Yangiliklar
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI VA NAVOIY VILOYATIDA SHAMOL ELEKTR STANSIYALARI QURILADI
  • 30.08.2019
  • 323

QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI VA NAVOIY VILOYATIDA  SHAMOL ELEKTR STANSIYALARI QURILADI

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevral sanasidagi PQ-4145-sonli qaroriga muvofiq yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (yeTTB) kredit mablag‘lari hisobidan, shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi PQ-4256-sonli qaroriga asosan Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha innovatsion loyihalarni amalga oshirish ishlari o‘zining yangi bosqichiga chiqdi.

     Ilk loyihalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahriga yaqinidagi Qoratou hududida 100 MVt quvvatli hamda Navoiy viloyatining Zarafshon shahri yaqinida 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish uchun mos yerni aniqlash bilan boshlangan edi. Buning uchun dastlab mamlakatimizdagi hududlarda muntazam shamol yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha Germaniya mutaxassislari bilan tadqiqot ishlar olib borildi va loyihaning texnik talablariga mos hududlar aniqlandi.

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan elektr uzatish liniyalarining mavjud holatini texnik jihatdan qayta ko‘rib chiqish va tahlil qilish, shuningdek, shamol elektr stansiyalarini O‘zbekiston Respublikasining energiya tizimiga integratsiyalashuvini ta'minlash bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqildi. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida texnik topshiriqlar loyihasi atroflicha muhokama etildi. Har ikki loyihaning mazkur bosqichiga oid kelishuvlar joriy yilning 29-avgust kuni «O‘zbekiston MET» AJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida rasmiylashtirildi.

      Endi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratou hududida qurilishi rejalashtirilayotgan 100 MVt quvvatga ega  shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik komissiyasi maslahatchilari o‘z ishini yakunlagach, loyiha uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish bosqichi boshlanadi. Ushbu loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, davlat tomonidan xususiy sherikni tanlash uchun tender tanlovlari o‘tkazilishi 2020-yilning yanvar-fevral oylariga rejalashtirilgan.

        Navoiy viloyatidagi loyiha yuzasidan Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi va «Sredazenergosetproekt» AJ o‘rtasida shartnoma imzolash uchun zarur bo‘lgan hisob-kitob ishlarini yakunlab, texnik topshiriqlar ilovasi tegishli tartibda tasdiqlandi.

     Mazkur loyihalarni amaliyotga tatbiq etish orqali, aniqrog‘i muqobil energiya quvvati evaziga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy viloyati energiya tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Aholini uzluksiz sifatli energiya bilan ta'minlash — bugungi kunning dolzarb masalalarida biri ekanligi barchamizga ma'lum. Muqobil energiya turlarini joriy etish esa mazkur soha ish sifatini oshirishga xizmat qilishi aniq.

    «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati     

http://uza.uz/oz/society/ora-alpo-iston-respublikasi-va-navoiy-viloyatida-shamol-elek-30-08-2019

 

>