.uz/oz/

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati
Telegram kanaliga a'zo bo'lish uchun   t.me/uzmetaxborotxizmati

>