Yangiliklar
2020-yil SARHISOBI: "Sog'lom turmush tarzi hamda o'z vaqtida dam olish — jamoada sog'lom muhit va mehnat unumdorligining garovidir" (№ 8)
  • 23.01.2021
  • 1067

  "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tarkibida 5 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar mehnat faoliyati olib boradilar. Asosan texnik va muhandislardan iborat jamoa tarkibida turli vazifalarni bajaruvchi mutaxassislar ham mavjud bo'lib, ularning mehnat unumdorligini ta'minlash bilan bir qatorda Jamiyat ishchi-xodimlariga yaratilgan mehnat va dam olish sharoitlar ham faoliyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi ijtimoiy soha ob'ektlari: "Nurchi" va "Azamat" dam olish maskanlari hamda "Toshkent tibbiy-sanitariya qismi" va "Namangan tibbiy-sanitariya qismi" tibbiyot muassasalari ichida "Nurafshon" sanatoriyasining o'z o'rni bor. Sanatoriy yurtimizning eng go'zal va so'lim maskanlaridan biri bo'lgan Farg'ona vodiysida joylashgan bo'lib, balneologik kurort maskani hisoblanadi. U Farg'ona shahridan 32 km masofadagi Qatron tog' tizimida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda, Oltiariqsoy hududida faoliyat yuritadi.

 

   Sanatoriy joylashgan hudud iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa yumshoq bo'ladi. Dam olish maskanining asosiy shifobaxsh omillari — bu minerallashuvi turlicha bo'lgan (tarkibi 5 dan 95 g/l gacha) oltingugurtli mineral suvlar hisoblanadi.

   Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, sanatoriyga Jizzax viloyatidagi Baliqli ko'lining balchig'i keltirilib, davolash ishlarida keng foydalaniladi.

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4325

   "Nurafshon" sanatoriysining umumiy yer maydoni 12,3 gektarga teng bo'lib, 114 o'rinli sog'lomlashtirish muassasasi yiliga 2000-2500 nafar dam oluvchiga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega. Sanatoriyda 2 ta yotoq bo'limi mavjud bo'lib, barcha qulayliklarga ega. Bino va inshootlarni isitish sanatoriy qozonxonasi orqali bajariladi. Bundan tashkari, sanatoriyda suv ta'minoti, tozalash inshooti bo'limlari ham mavjud.

 

   "Nurafshon" sanatoriyasida ayni paytda 100 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat ko'rsatmoqda. Ular tarkibida shifokorlar, hamshiralar, kichik tibbiy xodimlar, oshpazlar va texnik ishchi-xodimlar dam oluvchilarga sifatli tibbiy-sog'lomlashtirish xizmatlarini amalga oshiradi.

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4334

   "Nurafshon" sanatoriysida davolashning asosini oltingugurtli mineral suvlar bilan vanna qabul qilish tashkil etadi. Oltingugurtli mineral suvi inson tanasidagi quyidagi kasalliklarni davolashga ijobiy ta'sir etadi:

   1. Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari;

   2. Harakat-tayanch organlari kasalliklari;

   3. Asab tizimi kasalliklari;

   4. Teri kasalliklari;

   5. Ayollar jinsiy a'zolari kasalliklari;

   6. Urologik kasalliklar.

 

   "Nurafshon" sanatoriyasida hozirda oltingugurtli suv vannasidan tashqari issiqlik bilan davolash, parafin, balchiq (maxsus), uqalash muolajasi, fizioterapiya xonalari, d'arsonval, elektroforez, amplipuls, lazerterapiya, ultratovush bilan davolash, umumiy va mahalliy ultrabinafsha nurlari bilan davolash, nafas yo'llarini dori moddalarni ingalyatsiya yo'li bilan dori yuborib davolash, ultrabinafsha nurlarini yo'naltirilgan ravishda davolash fitobochka, sirkulyar dush, suvosti massaji kabi muolajalar mavjud.

   Muolajadan tashqari dam oluvchilarga ertalabki gigienik badantarbiya va davolash badantarbiyasi, terrenkur, umumiy tartib va parhez buyuriladi.

 

  "Nurafshon" sanatoriyasida keyingi yillar davomida yangi davolash usullari kiritilishi bilan davolash sifatini yanada yaxshilashga erishilmoqda. Misol uchun, 2020-yil mobaynida Respublikamizning turli viloyat va tumanlaridan 1071 nafar dam oluvchilar o'z sog'liklari tikladilar. Ularga yuqori sifatli tibbiy va dam olish xizmatlari ko'rsatildi.

O'tgan yilning mart oyida boshlangan pandemiya karantini davrida ham sanatoriy o'z imkoniyatidan kelib chiqib, kuzatuv reabilitatsiyasiga olingan bemorlarning 708 nafariga xizmat ko'rsatdi.

Bundan tashqari, muassasa yoz oylarida Sardobada ro'y bergan toshqin oqibatida uysiz qolgan aholini ham ma'nan, ham ruhan qo'llab-quvvatlashga o'z hissasini qo'shdi. Bir so'z bilan aytganda, Sardoba texnogen fojiasi davrida Jamiyat sanatoriysi 68 nafar uysiz qolgan fuqarolarga 14 kun mobaynida xizmat ko'rsatdi.

 

   Sanatoriyda mavjud sharoit va qulayliklarini oshirish maqsadida 2020-yil mobaynida muassasa ikkinchi korpusining tashqi va ichki qismlari zamonaviy talablarga muvofiq kapital ta'mirdan chiqarildi. Shuningdek, sanatoriy ichki yo'llariga asfalt qoplamasi yotqizilib, yo'llar to'liq ta'mirlandi. Bundan tashqari, sanatoriy chiqindi suvlarini magistral kanalizatsiya quvuriga ulash uchun 1100 metrlik yangi quvur tortildi.

 

   2020-yil davomida sanatoriyning yozgi dam olish joylari zamonaviy ko'rinishga keltirildi, binolarning zina panjaralari zamonaviy jihozlarga almashtirildi. Ayniqsa, sanatoriyning bog' va ekin maydonlarida keng ko'lamli ko'kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, dam olish va davolanish maskanining estetik qiyofasi tubdan o'zgardi.

 

   2020 yilda "Nurafshon" sanatoriysi Jamiyat tarkibidagi filiallarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning malaka oshirish jarayonida ham faol ishtirok etdi. Ishchi-xodimlar uchun tashkil etilgan o'quv kurslari maroqli dam olish bilan uyg'unlashtirildi. Sanatoriyda kerakli shart-sharoitlar yaratilib, har oyda 20-25 nafar ishchi-xodimlar qabul kilinib, Ustozlar guruhi tomonidan malakasi oshirilib, o'quv kursi davomida ularning sog'liklari tiklanib, yana ishlab chiqarishga safarbar etildi.

 

   Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi "Nurafshon" sanatoriysi, eng avvalo, jamiyat xodimlari va ularning oila a'zolari dam olishi, mehnat faoliyati davomida ma'lum ma'noda yo'qotilgan salomatliklarini tiklashlari uchun tashkil etilgan.

   Shu o'rinda bir narsani alohida ta'kidlash kerakki, sanatoriyda xordiq chiqarish "O'zbekiston MET" AJ faxriylari uchun bepul, ishchi-xodimlariga 40%, ularning oila a'zolariga esa 50% li imtiyozga ega yo'llanmalar orqali amalga oshirilishi yo'lga qo'yilgan. Shu bilan birga, dam olish maskanida boshqa fuqarolar ham dam olib, davolanishlari mumkin.

   Murojaat uchun telefonlar: +998 73 352-3557; +998 95 400-2570. Manzil: Farg'ona viloyati, Farg'ona tumani, Chimyon qishlog'i, orom ko'chasi, 1-uy. Mo'ljal: Chimyon Markaziy bozori yaqinida.

   https://t.me/ChimyonNurafshonSanatoriya

 

   "Nurafshon" sanatoriyasi jamoasi faol mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan barcha ishchi-xodimlarga mehnat ta'tilini mazmunli o'tkazib, yil davomida orttirilgan kasallik alomatlaridan butkul forig' bo'lish uchun sanatoriya-profilaktika maskanlari tashrif buyurishlarini tavsiya etadi.

 

    Xalqimizning "yaxshi dam, mehnatga hamdam" iborasida sog'lom turmush tarzi va o'z vaqtida dam olishning ahamiyati haqida aniq xulosa aytilgan. Shunday ekan, "Nurafshon" sanatoriyasi Sizlarni dam olish maskaniga chorlab qoladi!

   Olimjon Hasanov, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati "Nurafshon" sanatoriyasi bosh hakimi

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5555

 

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

Kanalga a'zo bo'ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>