Yangiliklar
SALOMATLIK BO‘LSA, ISHDA UNUM BO‘LADI
  • 22.09.2020
  • 1109

  Bugun dunyo hamjamiyatini birdek xavotirga solib, yakdillik bilan harakat qilishga chorlayotgan koronavirus infeksiyasining sovuq shamoli, ming afsuski, Vatanimizni ham chetlab o‘tmadi. Biroq kasallik kirib kelishining ilk pallasidanoq uning keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yildi.

 

  Prezidentimiz raisligida kun-kunora maxsus videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazilib, mamlakatimizda karantin talablarini inobatga olgan holda, aholi bandligi va daromadlarini oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish singari muhim masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

– Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart, — dedi davlatimiz rahbari, pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq. Karantin sharoitida iqtisodiyotni va fuqarolarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun har qanday ishga tayyor turmog‘imiz talab etiladi.

  Bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzishdir. Buning uchun mavjud talablarga so‘zsiz amal qilish, yurtdoshlarimizning immunitetini mustahkamlash, sog‘lig‘ini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashmog‘imiz zarur. Barchamiz hamjihatlikda, chuqur mas'uliyat bilan tizimli ishlasak, bu og‘ir sinovlarni, albatta, yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab — barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz shart!

  Chindan ham aholi salomatligini saqlash — eng muhim masala. Ayni paytda temir intizom bilan ishni ham davom ettirishimiz zarur. Bugungi murakkab vaziyatda barchamiz «O‘z sog‘lig‘ingni, o‘z bolangni, o‘z oilangni o‘zing asra!» degan shiorga «o‘z mehnat jamoangni ham» degan so‘zlarni qo‘shgan holda amal qilib yashashimiz kerak.

 

  Ayni vaqtda barcha jabhada faoliyatni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga o‘rganishimiz, barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni qat'iyat bilan davom ettirishimiz lozim.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq tashkil etilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

  Mazkur aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat turlari O‘zbekistonning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyasini respublikamizning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

 
Bugungi kunda «O‘zbekiston MET» AJ tarkibida 14 ta hududiy filiallar, energetika tizimi bo‘yicha faoliyat yuritadigan milliy dispetcherlik markazi, markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Jamiyatga qarashli 78 ta nimstansiya va 10000 kilometrdan ziyod 220–500 kVli magistral havo elektr uzatish tarmoqlari mavjud.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ markaziy apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda 5 ming nafarga yaqin mutaxassis-xodimlar mehnat faoliyatini olib bormoqda.

  Hozirda jamiyat tomonidan bir nechta yirik investitsion loyihalar, ulkan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu mas'uliyatli vazifalarni o‘z o‘rnida, sifatli ado etish yo‘lida aksiyadorlik jamiyatining barcha xodimi jonbozlik ko‘rsatayotir, bugungi murakkab sharoitda ham faoliyat uzviyligi to‘laqonli tarzda ta'minlanyapti.

  Fidoyi ishchi-xodimlarning samarali mehnatini munosib baholash va albatta, ularning salomatligini himoya qilish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

 

  Bugungi kunda «O‘zbekiston MET» AJning texnik-muhandislik hamda qurilish-motaj yo‘nalishiga ixtisoslashgan hududiy filiallari qatorida bir nechta ijtimoiy soha ob'ektlari, aniqrog‘i, tibbiy-sanitariya, sport-sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari ham faoliyat yuritmoqda. Misol uchun, Namangan tibbiy-sanitariya qismi, «Nurafshon» sanatoriysi, «Nurchi» dam olish maskani va «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi shular jumlasidan.

  Bu kabi ijtimoiy soha tuzilmalari nafaqat jamiyatimiz a'zolari, balki butun energetika sohasi ishchi-xodimlarining ish vaqtidan so‘ng, mehnat ta'tilida hordiq chiqarishi, poliklinikaning ambulator ko‘rigidan o‘tib, shifokor tavsiyasini olishi yoki mavjud zamonaviy statsionar sharoitlarda davolanib, o‘z sog‘lig‘ini tiklashi mumkin.

  Yuqorida sanab o‘tilgan muassasalar ichida Toshkent tibbiy-sanitariya qismi har tomonlama yetakchi, zamonaviy va ko‘p tarmoqqa egaligi bilan ajralib turadi. Bugun mazkur tibbiy majmua faoliyati davlat va jamiyat, xususan, ko‘p ming sonli energetiklar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi bilan ahamiyatlidir.

  Barcha tibbiy-sog‘lomlashtirish maskanlarida bozor iqtisodiyoti sharoitiga muvofiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, tibbiy muassasa joylashgan hudud va uning atrofida yashovchi aholi vakillariga yana bir qulaylik bo‘lib, «O‘zbekiston MET» AJ muassasalari narxlar preystkuranti hamda servis jihatidan davlat yoki xususiy tibbiy muassasalardagi sharoitlardan qolishmaydi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Tibbiy-sanitariya qismi filiali — tibbiyot muassasasi bo‘lib, Jamiyat tarkibidagi ko‘p ming sonli ishchi-xodimlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan. Poliklinika ambulator va statsionar davolash xizmati shartnoma asosida energetika sohasining turli tarmoq xodimlariga, shu jumladan, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

 

 

  Sohaviy ixtisoslashuvi ambulator va statsionar davolash bo‘lgan poliklinikada terapevt, nevropatolog, ginekolog, urolog, dermatolog, endokrinolog, LOR, okulist, jarroh va stomatolog shifokorlar ko‘rigi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, muassasada UZI, rentgen, qon tahlili, fizioterapiya mutaxassislari faoliyat olib bormoqda. Muassasada 45 o‘rinli nevrologiya va 45 o‘rinli terapiya bo‘limlarining statsionar o‘rinlari mavjud.

  Mamlakatimizda hukm surayotgan pandemiya sharoitida boshqa qator sohalar kabi energetika sohasi xodimlari ham karantin sharoitida ishlash va yashash sharoitiga o‘rgandilar. Mana shunday qiyin va mas'uliyatli damda elektr energiyasi ta'minoti barqaror ishlashi shart bo‘lgan bir sharoitda energetiklar uchun o‘z tizimida mavjud bo‘lgan tibbiy-sanitariya bo‘linmalari mavjudligi juda asqotdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

  Davlatimiz rahbarining tegishli ko‘rsatmalariga binoan jamiyatimiz tizimlarida ham barcha karantin talablari joriy etildi, ishchi-xodimlar tibbiy niqob va antiseptik vositalar bilan to‘liq ta'minlandi, hujjat almanishuvi elektron shaklga o‘tkazilib, ishchi tartibdagi yig‘ilishlar videoaloqa shaklida olib borildi. Xodimlarning ish joyiga borib kelishi maxsus avtotransport va mexanizmlar xizmati tomonidan kuchaytirilgan ish rejimiga muvofiq amalga oshirildi, zaruriyatga qarab transport vositalarning soni oshirildi.

  Energetika sohasida muhim strategik vazifani bajaruvchi tuzilma — Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari karantinga olinib, bir bino ichida ishlash va yashashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Jamiyat tasarrufidagi bir nechta tibbiy muassasalar mahalliy hokimiyat vakillari so‘rovnomasiga muvofiq vaqtincha karantinga olinganlarni nazorat qilish punktlariga aylantirildi. Va, eng muhimi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi tibbiy-sanitariya qismi ham soha vakillariga, ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishdi.

  «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi tibbiy-sanitariya qismi filialida 40 dan ziyod maxsus tibbiy texnika uskunalari, 200 dan ziyod yordamchi va ko‘ptarmoqli yordamchi jihozlar shay qilingan. Shuningdek, bugungi keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda 10 dona «Vita oxy 510» kislorod konsentratori xarid qilindi va ayni paytda pnevmoniya alomatlari bilan og‘riyotgan bemorlarni davolashda ushbu zamonaviy tibbiyot texnikasidan samarali foydalanilmoqda.

 

 

  Muassasaning xizmat ko‘rsatish qamrovi va servis darajasini yanada oshirish maqsadida 3 ta yangi tibbiy uskuna xarid qilindi. Bunday zamonaviy uskunalar tibbiy tashxisning aniqlik darajasini oshirib, shifokorlarning mehnat samaradorligini oshiradi, albatta.

  Tibbiy-sanitariya qismi 2020-yilning I yarim yilligida aholiga xizmat ko‘rsatish evaziga muassasa hisob raqamiga qariyb 700 mln. so‘m pul mablag‘lari tushirgan. Albatta, ko‘p sonli «O‘zbekiston MET» AJ xodimlariga bepul xizmat ko‘rsatishi hisobiga xarajatlari keltirilgan foydadan birmuncha ko‘p, ammo uning samarasi soha vakillarining mehnat unumdorligida aks etib, tarmoqning barqaror ish faoliyatiga o‘z hissasini qo‘shib kelyapti.

  Qisqasi, «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi tibbiy-sanitariya qismi faoliyati sohaning barqaror ish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda jamoa a'zolari mazkur tibbiyot muassasasida yaratilgan barcha sharoit va shifokorlar xizmatidan mamnun.

  Xalqimiz, oilamiz, farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulug‘ boylik ekan, bu o‘ta muhim masalada befarq bo‘lishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Shunday bo‘lgach, salomatlik deya ataluvchi «xazina»mizni turli ofat va balolardan asrash, avvalo, o‘z qo‘limizda ekanini aslo unutmaylik.

Dadajon ISAQULOV,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining

boshqaruvi raisi

Manba: https://t.me/gazetalar_sharhi/4930

uzbekistonmet.uz: «TOSHKENT TIBBIY-SANITARIYA QISMI: ENERGETIKLAR HAMDA AHOLI VAKILLARI UCHUN ZAMONAVIY TIBBIY XIZMATLAR KO‘RSATILMOQDA»

Батафсил: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/466

 

t.me/uzmetaxborotxizmati: «TOSHKENT TIBBIY-SANITARIYA QISMI: ENERGETIKLAR HAMDA AHOLI VAKILLARI UCHUN ZAMONAVIY TIBBIY XIZMATLAR KO‘RSATILMOQDA»

Батафсил: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4288

 
 

Rasmiy xabarlar: «ENERGETIKLAR AHOLIGA ZAMONAVIY TIBBIY XIZMATLAR KO‘RSATMOQDA»

Батафсил: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/7724

 
 
 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>