OAV va jamoatchilik bilan ishlash
“UYG‘ONAMAN, BOBOJON!”
  • 24.09.2020
  • 690

  Bu so‘z mening Yuragimda tug‘ilgan bugungi kayfiyat ifodasi!

  Ayni kayfiyatimni kengroq ta'riflamoqchi edim, bir zumda men o‘z ko‘nglimning so‘zlarini qog‘ozga tushirib turuvchi dastyoriga aylandim! Xo‘sh, aslida u nima demoqchi, quloq tutay-chi?!

 
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etib, Mening Onam Tilida nutq so‘zladi! Men bu Til orqali dastlab Onamni, Otamni, Odamni va nihoyat Olamni taniganman!

  Qo‘yavering, kim nima desa, deyaversin! Men mana shunday Buyuk xalqqa mansubman! Mening Turkiy Tilim dunyodagi barcha tillarning Otasi hisoblanadi! Bu so‘zimga shubha bildirguvchilar xolis nazar ila O‘tmishimni ko‘zdan kechirsin! Dunyolarga dars bergan ajdodlarimdan qolgan Meroslarni muk tushib o‘rgansin!..

  Hech ikkilanishsiz aytishim mumkinki, muhtaram Prezidentimiz ta'kidlab turganidek, navbatdagi Milliy Renessans sari kecha Ilk va Dadil Qadam tashlandi! Jahoniy minbarlardan turib O‘zbek Tilim jarangladi! Mening nazarimda, kul tagida ko‘rinmay turgan QO‘R yana yuz ochdi! Olamning ko‘zi bu Nurdan qamashgani rost!

 

Bu kunlarni orzu qilib o‘tgan jadidchi bobolarim ruhi bilan xayolan suhbat quraman:

– Sen chindan ham Baxtlisan, buni bilasanmi?

– Albatta bilaman, bobojon!

– Kelgusi rejalaring qanday?

– ...

  Mana shu uch nuqta barchamizning Ulug‘vor Maqsadlarimizni bir nuqtaga jamlashi kerak! Axir bobolarimizning Asosli Savollari javobsiz qolmasligi lozim. Zero, “Vatanni sevmoq iymondandir!” Va qolaversa, qalblarimizni qamragan mana shu Sevgining kuchini ko‘rsatmoq Fursati yetdi!

  Jadidchi bobomning javobsiz qolayotgan savoliga nima desam ekan?! Ha, javob topdim:

 – Uyg‘onaman, bobojon!

 O. To‘xtashev,

 “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>