Yangiliklar
NUKUS VA ZARAFSHON SHAHARLARI YAQINIDA SHAMOL ELEKTR STANSIYALARI QURILADI
  • 18.10.2019
  • 955

NUKUS VA ZARAFSHON SHAHARLARI YAQINIDA SHAMOL ELEKTR STANSIYALARI QURILADI

 

     Bugungi hayotni elektr energiyasiz tasavvur etishning o‘zi mushkul. Elektr ta’minoti ma’lum sabablarga ko‘ra tarmoqdan bir muddat uzilsa, xuddi ish, ta’bir joiz bo‘lsa hayot to‘xtab qolgandek tuyuladi. Biroq 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 0,3 m3 tabiiy gaz, o‘rtacha 2,5 kg ko‘mir sarf etilishini ko‘pchilik bilmaydi.

     Energiya ishlab chiqarish katta miqdorda tabiiy xomashyo talab etuvchi jarayon ekani, uni magistral tarmoqlar orqali yetkazib berish, iste’molchilarga taqsimlash va shu bilan bog‘liq minglab ish-yumushlar murakkab jarayon ekanligi ham aksariyat iste’molchilarga noma’lum.

   Shu o‘rinda muqobil energiya turlarini joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini alohida qayd etish lozim. Beminnat quyosh energiyasidan foydalanish, shamol elektr stansiyalarini qurish elektr energiyaga kundan-kunga, yildan-yilga talab oshib borayotgan mamlakatimiz uchun ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi.

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevral sanasidagi PQ-4145-sonli qaroriga muvofiq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) kredit mablag‘lari hisobidan, shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi PQ-4256-sonli qaroriga asosan Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha innovatsion loyihalarni amalga oshirish ishlari o‘zining yangi bosqichiga chiqdi.

   Dastlab shamol elektr stansiyasini qurish uchun mos, ya’ni muntazam shamol yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borildi. Germaniyalik mutaxassislar bilan loyihaning texnik talablariga mos hududlar aniqlandi. Endilikda Nukus shahriga yaqinidagi Qoratov hududida 100 MVt quvvatli hamda Zarafshon shahri yaqinida 200 MVt quvvatga shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

   29-avgust kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasida xorijiy mutaxassislar ishtirokida texnik topshiriqlar loyihasi atroflicha muhokama etildi. Uchrashuvda elektr uzatish liniyalarining mavjud holatini texnik jihatdan qayta ko‘rib chiqish va tahlil qilish, shuningdek, shamol elektr stansiyalarini O‘zbekiston Respublikasining energiya tizimiga integratsiyalashuvini ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

   «Mazkur loyihalarni amaliyotga tatbiq etish orqali, aniqrog‘i muqobil energiya stansiyalari quvvati evaziga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy viloyati energiya tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Iste’molchilarni uzluksiz sifatli energiya bilan ta’minlash, muqobil energiya turlarini joriy etish — energetika sohasining ish sifatini oshirishga xizmat qiladi», deyiladi «O‘zbekiston MET» AJ matbuot xizmati xabarida..                                                           

 

   «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati  

Manba: kun.uz     

 

   

>