Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI
  • 27.02.2021
  • 948

Joriy yilning 27-fevral kuni Sirdaryo viloyati Shirin shahrida joylashgan Shirin Energetika kollejida O'zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanovning tizimda faoliyat yuritayotgan talaba-yoshlar bilan ochiq muloqoti hamda OAV vakillari ishtirokida "Sirdaryo IES" AJga press-tur bo'lib o'tdi.

 

  Energetika vazirligi va "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ hamkorligida o'tkazilgan ushbu tadbirda Energetika vazirligi Markaziy apparati, vazirlik tizimidagi aksiyadorlik jamiyatlari va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yoshlar, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, "MMFI" Milliy tadqiqot yadro universiteti va "MEI" Milliy tadqiqot universitetlarining Toshkent shahridagi filiallari hamda Shirin energetika kolleji talabalari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

  Uchrashuv Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining Acwa Power kompaniyasi o'rtasidagi Memorandum asosida Acwa Power kompaniyasi tomonidan to'liq rekonstruksiya qilingan va zamonaviy jihozlangan Shirin energetika kolleji binosida bo'lib o'tdi.

 

  Uchrashuvda mazkur energetika kolleji qurilishi bilan bog'liq landshaft dizayni bo'yicha taqdimot o'tkazilib, tadbir ishtirokchilariga batafsil ma'lumotlar berildi. Qayd etish joizki, avval xabar berganimizdek, ACWA Power kompaniyasi O'zbekistonda umumiy quvvati 2500 MVt bo'lgan uchta elektr stansiya quradi. Ya'ni Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1 500 MVt bo'lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga start berilgan bo'lib bugungi kunda qurilish ishlari jadal boshlab yuborilgan. Shu bilan birga, Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo'lgan ikkita shamol elektr stansiyalari qurish bo'yicha investitsiyaviy kelishuvlar imzolangan.

 
 

  Tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi kunda Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlarda 120 mingdan ziyod xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 21 foizini yoshlar tashkil etadi.

 

  Energetika vaziri o'z nutqida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi va yoshlar forumidan kelib chiqadigan vazifalar, soha muammolarini yechishda yoshlarning o'rni, vazirlik tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga to'xtalib o'tdi. Yosh mutaxassislar va talabalarning yangi loyihalari, xalqaro olimpiadalarda qatnashish, sport komplekslari faoliyatini yo'lga qo'yish kabi tashabbuslarini qo'llab-quvvatladi.

 

  Shuningdek, uchrashuvda filiallar talabalari, yoshlar yetakchilari yoqilg'i-energetika sohasida olib borayotgan ilmiy ishlari va tadqiqolari, sohada amalga oshirilishi zarur bo'lgan innovatsion g'oyalari, turli muammalar va ularning yechimlari hamda o'zlarining qator takliflarini bildirishdi.

  Uchrashuvda "Issiqlik elektr stansiyasi" AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov texnika universitetida tahsil olayotgan 20 nafar talabaga to'lov-kontrakt pullarini to'lab berish bo'yicha tegishli sertifikatlarni topshirdi.

 

  Energetika vazirligi mutasaddiligida oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlashga mo'ljallangan uchta xorijiy oliy ta'lim muassasalarining Toshkent shahridagi filiallari hamda o'rta-maxsus ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlashga mo'ljallangan oltita kasb-hunar kolleji mavjud.

  Tadbir jarayonida energetiklar kolleji hududida eko-aksiya o'tkazilib, barcha ishtirokchilar tomonidan manzarali ko'chatlar ekildi.

 

 

 

  I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali, "MMFI" Milliy tadqiqot yadro universiteti" Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahar filiali, "MEI" Milliy tadqiqot universiteti" Federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahar filiali hamda Buxoro va Farg'ona neft va gaz sanoati kollejlari, Shirin, Qibray, Nishon va Taxiatosh energetika kollejlari faoliyat yuritmoqda.

 

  Shundan so'ng tadbir ishtirokchilarini ishlab chiqarish jarayoni va "Sirdaryo IES" AJ faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida issiqlik elektr stansiyasiga ekskursiya uyushtirildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Energetika vazirligi Matbuot xizmati "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ matbuot xizmati bilan hamkorlikda

http://minenergy.uz/uz/

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati
Kanalga a'zo bo'lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>