Yangiliklar
ENERGETIKLARNING SPORT TADBIRLARI: MEHNAT FAOLIYATIDAGI UNUM VA SAMARA SARI TASHLANAYOTGAN DADIL QADAMLAR
  • 06.12.2020
  • 1000

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6099-son Farmonining ijrosi bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushmasi hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamkorligida Jamiyatning «Uchqun» sport kompleksida shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

 

  Sport bayramini «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.B.Elmurodov ochib berdi. Xoliq Boboyorovich o‘z nutqida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan pandemiya davrida ommaviy sport turlariga bo‘layotgan katta e'tibor, tashkilotlarda «Shaxsiy namuna» tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini yaxshilash orqali (semizlik darajasi, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) xodimlarning jismoniy va ruhiy holatini yaxshilanishi, xodimlar va ularning oila a'zolari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etilayotganining ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Bu borada «O‘zbekiston MET» AJ yoshlarining tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, kasaba uyushmasining homiyligi va hamkorligida energetika sohasi xodimlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni targ‘ib qilish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilayotgani, umuman olganda, o‘z sog‘lig‘iga bee'tibor bo‘lmagan barcha ishchi-xodimlarning mehnat faoliyatida ham unum va baraka bo‘lishini alohida ta'kidlagan holda sport bayrami ishtirokchilariga omad tiladi.

 

  Sport bayramidan oldin «Uchqun» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida ommaviy tarzda gimnastika mashqlari bajarilib, ishtirokchilar musobaqalarga ham jismonan, ham ruhan tayyor bo‘lishgach, musobaqa o‘yinlariga start berildi.

 
Shaxmat bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 1-faxrli o‘rinni Abdulla Ahmedov, 2-o‘rinni Sherali To‘rayev, va 3-o‘rinni Anvar Shaimov egalladi.
Shashka bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi musobaqada 1-faxrli o‘rinni Nigora Zokirxodjaeva, 2-o‘rinni Dildora Irmatova, 3-o‘rinni Kamola Sodiqova egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Shashka bo‘yicha erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada esa 1-faxrli o‘rinni Minislom Lukmanov, 2-o‘rinni Islom Saparmatov, 3-o‘rinni esa Parda Xidirov egalladi.
Stol tennisi bo‘yicha ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada 1-faxrli o‘rinni Ra'no Isamuxamedova, 2-o‘rinni Feruza Xadjimuratova, 3-o‘rinni Ra'no Hasanova qo‘dga kiritdi.
Xuddi shu sport musobaqasining erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarida 1-faxrli o‘rinni Olimjon To‘layev, 2-o‘rinni Doniyor G‘ulomov, 3-o‘rinni Salim Eshonqulov egallashga muvaffaq bo‘ldi.
 

  Tadbir yakunida barcha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Sport bayrami «O‘zbekiston-24» telekanali hamda «O‘zbekiston» telekanalining «Assalom, O‘zbekiston!» dasturi ijodkorlari tomonidan yoritildi.

 

  Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida sport tadbirlari davom etadi. O‘tkazilib kelinayotgan sport musobaqalari bu energetika sohasi, elektr energetika tarmog‘i xodimlarining «Covid-19» nomli baloga qarshi kurashi, qolaversa mehnat faoliyatida unum va samara sari tashlanayotgan dadil qadamlardir.

Azizbek Botirov, «O‘zbekiston MET» AJ Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti sardori, muhandis-ekolog

O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>