OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Dadajon Isaqulov: “Yoshlar bilim-tajriba orttirishda doim chanqoq bo‘lishi lozim”
  • 11.09.2024
  • 79

Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov mahorat darsini o‘tdi.

Oliygohning professor-o‘qituvchi, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etgan ushbu tadbirda universitet rektori Sadriddin Turobjonov kirish so‘zida mamlakatimiz energetika sohasi rivojida tajribali energetiklarning o‘git va tavsiyalari yosh kadrlar faoliyatida juda foydali ekanini qayd etdi. 

Ta’kidlanganidek, ushbu mahorat darsini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2024 yil 6 yanvardagi topshirig‘i ijrosini ta’minlashga qaartilgan. Unga ko‘ra, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti «Energetika» fakulteti faoliyatini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan. 2024 yil uchun mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»ning 4-bandiga binoan yil davomida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari va soha faxriylarining professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan uchrashuvini tashkil etish rejalashtirilgan. 

Mahorat darsida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov dunyo energetikasi, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston energetikasidagi o‘zgarishlar, mamlakatimizda olib borilayotgan energetika islohotlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, ustoz-energetik sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish jarayoni, «yashil energiya” manbalarini elektr energetika umumtizimiga integratsiya qilishdagi muammolar, reaktiv va aktiv quvvat tushunchasi, energiya samaradorligi va tejamkorligi, investitsiya loyihalari, yosh muhandis kadrlarga yaratilayotgan sharoitlarga asosiy e’tibor qaratdi. 

Dadajon Isaqulovning ta’kidlashicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida mamlakatimiz energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday ishlar tufayli tizim faoliyatida o‘zgarishlar yuz beryapti. 

– Ayniqsa, bugungi davrda yoshlarning o‘z orzusiga erishish uchun barcha imkoniyatlar bor. Ularga har jihatdan yordam berish ham davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Ana shunday g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarga barcha qulayliklar yaratilgan. Ochig‘i, sizlarga havasim keladi. Sizlar bunday imkoniyatdan oqilona foydalanib, ulkan yutuqlarga erishish yo‘lida faqat o‘qing va izlaning. Men energetikani tibbiyot sohasiga o‘xshataman. Chunki tibbiyotda muntazam o‘qib-izlanish talab etiladi. Energetika sohasida ham tibbiyotdagidek doimiy izlanish kerak. Texnik talablar asosida o‘qish va testlardan o‘tib turish shart. Chunki energetikada xodim e’tiborsiz bo‘lishi mumkin emas. Yoshlarga faqat ilm olish, bilim-tajriba orttirishda doim chanqoq bo‘lishni tilayman, –dedi D.Isaqulov. 

Qizg‘in savol va fikr-munozaralar asosida tashkil etilgan mahorat darsi yakunida ishtirokchilar ushbu unutilmas uchrashuvni videolavha va suratlarda muhrladi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

 
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>