Yangiliklar
O‘ZBEK TILI XALQIMIZ UCHUN MILLIY O‘ZLIGIMIZ VA MUSTAQIL DAVLATCHILIGIMIZ TIMSOLI, BEBAHO MA’NAVIY BOYLIK, BUYUK QADRIYATDIR
  • 21.10.2020
  • 3216

Assalomu alaykum, muhtaram jamoadoshlar, aziz hamkasblar!

Barchangizga ushbu tarixiy sana — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz bir yilligi muborak bo‘lsin!

 

  Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

  Muhtaram Yurtboshimiz aytganlariday, “...kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”.

  Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. Jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovli kunlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashib keldi, o‘z ona tilini — milliy g‘ururini saqlab qoldi.

 

  Ushbu qutlug‘ bayramni nishonlar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir.

  O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadamlardan edi. Bu qonun xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi azmu qarorining yorqin namoyoni bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e'lon qilindi. Qolaversa, mamlakatimizning Asosiy qonuni — Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi. Shuningdek, ko‘plab xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi.

  Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili — millat ma'naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug‘ ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta'kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir.

  Shu ma'noda dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.

  Hurmatli hamkasblar!

  Bugun jonajon O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya asosida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

  Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

  Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e'tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.

  O‘ylaymanki, o‘zbek tili bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta'kidlagani singari, “Ona tilimiz — milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”.

 

  Biz bugungi yoshlarimizning jahoniy tillarni puxta egallashga bo‘lgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim ham qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Shu o‘rinda alloma Is’hoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa'y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir”.

  O‘ylaymanki, bu so‘zlarga ortiqcha izohning hojati yo‘q.

  Oldimizda yana bir muhim vazifa borki, bu ham bo‘lsa energetika tarmoqlarida davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq jarayon. O‘zbek tilining sohaviy qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish, shu bilan birga, safimizdagi turli millatlarga mansub jamoadoshlarimizning davlat tilini o‘rganishlari uchun tegishli sharoit yaratib berishimiz kerak.

  Bu borada qilishimiz kerak bo‘lgan ulkan ishlar zimmamizda turibdi. Bularning barchasini birgalikda, yelkama-yelka amalga oshirishimiz kerak bo‘ladi. Bu yo‘lda Yaratganning o‘zi hammamizga madadkor bo‘lsin, deyman!

  Sizlarni va butun xalqimizni o‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

O‘zbek tili — ona tilimizning nufuzi, obro‘-e'tibori yanada ziyoda bo‘lib boraversin!

Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayzu baraka, baxtu saodat tilayman. Yana bir bor BAYRAM MUBORAK!

Dadajon Isaqulov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisi

 

 

 

Zero, bu Vatan, bu Ona tili — barchamizniki!

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>