Yangiliklar
2020-YIL SARHISOBI: "Tezkor, sifatli va xavfsiz transport xizmati ko'rsatish — Avtotransport va mexanizmlar xizmatining bosh maqsadi" (№17)
  • 24.02.2021
  • 870

  Bugungi kunni transport va mexanizmlarsiz tasavvur etish qiyin. Birinchi ichki yonuv dvigateliga ega o'ziyurar avtomobil ixtiro etilganiga atigi 136 yil bo'ldi, shunga qaramay usiz hozirda istalgan davlat iqtisodi hamda zamonaviy hayot tarziga ega Jamiyatni ta'riflab bo'lmaydi.

 

  "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan tadbirlar, istiqbolli rejalar, investitsion loyihalari hamda qurilish-montaj ishlarining barchasi bevosita transport va mexanizmlar xizmatining sa'i-harakatlari bilan chambarchas bog'liq. Bu sohani yanada rivojlantirish, xizmat ko'rsatish sifatini oshirish borasida Jamiyatimiz rahbariyati tomonidan izchil islohotlar olib borilmoqda.

  Bu islohotlar 2020-yil — sinovli yilda o'z natijasini berdi, deb hisoblasak mubolag'a bo'lmaydi. Ayniqsa pandemiya sababli kiritilgan karantin cheklovlari davrida mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyotini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlab berishida, avariya holatlarini bartaraf etish tezkor brigadalarining, ekspluatatsiya xizmatida faoliyat olib borayotgan operativ xodimlarining, qurilish-montaj ishlarida ishlayotgan ishchi-xodimlarning ish faoliyatini to'xtovsiz amalga oshirilishida transport xizmatining o'rni katta.

 

  O'tgan 2020- yilda Jamiyatimizning transport xizmati uchun bir qator ishlar amalga oshirildi.

  Jumladan:

  Investitsion dasturlar doirasida hamda Jamiyatimiz mablag'lari hisobidan filiallarimiz uchun jami 60 dona, jumladan:

§ 3 ta 16 tn yuk ko'taradigan avtokran;

§ 9 ta 25 tn yuk ko'taradigan avtokran;

§ 6 ta AGP-22 rusumli maxsus avtomashina;

§ 6 ta AGP-14 rusumli maxsus avtomashina;

§ 3 ta UAZ-39095 rusumli brigada avtomashinasi;

§ 1 ta avtosamosval;

§ 8 dona g'ildirakli ekskavator;

§ 2 dona gusenisali ekskavator;

§ 4 dona buldozerlar;

§ 1 dona "ISUZU" rusumli yuk avtomashinasi

  xarid qilinib, tegishli taqsimotga ko'ra magistral elektr tarmoqlariga yetkazib berildi.

 

  Bundan tashqari, ishchi-xodimlarni tashish uchun:

§ 3 ta "ISUZU" avtobus;

§ 2 dona mikroavtobus

  xarid qilinib, ehtiyojga ko'ra magistral elektr tarmoqlariga yetkazib berildi.

 

  Shu bilan birga, 12 ta operativ xizmatlar "Damas" rusumli va boshqa turdagi yengil avtomashinalar bilan ta'minlandi. Ushbu maxsus vazifa yuklatilib, jihozlangan texnikalar hozirda Jamiyatning asosiy ish faoliyati, bu orqali elektr energetika tarmog'i rivoji uchun xizmat ko'rsatib kelmoqda.

2020-yil "Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"ga mos ravishda avtotransportlar nazorat tizimini raqamlashtirish va texnikalardan unumli foydalanish maqsadlarida yil davomida 36 dona texnikaga GPS tizimi o'rnatildi va jami GPS tizimi o'rnatilgan texnikalar soni 71 donaga etdi.

Avtotransport va mexanizmlar xizmati tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga asosan 2021-yilda yana 100 dona maxsus texnikalarga GPS tizim o'rnatilishi rejalashtirilgan.

  Shu bilan bir qatorda, "Toshkent MET" filiali tarkibidagi 30/34-sonli ob'ekti zamonaviy mobil turidagi yoqilg'i tarqatish konteynerli stansiyasi (KAZS — konteynernaya avtozapravochnaya stansiya) bilan ta'minlandi. Shu yo'nalishda 2021-yil mobaynida 15 dona zamonaviy va raqamli yoqilg'i tarqatish kolonkalari bilan magistral elektr tarmoqlari filiallari avtoxo'jaliklari taminlanishi rejalashtirilgan.

 

  Shu o'rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan o'rnatilgan karantin tartibi davrida ham Jamiyatimiz ish faoliyatini doimiy davom ettirib keldi. Tabiiyki, "O'zbekiston MET" AJ ma'muriyati va hududlardagi filiallarning ishchi-xodimlarini ish joyiga tashish bo'yicha har xil turdagi yo'lovchi tashishga mo'ljallangan texnikalar jalb qilinib, ishchi-xodimlarning ishga qatnovi tashkil qilindi.

 

  Karantin davrida yuk va operativ avtomashinalarining respublika hududida erkin va beto'xtov harakatlanishini ta'minlash borasida doimiy ravishda O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borildi. Shuningdek, shu kungacha barcha turdagi avtotransport vositalari haydovchilari ishga chiqishdan oldin doimiy ravishda tibbiy xodimlar tomonidan nazorat qilinib, transport vositalarida tegishli tartibda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

  Mavjud texnikalardan kelgusida samarali foydalanish, maxsus texnikalar ishga chiqish ko'rsatkichini oshirish maqsadida nosoz turgan texnikalar qaytadan mukammal ta'mirdan chiqarishga katta e'tibor berildi.

 

  Natijada (fotokollaj tarkibidagi fotosuratlarda aks etganidek):

  "Andijon MET" filialining:

  - Ural-4320 brigada avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati;

  - Maz rusumli samosval avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati.

  "Farg'ona MET" filialining:

  - Zil-131 rusumli teleskopik ko'targich maxsus avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati;

  - UAZ rusumli brigada avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati;

  - Gaz-31 rusumli engil avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati.

  "Qashqadaryo MET filialining:

  - Man rusumli yuk avtomashinasi;

  - Gaz-52 rusumli brigada avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati.

 

  "Samarqand MET" filialining:

  - K-701 rusumli traktori ta'mirdan oldingi va keyingi holati;

  - Kamaz rusumli maxsus avtomashinasi;

  - KrAZ rusumli yuk avtomashinalari ta'mirdan keyingi holati;

  - Kamaz rusumli maxsus avtomashinasi.

  "Navoiy MET" filialining

  - Gaz-53 rusumli avtogidroko'targich maxsus avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati;

  -Zil-130 rusumli yuk avtomashinalri ta'mirdan oldingi va keyingi holati.

  "Sirdaryo MET" filialining:

  - Gaz-66 rusumli maxsus brigada avtomashinasi ta'mirdan oldingi va keyingi holati.

  Yuqorida sanab o'tilgan va boshqa, jami bo'lib 30 dona maxsus texnikalar mukammal ta'mirdan chiqarildi va hozirda ishga shay holatga keltirildi.

  Xuddi shunday boshqa avtotransport vositalari va mexanizmlar ham texnik ta'mirlash rejalariga asosan muntazam joriy ta'mirlanib kelinmoqda.

 

  Maxsus texnikalarni mukammal ta'mirlash, estetik ko'rinishini yaxshilash, shay holatga keltirish borasida Andijon, Farg'ona, Namangan va Samarqand viloyatlaridagi filiallarida ijobiy ishlar amalga oshirilgan bo'lib, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatidagi filiallarda bu borada ancha sustkashlikka yo'l qo'yildi. Xulosa o'rnida aytish mumkinki, avtotransport va mexanizmlar xizmati tomonidan har bir hududiy filialda mavjud bo'lgan muammolar bo'yicha alohida yo'l xaritasi ishlab chiqilib, ularga amaliy yordam berish, kamchiliklarni tuzatish, muammolar yechimini topishga alohida-alohida yondashilib kelinmoqda, amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlarni doimiy nazoratga olish belgilab olingan.

 

  Shu o'rinda bir narsani alohida ta'kidlash joizi, Jamiyat filiallari tarkibidagi avtoxo'jaliklar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida hududlarga chiqib doimiy ravishda amaliy yordamlar berib kelindi. Jumladan, Andijon, Farg'ona, Namangan, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridagi filiallar faoliyatlari o'rganilib, tegishli takliflar berildi, belgilangan vazifalar ijrosi o'z muddatida ta'minlanishiga erishildi.

  2020-yil davomida neft mahsulotlarini iqtisod qilish maqsadida 15 dona avtomashinani gaz yoqilg'isiga qayta jihozlash rejalashtirilgan bo'lib, reja 100% to'liq bajarildi. Bu yilga ham yana 15 dona avtotransport vositalarini gazga qayta jihozlash rejalashtirilgan.

  2020-yilda "Toshkent MET" filiali balansidagi 30/34-ob'ektida jadal ravishda qayta qurilishlar, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, ushbu ob'ektda 60 metr chuqurlikdan soatiga 10 metr/kub hajmdagi suv chiqarilishiga erishildi. Natijada 30/34-ob'ektida kelgusida keng ko'lamli obodonlashtirish ishlari olib borish imkoniyati paydo bo'ldi.

 

  Bundan tashqari, barcha filiallarimizdagi vaqtincha foydalanilmay turgan konteynerlar ushbu ob'ektga yig'ilib, o'rnatilgan tartibda hisobga olindi, ularning estetik ko'rinishi qaytadan yaxshilandi. Bosqichma-bosqich ushbu konteynerlar ishchi-xodimlar uchun xizmat va yashash xonalari, ombor va boshqa maqsadlar uchun qaytadan jihozlandi.

Shuningdek ushbu ob'ektda "O'zbekiston MET" AJning Markaziy ombori sifatida konteynerlar ajratildi. Ikki qavatli ma'muriy bino to'liq qayta ta'mirlanib, rekonstruksiya qilindi. Ushbu hududda "Magistraltarmoqqurilish" filialining avtoxo'jaligi xodimlari faoliyat olib bormoqda. Maxsus va og'ir texnikalari ham ushbu ob'ekt hududida saqlanmoqda.

Suv chiqarish jarayoni

  Logistika yo'nalishida investitsion dasturlarni hamda ta'mirlash ishlarini o'z vaqtida amalga oshirish maqsadida O'zbekiston temir yo'llari orqali 1798 ta temir-beton konstruksiyalar va metall tayanch ustunlari ortilgan 56 ta vagon-turniketlarni, shuningdek, og'ir yuk mashinalar orqali 2100 tonnaga yaqin metall konstruksiyalarni Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasiga operativ ravishda yetkazib berish ishlari amalga oshirildi.

 

  Avtotransport vositalari shay holatda operativ vazifalarni amalga oshirishi maqsadida filiallar uchun elektron xaridlar orqali jami 173 dona har xil turdagi akkumulyator batareyalari va 721 dona har xil turdagi avtoshinalar xarid qilinib, talabnomalar asosida filiallarga tarqatildi.

 

  Shuningdek, yangi xarid qilingan avtokranlar uchun 18 turdagi 56 dona yuk ko'tarish moslamalari, stropalar bilan ta'minlandi. 2021 yilda filiallarimiz uchun ehtiyot qismlar, avtoshina va akkumulyator batareyalari bilan ta'minlash bo'yicha ham talabnomalar shakllantirilmoqda.

 

  2020-yilda "Eng yaxshi maxsus texnika haydovchisi" nominatsiyasi ko'rik tanlovi bo'yicha Toshkent, Sirdaryo va Xorazm filiallari haydovchilari taqdirlanishi transport sohasiga bo'lgan Jamiyatimizning katta e'tibori bo'ldi. Albatta, bu e'tibor va rag'bat kelgusida haydovchilarni yanada shijoat bilan ishlashiga va yaxshi natijalarga erishishiga o'z hissasini qo'shadi.

 

  Ta'bir joiz bo'lsa, yozning issig'i-yu, qahraton qishning sovug'i demay, lozim va shart bo'lganda kecha-yu kunduz barcha transportlar energetika sohasi uchun xizmat qilmoqda.

Ish jarayonidan lavhalar

  Albatta, yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarimizni ham doimiy ravishda to'g'irlab borish asosiy vazifalarimiz hisoblanadi. Shu maqsadda, kelgusi yil uchun oldimizga ulkan vazifalarni reja qilib qo'ydik. Maxsus texnikalarni doimiy yangilab borish, ta'mirlash iqtisodiy samara bermaydigan texnikalarni hisobdan chiqarish, neft mahsulotlarini iqtisod qilish maqsadida gaz yoqilg'isiga qayta jihozlash, GPS-tizimi o'rnatish, avtoxo'jaliklarimizni yangi va zamonaviy turdagi yoqilg'i tarqatish kolonkalari bilan ta'minlash, doimiy ravishda joriy va mukammal ta'mirlash ishlarini o'tkazish, me'yoriy hujjatlarning to'g'ri yuritilishini ta'minlash, barcha turdagi texnikalarni doimiy shay holatga keltirish kabi vazifalar asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.

 

   Jamiyatimiz uchun tezkor, sifatli va xavfsiz transport xizmati ko'rsatish — avtotransport va mexanizmlar xizmatining bosh maqsadidir.

 

Nodir Azimov, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati Avtotransport va mexanizmlar xizmati boshlig'i

 

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

    t.me/uzmetaxborotxizmati

>