Yangiliklar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI
  • 01.10.2020
  • 1409

   O‘qituvchi va murabbiylar – yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir

   Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

   Qadrli muallimlar!

   Muhtaram ustozlar!

   Bugun siz, azizlar bilan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami arafasida uchrashib turganimdan baxtiyorman.

   Fursatdan foydalanib, sizlarni, joylardagi studiyalarda o‘tirgan fidoyi ustozlarimizni, “oynai jahon” orqali bugungi tantanali marosimni ko‘rib turgan barcha yurtdoshlarimni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etaman.

   Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e'tirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, butun xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan ta'zim qilamiz.

   Ulug‘ shoirimiz mavlono Furqat ilm-ma'rifatni ko‘ngillarning sururi, ko‘rar ko‘zlarning nuri, deb ta'riflaganini hammamiz yaxshi bilamiz.

   Darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

   Men bugun bildiradigan fikrlarni, avvalo, hurmatli muallim va o‘qituvchilarga, qadrli tarbiyachilarga, barcha jonkuyar ziyolilarimizga yo‘llangan murojaat sifatida qabul qilishingizni istardim.

 

   Aziz do‘stlar!

   Xabaringiz bor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqimda men boshqa ko‘pgina muhim masalalar qatorida Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyani qabul qilishga oid O‘zbekiston tashabbusiga yana bir bor jahon hamjamiyatining e'tiborini qaratdim.

   Yoshlar huquqi deganda, biz, birinchi navbatda, ularning tinch va sog‘lom yashash hamda ta'lim olishga bo‘lgan to‘laqonli huquqini tushunamiz. Shu bois, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning barkamol bo‘lib voyaga yetishi, sifatli va mukammal ta'lim olishini ta'minlash biz uchun hamisha ustuvor vazifa hisoblanadi.

   Butun dunyo davlatlari qatori O‘zbekiston ham koronavirus pandemiyasini boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimiz ta'lim tizimi ham jiddiy sinovga duch keldi. Bugungi qiyin sharoitga qaramasdan, davlatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar va sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bu boradagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, qisqa muddat ichida yurtimizda “onlayn maktab” loyihasi va masofaviy ta'lim joriy etildi.

   Yaqinda respublikamizning aksariyat maktablarida, karantin qoidalariga amal qilgan holda, yangi o‘quv yili boshlandi. Ezgu an'anamizga muvofiq, qariyb 650 ming nafar 1-sinf o‘quvchisiga Prezident sovg‘alari sifatida 72 milliard so‘mlik o‘quv qurollari topshirildi. Shuningdek, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari va nogironligi bo‘lgan bolalarga qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollaridan iborat 426 milliard so‘mlik moddiy ko‘mak berilgani ham ana shunday ezgu ishlarimiz qatoriga kiradi.

   Ayni vaqtda, bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda, o‘quvchi va pedagoglarning salomatligini asrash masalasi barchamizning alohida e'tiborimiz markazida turibdi. Shu maqsadda maktablarni zarur tibbiy va antiseptik vositalar bilan ta'minlash uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 17 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

   Xabaringiz bor, bu yil 1,5 millionga yaqin yoshlarimiz oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘p demakdir. Biz mana shunday og‘ir vaziyatda test sinovlarini ochiq stadionlarda, epidemiologik xavfsizlik talablariga qat'iy amal qilgan holda, muvaffaqiyatli o‘tkazishga erishdik.

   Buyuk davlat arbobi Indira Gandining “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, degan so‘zlarida katta hayotiy haqiqat borligini albatta hammamiz yaxshi tushunamiz. Shuning uchun joriy yilda qishloq joylarda yashayotgan, kam ta'minlangan oilalarga mansub qizlarimiz oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari uchun 940 ta o‘rin ajratdik.

   O‘ylaymanki, qizlarimiz uchun yaratilgan bunday qo‘shimcha imkoniyat yana yuzlab oilalarga bilim va ma'rifat nurini olib kiradi. Bu, o‘z navbatida, yosh qizlarimizning kelajakda jamiyat uchun munosib kasb egalari bo‘lib kamol topishiga  puxta zamin yaratadi. Biz bu boradagi ishlarimiz ko‘lamini bundan keyin ham yanada ko‘paytirib boramiz.

 

   Hurmatli vatandoshlar!

   Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta'lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta'lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.

   Buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan so‘zlari bor.

   Qarang, bu fikrlar miloddan avval aytilgan. Demak, insoniyat ongli hayot kechira boshlagan davrdan buyon ta'lim va tarbiya masalasi, doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.

   Bir o‘ylab ko‘raylik, dunyodagi rivojlangan davlatlar qanday qilib yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda? Eng avvalo, ilm-fan va ta'limga qaratilgan ulkan e'tibor tufayli emasmi?

   Shuning uchun ham keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta'lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.

   Bu borada o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilingani sizlarga yaxshi ma'lum. Mana, kuni kecha tasdiqlangan “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun ushbu soha taraqqiyotida, hech shubhasiz, yangi ufqlarni ochib beradi. Qonunga muvofiq, ta'lim olishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi, ta'lim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan qo‘shma fakultet va o‘quv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, o‘qituvchilarga mualliflik dasturi va o‘qitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, o‘qitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.

   Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta'lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya'ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak.

   Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me'moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi.

   Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadim. Hammangizga yaxshi ma'lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash'alasi to‘qqizinchi – o‘n ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta'sir ko‘rsatdi.

   “Islom madaniyatining oltin asri” deb e'tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu'in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz g‘ururi hisoblanadi.

   O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya'ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me'morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.

   Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

   Bir o‘ylab ko‘raylik, ajdodlarimiz bunday yuksak cho‘qqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi ma'rifat bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur o‘rganish va boyitishga bag‘ishlaganlar.

   Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga ko‘pincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda bo‘lib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va e'tiborsizlikka yo‘l qo‘ymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur.

   Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta'lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma'naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur.

   Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk mutafakkirlarimizning ilmiy-ma'rifiy va madaniy merosini fundamental asosda nashrga tayyorlash, chop etish va keng ommaga yetkazish, shuningdek, uni o‘rganish metodikasini ishlab chiqib, amalda qo‘llash chora-tadbirlarini ko‘rsin. Bu masalaga Bosh vazir o‘rinbosari B.Musaev mas'ul etib belgilanadi.

   Yana bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman: ming afsuski, o‘n oltinchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo zaminida ichki urush va nizolar, hokimiyat uchun kurash avj oldi. Ayirmachilik va mahalliychilik kuchaydi, ma'rifat o‘rniga jaholat ildiz otdi. Natijada bir paytlar gullab-yashnagan o‘lkamizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi. Ilm-fan va tafakkur mash'ali so‘na boshladi. Yurtimizning o‘n to‘qqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishida ayni shunday salbiy holatlar asosiy sabab bo‘lgani hammamizga yaxshi ayon.

   Ko‘pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma'rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e'tiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma'rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar.

   Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jaev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin va boshqa yana yuzlab ulug‘ insonlar milliy uyg‘onish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turdilar. Ular yangi usul maktablari bilan bir qatorda, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan gazeta-jurnallar, nashriyot va kutubxonalar, teatrlar tashkil etdilar.

   Ming afsuski, jadid bobolarimiz o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo‘l bermadi. Ma'rifat fidoyilari o‘sha davrning turli johil kimsalarining tuhmat-malomatlariga duchor bo‘ldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvg‘in va qatag‘on qildi. Shu tariqa milliy uyg‘onish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon bo‘lib qoldi.

   Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yo‘lida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-ma'rifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega.

   Birgina misolga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

   Bu yil tavalludining 145 yilligi nishonlanayotgan ulug‘ ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z vaqtida biz uchun ikki emas, to‘rt tilni bilish zarur, deb bong urgan edi. Behbudiy bobomizning ushbu da'vati hozir ham g‘oyat dolzarb bo‘lib turibdi.

   Qadrli muallimlar, men bugun O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan bir guruh vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Ana shunday yurtdoshlarimiz orasida Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovon hayotini ta'minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta'lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganini sizlarga va butun elimizga mamnuniyat bilan aytmoqchiman.

   Hozirgi vaqtda mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini, xususan, jadidlar merosini yanada chuqur o‘rganish va ularning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

 Batafsil: https://president.uz/uz/

 

 Манба: https://president.uz/uz/

 

 

 

MA'RIFATPARVAR JADIDCHILIK HARAKATI NAMOYANDALARINI  MUKOFOTLASH TO‘G‘RISIDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

 

   Vatanimiz tarixining g‘oyat murakkab davrida – XX asr boshlarida o‘zining ma'rifatparvarlik faoliyati va fidokorona xizmatlari bilan milliy ta'lim-tarbiya tizimini yaratish hamda yurtimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning obod va farovon hayotini ta'minlashga qo‘shgan beqiyos hissasini inobatga olib, quyidagilar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlansin:

   Abdulla Avloniy (marhum)    -    ma'rifatparvar adib, pedagog, jamoat arbobi

   Mahmudxo‘ja Behbudiy  (marhum)    -    Turkistondagi jadidchilik harakatining asoschilaridan biri, adib, pedagog va olim

   Munavvar qori Abdurashidxonov (marhum)    -    atoqli ma'rifatparvar murabbiy, adib, muharrir va jamoat arbobi

 

 

                                                      O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti                                                     Sh.Mirziyoyev

 

 

Манба: https://president.uz/uz/

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>