Yangiliklar
Elektr energetika tarmog'ida dunyoning ilg'or tajribasini o'rganib, eng samarali, arzon va qulay texnologiyalarni joriy etish — bugungi kun talabi
  • 30.03.2021
  • 1353

  "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati Ishchi guruhining Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan xizmat safari yakunlari bo'yicha hisoboti

 

  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi 06/24-41-son topshirig'iga muvofiq "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisi boshchiligidagi delegatsiya 2021-yil 21-25-mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay amirligida xizmat safarida bo'lib qaytdi. E'tiboringizga "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati ishchi guruhining xizmat safari yakunlari bo'yicha hisobotini taqdim etamiz:

  2021-yil, 21-mart

  Xizmat safarining birinchi kunida delegatsiya Arab ko'rfazi sohilida joylashgan Saih Shuaib port shahridagi "Hassyan Clean Cool Power Plant" issiqlik elektr stansiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif avvalida elektr stansiya ma'muriyati hamda qurilish tashkiloti rahbariyati tomonidan loyiha to'g'risida taqdimot o'tkazildi. Taqdimotda ushbu elektr stansiya Dubay amirligi elektr energiyasini generatsiya qilish quvvatlarini diversifikatsiya qilish maqsadida qurilayotgani alohida ta'kidlandi.

  Loyiha "toza energiya" ishlab chiqarish sohalarini nazarda tutgan uzoq muddatli reja — "Clean Energy Strategy 2050" strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan bo'lib, ushbu dasturga ko'ra 2030-yilga kelib umumiy ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energetika ulushi o'z navbatida 25 % quyosh, 7 % atom, 7 % toza ko'mir va qolgan 61 % tabiiy gaz energiyasidan iborat bo'lishini ko'zda tutadi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 3,4 mlrd AQSh dollariga teng bo'lib, stansiyani qurish ishlari 2016-yil noyabr oyida boshlangan.

 

  2015-yil iyun oyida elektr energiyasini mustaqil ishlab chiqarish (IPP) modeli hamda "build-own-operate" (BOO) tamoyili asosida "Dubai Electricity and Water Authority" (DEWA – Dubay amirligi elektr energiyasi va suv ta'minoti bo'yicha vakolatli organi) bilan 25 yillik elektr sotib olish (PPA) hamda "ACWA Power" kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium bilan aksiyadorlar kelishuvini (ЅHA) imzolagan.

  Kelishuvlarga ko'ra, DEWA "Hassyan" issiqlik stansiyasidan ishlab chiqarilgan har 1 kVt•soat elektr energiyasini 5 sent (0,05 AQSh dollari) tarifida sotib oladi va "ACWA Power" kompaniyasiga ko'mir yetkazib beradi.

  Ushbu elektr stansiya Ultra super kritik (USC) parametrli so'nggi ko'mir yoqish texnologiyalariga asoslangan bo'lib, har birining quvvati 600 MVtdan bo'lgan 4 ta energoblokdan iborat. 2020-yilda umumiy quvvati 2400 MVt bo'lgan elektr stansiyasining birinchi energoblogi ishga tushirilgan. 2021, 2022 va 2023-yillarda qolgan 3 ta energebloklarning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

  Ushbu elektr stansiyasi taxminan 250 mingta xonadonni elektr energiyasi bilan ta'minlashga etarli bo'lgan elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

 

 

 

  Loyihani amalga oshiruvchi "Hassyan Energy Company" kompaniyasi — DEWA (ulushi 51 %) va "ACWA Power", "Harbin Electric" hamda "Ipak yo'li fondi"dan iborat konsorsiumning (49 %) qo'shma korxonasi hisoblanadi. E'tiborli jihati shuki, energobloklar uchun ko'mirni taqsimlash va yoqish tizimi to'liq avtomatlashtirilgan bo'lib, bunda ko'mirni yetkazib berish, saqlash yopiq tizimda amalga oshiriladi. Ko'mirni saqlash ombori va tashuvchi konveyerlar germetik yopiq tarzda ishlangan. Buning evaziga atrof-muhitga chang va boshqa zararli ta'sirlarni oldi olingan.

  Bundan tashqari, energobloklarda qo'llaniladigan filtrlar ilg'or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan va ayni paytdagi eng samarador hisoblanib, o'z navbatida atrof-muhitga zararli gazlarning chiqarish miqdorlari bo'yicha Jahon banki, Evropa Ittifoqi hamda BAAning o'zida belgilangan me'yorlariga nisbatan NOx bo'yicha 50 %ga, SO2 va qattiq zarralar bo'yicha 33 %ga kamroq ko'rsatkichlarga ega.

  USC texnologiyasi an'anaviy ko'mir elektr stansiyasidan farqli o'laroq o'ta yuqori temperatura va bosimda ko'mirni yoqish imkonini beradi. Buning natijasida ishlab chiqarish samaradorligi birmuncha oshadi, shu bilan birga, atmosferaga zararli gazlarning miqdorini kamayishi ta'minlanadi. Bundan tashqari, mazkur ish jarayoni uglerodni ushlab qolish konstruksiyasiga ega. Elektrofiltratsiyasining takomillashtirilgan tizimi (ESP) va tutun gazlarining dengiz suvi bilan desulfurasiya (SWFGD) qilish texnologiyasi NOx, SOx va qattiq zarralarning emissiyasini kamaytiradi.

 

 

 

  Loyiha kreditorlari — Industrial and Commercial Bank of China, Bank of China, Agricultural Bank of China, China Construction Bank va "Ipak yo'li" fondi hisoblanadi. Bundan tashqari, loyihani moliyalashtirishda First Gulf Bank, Union National Bank i Standard Chartered Bank ham ishtirok etmoqda. Harbin Electric International va General Electric esa loyihalash, ta'minot va qurish uchun bosh pudratchilar sifatida tanlangan. Hozirda General Electric tarkibiga kiruvchi Alstom Power kompaniyasi loyiha uchun isitish qozoni, bug' turbinali generator va ilg'or ekologik nazorat tizimlarini yetkazib beruvchi sifatida tanlangan. ACWA Power kompaniyasining 100 % sho''ba korxonasi hisoblanadigan "NOMAC" kompaniyasi loyihani ekspluatatsiyasi va texnik xizmatlarini amalga oshirilishiga javobgar hisoblanadi.

  Loyiha doirasida mavjud elektr energiyasini Dubay amirligi iste'molchilariga etkazib beruvchi 400 kV yuqori kuchlanishli elektr tarmog'iga ulanish uchun alohida 400 kV kuchlanishli podstansiya qurilgan.

E'tiborli jihati, elektr stansiyada foydali ish koeffitsiyenti 41 %ga teng.

  Bug' trubinasida ishlab chiqariladigan bug'ning harorati 604 oC darajani, bosim 280 MPa ga teng. Stansiyaning yoqilg'i ta'minoti Malayziya, Indoneziya, Avstraliya va bir nechta Afrika mamlakatlaridan olib kelinadigan o'rtacha kaloriyasi 4600-5200 kkal/kg ga teng bo'lgan toshko'mir hisoblanadi. Bunda har 1 kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ko'mirning sarfi 330 gramm shartli yoqilg'iga to'g'ri keladi.

  Dengiz orqali yetkazib kelinadigan ko'mir tankerlardan qirg'oqgacha 4 ta barjalar yordamida, barjalardan stansiya ko'mir omborigacha yopiq konveyer orqali uzatiladi va shu vaqtning o'zida stansiyada ko'mir yoqilishidan hosil bo'lgan kul aynan shu konveyerlar yordamida barjalarga olib chiqiladi. Ko'mir 2 ta 1,5 mln tonna sig'imga ega yopiq omborlarga yoki to'g'ridan-to'g'ri energobloklarga yuboriladi.

  Stansiyani uzluksiz ish rejimini ta'minlash uchun favqulotda holatlarda zaxira yoqilg'i sifatida tabiiy gaz qo'llanilishi mumkin.

 

 

 

  Mazkur elektr stansiyasi dengizga yaqin masofada — qirg'oq qo'riqxonasidan 1,5 km uzoqlikda qurilgan bo'lib, ekologik xavfsiz va atrof-muhitga deyarli salbiy ta'sirsiz faoliyat olib boradi. Stantsiya atrofi 3 ta ekologik hududlarga bo'lingan va qo'riqxona hududiga begonalar kirishi qat'iy taqiqlangan. Stansiya rahbariyati tashabbusi bilan har yili ekologik va ijtimoiy tadbirlar takillashtiriladi.

  Elektr stansiyaning to'liq avtomatlashtirilgan o'z billing va hisob-kitob tizimi yaratilgan bo'lib, elektr sotib olish (PPA) bitimiga muvofiq elektr energiyasini yagona sotib oluvchi — DEWAga har oy yakunida oylik invoys (hisob-varaqa)ni atomatik tarzda stantsiya ish faoliyatining tegishli parametrlari asosida elektr energiyasi miqdorini hisoblaydi, to'lov fakturasi va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etadi.

  2021-yil, 22-mart

  Navbatdagi tashrif ob'ekti "NOMAC control center Ltd."(The First National Operation & Maintenance Company) yagona boshqaruv va monitoring qilish markazi bo'ldi. Ushbu markaz 2005-yilda tashkil etilgan bo'lib, u "ACWA Power" kompaniyasi tasarrufidagi elektr stansiyalarni boshqaruvi va monitoringini olib borishda yuqori sifatli xizmatlarni amalga oshiradi.

  Markaz tomonidan dunyo bo'ylab "ACWA Power" kompaniyasi tasarrufidagi elektr stansiyalarning texnologik parametrlarini monitoringi amalga oshiriladi va stansiyalar energiya samaradorligini oshirish hamda ishonchli ishlashini ta'minlash bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Ahamiyatli jihati, Markaz to'liq onlayn rejimida faoliyat olib boradi.

  NOMACning bunday markazlari ikkita bo'lib, ular Dubay va Jidda shaharlarida joylashgan. Shuningdek, markaz mutaxassislari elektr stansiyalardaning o'zida ham faoliyat olib borishadi. Markaz va elektr stansiyalar o'rtasida ma'lumot almashinuvi Internet orqali onlayn rejimda yo'lga qo'yilgan. Onlayn rejimda qabul qilingan elektr stansiyalardagi texnologik qurilmalar va uskunalarning parametrlari amaldagi mavjud ma'lumotlar bilan hamda prognozlashtirilgan ish rejimlari bilan avtomatik rejimda taqqoslanadi va tahlili amalga oshiriladi. Markazdagi operatorlar tomonidan stansiyalardagi texnologik qurilmalar va uskunalarning ish rejimlarini optimallashtirish yoki ularni ta'mirlash bo'yicha zarur tavsiyalar beriladi.

 

 

 

  Ushbu tavsiyalar asosida stansiyalarning optimal ish rejimlari va ishonchililigi ta'minlanadi. Barcha ko'rsatkichlar markazning bazasida mavjud bo'lgan o'tgan davr ko'rsatkichlari bilan taqqoslash orqali tahlil qilinadi. Stansiya bo'yicha bir necha mingta parametrlar bir vaqtning o'zida tahlil qilinadi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

  Parametrlarni belgilangan optimal ko'rsatkichga nisbatan o'zgarishidan kelib chiqib, ular dolzarblik darajasiga qarab 5 ta turdagi signallarga ajratilgan. Bunda muhimligi darajasi bo'yicha eng pasti 5-pog'onadagi signal, eng yuqorisi 1-pog'onadagi signal hisoblanadi.

  Ushbu pog'onadagi signal bo'yicha tegishli uskuna yoki texnologik qurilmada zudlik bilan sozlash ishlarini bajarish zarurligini anglatadi.

  Markaz tomonidan 1,5 yil davomida nazoratdagi barcha elektr stansiyalarda 506 marta ish rejimini optimallashtirish bo'yicha tavsiyalar berilgan bo'lib, natijada navbatdan tashqari ta'mirlash ishlarini oldi olingan va taxminan 15 mln AQSh dollari miqdorida ortiqcha sarf-xarajatlarni tejalishi ta'minlangan.

  O'zbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida "Acwa Power" kompaniyasi tomonidan qurilishi boshlangan 1500 MVt quvvatli elektr stansiyasining ekspluatatsiyasi va texnik xizmat ko'rsatish ishlarining monitoringi ham aynan shu markaz orqali amalga oshirilishi to'g'risida ma'lumot berildi.

 

 

 

  Shu markazning o'zida dunyoda analogi mavjud bo'lmagan shamol elektr stansiyalarini monitoring qilish bo'yicha "NOMAC" kompaniyasi tomonidan yaratilgan yangi tizim namoyish etildi. Tizim yordamida shamol turbinalarining ish rejimlarini optimallashtirilishi ta'minlanadi.

  Optimallashtirish ma'lum shamol turbinasining boshqa turbinalarga nisbatan ishlab chiqarish quvvatining monitoringi va prognoz ko'rsatkichlarga nisbatan qiyoslash va buning natijasida turbinalarni shamol yo'nalishiga nisbatan holati va turbina parraklari holatini rostlash bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Natijada stansiyalar prognoz ko'rsatkichlarini maksimal daraja optimallashtirish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarishni oshirish imkoni yaratiladi.

  2021-yil, 23-mart

  Xizmat safarining uchinchi kunida delegasiya "Shuaa Energy-1" fotoelektr stansiyasiga (FES) tashrif buyurdi. Ushbu loyiha "Clean Energy Strategy 2050" strategiyasining bir qismi bo'lib, unga ko'ra 2030-yilga kelib quyosh elektr stansiyalarining umumiy elektr energiyasini ishlab chiqarishda ulushini 25% ga, 2050-yilga kelib esa 75%ga yetkazish ko'zda tutilgan. Hozirda ushbu ko'rsatkich 9% ni tashkil etmoqda.

  2016-yilda "ACWA Power" kompaniyasi 25 yil muddatga har 1 kVt•soat ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish bo'yicha 5,6 sent (AQSh dollar) tarif bo'yicha taklifi bilan loyihani amalga oshirish bo'yicha o'tkazilgan tanlovda g'olib deb topilgan. Oxirgi tender savdolarida 1 kVt•soat elektr energiyasining sotib olish narxi 1,6 sentni (AQSh dollar) tashkil etgan.

  Shuningdek, "ACWA Power" kompaniyasining taklifi bilan umumiy quvvati 1 GVt teng bo'lgan "Mohammed bin Rashid Al Maktoum Solar Park" foto elektr stansiya (FES) loyihasining ikkinchi bosqichida amalga oshirilayotgan ob'ektga ham tashrif buyurdi. FESda qo'zg'almas nishabli panellar texnologiyasidan foydalanilgan. Loyiha Dubay hukumati tomonidan birinchi bo'lib amalga oshirilgan davlat-xususiy sherikligi tamoyiliga asoslangan loyiha hisoblanadi.

 

 

  Ushbu FES 2017-yilning ikkinchi choragida ishga tushirilgan. FESning 51 % ulushi DEWA kompaniyasiga qolgan 49 % "ACWA Power" kompaniyasiga tegishli hisoblanadi. Loyihaning umumiy qiymati 326 mln. AQSh dollariga teng, FES ekspluatatsiyasi va unga texnik xizmatlar ko'rsatilishi NOMAC markazi tomonidan amalga oshiriladi.

  Loyiha maydoni 4,5 ming kvadrat kilometr bo'lib, unda 80 blokdan tashkil topgan 17 666 ta qo'zgalmas nishabli konstruksiyaga joylashtirilgan 212 000 ta tizimga birlashtirilgan 2,3 mln dona AQShning First Solar and Originates modullari o'rnantilgan. FES ning har bir blokida to'rttadan invertor va 33 kV kuchlanishli transformatorlar joylashgan. Ushbu transformatorlardan elektr energiyasi kabellar orqali stansiyaning ikki tomonida har 100 MVt uchun 125 MVA quvvatli (SGB Germaniya) transformatorlar yordamida kuchlanishi 132 kVga ko'tariladi, kabellar orqali 700 m uzoqlikda joylashgan podstansiya orqali umumiy tarmoqqa uzatiladi.

  FESning parametrlari monitoringi uchun GreenPower Monitor PCVSCADA tizimi qo'llanilgan bo'lib, Real vaqt rejimida Internet orqali monitoring qilish va hisobotlar yaratish imkonini beradi. Hozirgacha elektr stansiyada 1,9 TVt•soat elektr enegiyasi ishlab chiqarilgan va panellarning degradatsiyasi 0,7% dan kamroq. Yillik elektr generatsiyasi 500 mln. kVt•soatni tashkil qiladi.

  Ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda panellarni yuvish uchun o'ziga xos texnologiyadan foydalanilgan bo'lib, yuvish uzliksiz davom etadi va 9 kunli tsiklda takrorlanadi.

 

 

 

  Ishchi guruh ushbu ob'ektdan so'ng umumiy quvvati 950 MVt bo'lgan Noor Energy 1 gibrid kontsentratsiyalangan quyosh va fotoelektrstansiyalarining qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu elektr stansiya "Mohammed bin Rashid Al Maktoum Solar Park" loyihasining to'rtinchi bosqichi hisoblanadi.

  Loyiha ACWA Power tomonidan Shanghai Electric Group Company (SEGC), Xitoy sanoat-qurilish banki (ICBC) va Ispaniyaning Abengoa kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

  Ushbu loyiha davlat-xususiy sherikligi tamoyili asosida 35 yil muddatga tuzilgan birinchi kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha maydonida 200 MVt quvvatli minorasiz 3 ta va 100 MVt quvvatli 260 metr balandlikdagi minorali (dunyodagi eng baland) 1 ta kontsentratsiyalangan quyosh elektr stansiyalari hamda 250 MVt quvvatli 1 ta FES qurilishi amalga oshirilmoqda.

  Elektr stansiya dunyodagi bir maydonda qurilgan eng katta kontsentratsiyalangan quyosh elektr stansiyasi bo'lib, kelishuvga asosan 51% ulushi DEWA kompaniyasiga 49% esa ACWA Power kompaniyasiga qarashli ushbu elektr stansiyada ishlab chiqarilgan 1 kVt•soat elektr energiyasi uchun 7,3 sent (AQSh dollar)ga teng tarif kontsentratsiyalangan quyosh elektr stansiyalari orasida dunyodagi eng past narx bo'lib turibdi.

  Shu bilan birga, ushbu elektr stansiya dunyodagi birinchi quyosh generasiyasining uch xil texnologiyasi bir joyda qo'llanilgan stansiya hisoblanadi. Uning ishga tushirilishi SO2 gazi emissiyasini 2,4 mln. tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

  Loyihaning umumiy qiymati 4,3 mlrd. AQSh dollariga teng. Elektr stansiyaning ekspluatatsiyasi va unga texnik xizmatlar ko'rsatilishi NOMAC markazi tomonidan amalga oshiriladi. Elektr stansiya 15 soat davomida energiyani saqlash tizimiga ega bo'lib, 24 soat davomida uzliksiz elektr enegiyasi bilan ta'minlash imkoniga ega.

  Minorasiz elektr stansiyada issiqliq ta'sirida harorati tez ko'tariladigan maxsus suyuqlik qo'llanilgan, uning harorati 270 S darajagacha ko'tariladi. Shu o'rinda o'zbekistonlik mutaxassislar uchun yangilik sifatida qabul qilingan bir jihatni alohida ta'kidlash lozim. U ham bo'lsa, minoraning yuqori qismida o'rnatilgan reaktorda maxsus birikmali tuz qo'llanilgan bo'lib, uning harorati quyosh nurlari ta'sirida Selsiy shkalasi bo'yicha 570 darajagacha ko'tarilishi haqida arabistonlik muhandislar batafsil so'zlab berishdi.

 

 

 

  Tashrif davomida Mohammed bin Rashid Al Maktoum Solar Park loyihasining uchinchi bosqichi hisoblangan Masdar kompaniyasi tomonidan qo'zg'aluvchan parabolik panellar texnologiyasi qo'llanilgan bo'lib, ushbu

  200 MVt quvvatli FESda panellar orasidan o'tgan trubadan oquvchi maxsus suyuqlikni qizdirish orqali amalga oshiriladi.

  2021-yil, 24-mart

  Ishchi guruhining navbatdagi tashrifi DEWA kompaniyasiga qarashli elektr uzatish tizimining boshqaruv markaziga bo'ldi.

  Ma'lumot o'rnida: DEWA (Dubai electricity and water authority) Dubay amirligiga qarashli vakolatli organ hisoblanib, amirlikda elektr va suv ta'minotini amalga oshiradi. Ushbu kompaniya vertikal integratsiyalashgan bo'lib, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash faoliyatini amalga oshiradi.

  Dubay energotizimining chastotasi 50 Gtsni tashkil etadi, nominal kuchlanishlar qiymati 400, 132, 33, 11, 6.6 kV, iste'molchilarda 220 Vni tashkil etadi. Kompaniya tasarrufida 23 ta 400 kV, 307 ta 132 kV, 93 ta 33 kV va 38 239 ta 6.6-11 kV kuchlanishli nimstansiyalar mavjud.

  Kompaniyaga tegishli bo'lgan elektr stansiyalarning umumiy quvvati 10 700 MVt tashkil etadi. Kompaniya 1 mln nafardan ortiq Dubay amirligidagi iste'molchilarga elektr energiyasi va suv yetkazib beradi.

  2020-yilda Dubay amirligi elektr energiya iste'moli 45,7 mlrd kVt.soatni, maksimal yuklamasi 9 074 MVtni tashkil etgan.

  Kompaniyada 10 000 ga yaqin xodim mehnat qiladi, elektr energiyasi uzatish tizimida esa bor-yo'g'i 1 800 nafar xodim mehnat qiladi. E'tiborli jihati shundaki, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar qo'llanilishi hamda yuqori malakali mutaxassislar faoliyat olib borishi natijasida so'nggi uch yil mobaynida ta'minotda umuman uzilishlar kuzatilmagan.

  Dubay amirligi tizimi Sharja va Abu-Dabi Amirliklari tizimi bilan o'zaro bog'langan. Amirliklar energo tizimlaridagi o'zaro axborot almashinuvi va taqsimotlar amirlik nazorat markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi. O'z navbatida Birlashgan Arab Amirliklari tizimi Fors ko'rfazi davlatlari — Saudiya Arabistoni, Ummon, Qatar, Quvayt, Baxrayn energetika tizimlari bilan parallel rejimda ishlaydi.

 

 

  DEWA kompaniyasi elektr tarmoqlarini boshqaruv tizimi ikkiga bo'lingan bo'lib, bir markaz elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish tizimini boshqarsa, ikkinchi markaz taqsimlash tizimini (132 kV va undan past kuchlanishli elektr xo'jalik ob'ektlari) boshqaradi. Har ikkala markazning ikkitadan boshqaruv pultlari mavjud bo'lib, ikkalasi ham bir vaqtning o'zida faoliyat olib boradi.

  Shuningdek, Dubay amirligida qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishni rivojlantirish masalari yuzasidan ma'lumotlar berildi. Unga ko'ra, amirlik geografik joylashuvidan hamda energiya resurslaridan kelib chiqib, faqat quyosh elektr stansiyalar qurilishi rejalashtirilgan. 2013-yilda tizimga quvvati 13 MVtli quyosh stansiyasining ekspluatatsiya qilish tahlili hamda umumiy energotizimga ta'sirini tekshirishdan ushbu turdagi quvvatlarni integratsiyasi boshlangan. Hozirgi kunda quyosh stansiyalari umumiy quvvati 1 000 MVtdan oshgan.

  Tizimda SIEMENS kompaniyasining Spectrum power 7 SCADA tizimi o'rnatilgan bo'lib, unda generatorlarning avtomatik boshqaruvi (AGC) va masofadan boshqaruv funktsiyalariga ega.

  Quyosh stansiyalari ishga kiritilishi bilan tizim tezkor boshqaruvida yangi talablarni paydo bo'lishiga sabab bo'ldi. Avval IESlardagi eng katta blok ehtimoliy o'chishi va iste'mol prognozidagi noaniqliklar asosida tizimda ishlab chiqarish rezervlari ta'minlangan bo'lsa, quyosh stansiyalari ishga kiritilishi bilan yuqoridagi omillarga yana quyosh stansiyalari fluktuatsiyasi va ishlab chiqarish prognozidagi noaniqliklar qo'shildi. Tizim boshqaruvida umumiy energotizimni uch bosqichli zaxira quvvatlari bilan ta'minlash imkoniyatlari yaratilgan:

- birinchi bosqichda 0-30 soniya oralig'idagi rezerv;

- ikkinchi bosqichda 30 soniyadan 30 daqiqagacha oraliqdagi rezerv;

- uchinchi bosqichda 90 daqiqa va undan ko'p bo'lgan vaqt oralig'idagi rezerv.

  Tizimdagi quyosh stansiyalari tomonidan ko'rsatilayotgan nomutanosibliklar AGC tizimi orqali stansiyalarda avtomatik tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini o'zgartirish orqali amalga oshiriladi. AGC tizimi ishonchli ishlashi uchun tizimda rezervlar ta'minlangan.

  Quyosh stansiyalari ishlab chiqarish prognozi ikkita manbadan (elektr stansiyalardan va amirliklar Meteo xizmatidan) olingan ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi.

 

 

  Shuningdek, Dubay amirligi energetik tizimida iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishda ishonchlilikni ta'minlash yuzasidan ma'lumotlar berildi. Unga ko'ra 400/132 kV podstansiyalar o'rnatilgan transformatorlar 50% gacha yuklanish bilan ishlashi ta'minlanadi, natijada har qanday rejimlarda bir transformatorni ta'mirga chiqarish yoki favqulotda o'chishi iste'molchilar ta'minotida uzilishlarga yoki tizim elementlar zo'riqish bilan ishlashiga olib kelmaydi. 132 kV podstansiyalar uchta transformator bilan jihozlanishi va har qanday rejimlarda bir transformator o'chirilishi ta'minlanishi ko'rsatib o'tildi.

  400 kV elektr tarmoqlari N-2, ya'ni bir liniya ta'mir rejimida ikkinchi liniya favqulotda o'chishi tizim iste'molchilar ta'minotida uzilishlar yoki tizim elementlarining zo'riqish bilan ishlashiga sabab bo'lmaydigan qilib loyihalashtirilgan.

  Dubay amirligi energetik rivojlanish strategiyasi amirlik hukumati va DEWA kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi, uning asosida elektr tarmoqlari rivojlanish sxemasi DEWAning tegishli departamenti tomonidan ishlab chiqilishi ma'lumot berildi.

  2021-yil, 25-mart

  Ishchi guruhning navbatdagi tashrif ob'ekti 400/132 kV kuchlanishli "CAR COMPLEX" podstansiyasi bo'ldi. Mazkur postansiya 2009-yilda ishga tushirilgan bo'lib, unga "Siemens" kompaniyasining elektr qurilmalari o'rnatilgan.

  Podstansiyada 400 kV kuchlanishli elegaz izolyatsiyali komplekt taqsimlash qurilmasi (KRUE-400 kV) va 505 MVA quvvatli 4 ta transformatorlar, shu jumladan, o'z ehtiyoj transformatorlari o'rnatilgan bo'lib, podstansiyaning tezkor boshqaruv tizimi raqamli texnologiyalar (SCADA) asosida amalga oshirilgan, ya'ni podstansiyada kundalik asosda operatorlar faoliyat (navbatchilik) olib bormaydi. Stansiyaning tezkor boshqaruvi dewaning asosiy boshqaruv pultidan amalga oshiriladi.

  DEWA kompaniyasi mutaxassislari tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko'ra, podstansiya faydalanishga topshirilgandan hozirgi vaqtga qadar hech qanday nosozliklar va avariyaviy to'xtashlar kuzatilmagan. Muhim jihati shuki, o'rnatilgan ikkita transformatorning o'chirilishi (ta'mir, favqulotda o'chish) iste'molchilarning elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga sabab bo'lmasligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, DEWA texnik talablariga asosan, podstansiyalarga o'rnatilgan barcha transformatorlar yong'inga qarshi avtomatika bilan jihozlanganligi ta'kidlandi.

 

 

  Elegaz izolyatsiyali komplekt taqsimlash qurilmasining quyidagi afzallik tomonlari aniqlandi:

- taqsimlash qurilmasi yopiq binoda joylashgani bo'lib, elektr qurilmalarning joylashuvi an'anaviy (ochiq tipda) podstansiyalardagi joylashuvga nisbatan qariyb 10 marta kichik maydonni egallaydi;

- tashqi ob-havo ta'sirlariga (chang, yomg'ir, chaqmoq kabi) uchramaydi;

- tezkor xizmat ko'rsatuvchi (navbatchi) xodimlar talab etilmaydi. Bunda, rejali va avariyaviy ishlarda zarur xodimlar joyga chiqqan holda tegishli ishlarni amalga oshiradi;

- tok o'tkazuvchi qismlarning to'liq yopiq holatda bo'lishi yuqori darajadagi xavfsizlikni ta'minlaydi;

- operativ yoqib-o'chirish ikkita punktidan (Markaziy dispetcherlik xizmati, va podstansiya boshqaruv punkti) amalga oshirish imkoniyatiga ega.

  Dubay amirligining 400 kV yuqori kuchlanishli magistral uzatish liniyalari 2 zanjirli sxemada qurilgan bo'lib, quyidagi afzalliklarga ega:

- bir faza 4 ta simda qurilgan, minoradagi izolyatorlar ustundan o'tuvchi osma V–shaklida bo'lib, ustunga yaqinlashishni va zanjir simlarini ortiqcha harakatlanishining oldi olinadi;

- anker ustunlarida shleyflarni o'tkazishda qo'shimcha vositalar (LSA) ishlatilmaydi.

  Dubay shahrining energo tizimi infratuzilmasida yuqori kuchlanishli 400 kV havo liniyalari to'g'ridan-to'g'ri shahardan uzoq bo'lmagan hududlarda joylashgan podstansiyalarga olib kirilgan.

 

 

 

t.me/uzmetaxborotxizmati

>