OAV va jamoatchilik bilan ishlash
"OTAJONIM ORIFJON, ISMINGNI UNUTMA!”
  • 20.03.2021
  • 706

  O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlanadi...

  Atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhor yosh shoir Abdulla Oripovning birinchi kitobi – "Mitti yulduz"ni o'qiboq o'z hayratlari va quvonchini yashirolmay, shunday degan ekan: "She'riyatda kutilmagan yangi nafas paydo bo'ldi. Tomchini kuzatgan bo'lsangiz, to'lishganidan keyin tomadi. Abdullajonning she'rlari ham ana shunday. Oldin so'zma-so'z, satrma-satr yuragi qonida qaynab pishadi".

 

  "...Bulbulni bilasiz, juda mitti qush. Ammo uning yuragi jussasidan o'n barobar katta. To'lib, yurakdan sayraganida go'yo dunyoni titratadi. Anavi "mitti" shoir "bala"ning yuragi ham jussasidan o'n chandon kattadir-ov... (Ustoz adib "bola" so'zini qo'qonchasiga chiroyli, shikasta ovozda "bala" deb talaffuz etarkan). "Mitti yulduz" kitobchasini varaqlab ko'ring. Shu mitti shoir qalb tubidan sharsharadek otilib chiqqan satrlar qalblarni larzaga soladi. Hali ko'rasizlar, uning ovozi olis-olislarga yetib boradi...”

  Darhaqiqat, alloma adibning "bashorati" bugungi kunga kelib o'z isbotini topdi. Abdulla Oripov "birovlardan olmagan va o'zgaga ham berib qo'ymagan ovozi" bilan o'z nomini mangulikka muhrlay oldi. Xalqaro minbarlarda o'zbek haqida, yurtimiz adabiyoti xususida so'z ketganida bu nom hamisha kamarbasta. Abdulla Orif shu xalqning mag'rur ovozi va O'zbekona donishmandlik ramziga ham aylanib ulgurdi.

 

  Endigina tili chiqa boshlagan jajji bolajonlarning qaysi birisidan she'r so'ramang, "Serquyosh"ni bilaman", deb yurtimiz madhiyasini baralla ayta boshlaydi. "O'zbekiston", "Birinchi muhabbatim", "Ona tilim", ""Munojot"ni tinglab" va shu kabi bir qator dilbar she'rlarini adabiyot ixlosmandlari yod bilishadi.

 

  Mana shunday ixlosmandlar qatorida mening ham bolaligimdan adabiyotga mehrim baland edi. Rahmatli otam Abdumajid To'xtashev bir umr pedagoglik sohasida faoliyat olib borgan bo'lsa-da, o'zini ijod olamidan bir zum olis tutmadi. Atoqli shoir Hamid Olimjon she'riyatining ashaddiy muxlisi bo'lib, shuning barobarida biz farzandlarini ham ijodning sehrli olami sari yetakladi. Ayniqsa, o'z davrida mamlakatimizni boshqargan taniqli jamoat arbobi, zabardast ijodkor Sharof Rashidov siymosi haqidagi xotiralarini har gal to'lqinlanib gapirib berardi. Bugungi kunda otamning tabarruk izidan borayotgan opam — Muhabbat To'xtasheva ham faol ijodkor o'qituvchilardan sanaladi.

 

  Xullas, bolalik orzu-havaslari ortidan borib, she'riyatga oshno tutindik. Oilaviy uch ijodkor o'z mashqlarimizni bir-birimizga o'qib berardik, mutolaa qilgan kitoblarimiz haqida bahslashardik. Dastlabki havaskorona mashqlarimizda nimadir borligini sezgan otam e'tiborni yanada kuchaytirdi va bizni yoshimizga, qiziqishlarimizga mos bo'lgan adabiyotlar bilan uzluksiz ta'minlab bordi. Keyinchalik yozganlarimiz tuman va viloyat gazetalarida chop qilina boshladi.

  5-sinfga o'tar chog'imda otamning undovi bilan ustoz ijodkor Abdulla Oripov nomiga maktub yo'lladim. Xatga o'n chog'li she'rlarimni ilova qildim. Oradan ko'p o'tmay, bolalar gazetasida "Bolakay shoir" nomi bilan Abdulla Oripovning "oq yo'li" e'lon qilindi.

 

  O, o'sha lahzalardagi kechinmalarimni so'z bilan ta'rifini keltirolmasam kerak: bir dumalab, shoirga aylanib qolganday edim...

  Bu quvonchli va hayratlanarli voqeadan so'ng otam bilan birga ilk bora azim Toshkentga yo'l oldim. Ko'plab gazeta-jurnallarga kirdik, yangi yozilgan she'rlarimdan ulashdik. Otam o'ziga qadrdon bo'lgan ijodkor do'stlarini yo'qladi va, albatta, men uchun tabarruk ustoz maqomida bo'lgan Abdulla Oripov bilan ham uchrashib, minnatdorchilik bildirishimiz kerakligini aytdi. Bu so'zdan mening boshim osmonda edi.

 

  O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga uchrab, ustoz ijodkorning manzilini so'radik. Ular shoirning ayni paytda shifoxonada ekanligini bildirishdi. Birrov ko'rishib o'tish imkonini topdik.

  Bir-birini yaqindan bilishmasa-da, otam va ustozim juda quyuq salomlashishdi. Bugungi adabiy jarayondagi yangiliklar, shoir va yozuvchilar haqida ancha suhbat qurishdi. "Abdulla aka, sizning e'tiboringizdan ruhlanib, yoningizga o'g'lim Orifni olib kelgandim", deb mavzuni men tomonga burdi otam. "Kechirasiz, meni ko'rgani sizning o'g'lingiz emas, o'zimning Otam kepti-ku!" deya jilmayib, ismimga urg'u berardi ustoz. Maktabdagi o'qishim, hozir qanday kitoblarni mutolaa qilayotganim bilan qiziqqan ustoz ba'zi adabiyotlarni tavsiya ham qilib o'tdi.

 

  Biz shifoxonada ekanligimiz va ustozni toliqtirib qo'ymaslik vaji bilan ketishga ruxsat so'radik. Ustoz o'rindig'i yonidagi tortmadan "Ehtiyoj farzandi" nomli yangi kitobini olib, dastxat yozishga kirishdi: "Otajonim Orifjon! Ismingni unutma!" Shunday chuqur ma'noli so'zlarni yozib, tagiga imzo chekdi. Bu bitiklar hali-hanuz meni hushyor torttiradi, o'sha holat ko'z o'ngimda gavdalanaveradi!

  Ha, ustoz hayot bo'lganlarida bugungi Navro'zimiz ulkan shoirga 80-bahorni hadya etardi. O'tganlarni Yaratganning o'zi rahmatiga olsin!

  Joriy yilda O'zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e'lon qilinib, yurtimizning barcha joylarida o'zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg'usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan etuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o'rni va ahamiyatiga bag'ishlab munosib ijodiy kechalar, "Abdullaxonlik"lar bo'lib o'tmoqda.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/1745

  Xalqimizning cho'ng iftixoriga aylanib ulgurgan haqiqiy qahramon shoirimiz har nurafshon tongda har bir xonadonga o'zining uyg'otar ohanglari bilan kirib boradigan so'zlari orqali hayot aslida! Ustozning tengsiz bitiklari har o'zbek yuragida doim jarang sochib turaveradi!


Orif To'xtashev, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmat

t.me/uzmetaxborotxizmat

>