O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarini liberallashtirish va ularning iste’moliga ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini ma’lum qildi. Qarorga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025-yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda 2024-yil 1-maydan boshlab aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.
1-maydan boshlab energoresurslar iste’moli uchun ijtimoiy norma quyidagicha:
• elektr energiyasiga — oyiga 200 kVt/soatgacha;
• gaz (martdan-oktabrgacha) — 100 kub metrgacha;
•gaz (noyabrdan-fevralgacha, ya’ni isitish mavsumida) — 500 kub metrgacha.
Energiya iste’molining ijtimoiy normasi deganda aholi tomonidan sotib olishda imtiyozli tarif qo‘llaniladigan energiya tushuniladi. Ya’ni, energiya ma’lum bir me’yorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va bu me’yordan yuqori iste’mol uchun bozor narxlarida sotiladi.
Shu sanadan energoresurslar uchun narxlar oshadi.
Elektroenergiya
1-maydan boshlab elektr energiyasi narxi iste’molchiilarning I va II guruhlari uchun o‘zgarishsiz qoldirildi (1 kVt/soat uchun mos ravishda 1000 so‘m va 900 so‘m).
Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismiga 225 so‘mdan, 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 450 so‘m, 1001 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 675 so‘m, 5001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 787,5 so‘m, 10 000 kVt/soat va undan yuqori iste’mol qilgan iste’molchilar uchun 900 so‘mdan etib belgilanmoqda.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib oyiga 200 kVt/soatgacha 450 so‘mdan, 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 900 so‘mdan, 1001 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1350 so‘m, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 1575 so‘m, 10 000 kVt/soat va undan ortiq iste’mol qiluvchilar uchun har bir kVt/soat uchun 1800 so‘m etib belgilanmoqda.
Iste’molchilarning VI guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz, ya’ni bir kVt/soat uchun 900 so‘mdan bo‘lib qoladi.
Tabiiy gaz
Noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha, 501 dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan, 2 501 dan 5 000 kub metrgacha 1950 so‘mdan, 5 001 dan 10 000 kub metrgacha 2275 so‘m, 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘mdan etib belgilandi.
Mart-oktabr oylarida 100 kub metrgacha gaz iste’moli uchun tariflar 650 so‘m, 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha 1500 so‘m, 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m, 5001 kub metrdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘m, 10 ming kub metrdan ortiq iste’mol uchun 2600 so‘mdan etib beligilandi.
Hisoblagichlar yo‘q bo‘lganda ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun beriladigan gazning bir kub metri 660 so‘mdan 1200 so‘mgacha (+81,8 foiz), isitish uchun 380 so‘mdan 700 so‘mgacha (+84,2 foiz) oshadi.
Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kgga 1120 so‘mdan 1600 so‘mga (+42,8 foiz) oshadi.
1-iyundan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga (AGTKSH) yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga (+12%) oshadi.
Yana bir narx oshishi
2025-yil 1-apreldan tariflar yana oshadi. Markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun tarif oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ijtimoiy norma doirasida 225 so‘mdan 300 so‘mgacha oshadi, 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 500 so‘m, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 750 so‘m, 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha 875 so‘m, 10 ming kVt/soatdan yuqori iste’mol uchun 1000 so‘m etib belgilanadi.
Boshqa maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi oyiga 200 kVt/soatgacha iste’mol qilinganda 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshiriladi, 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha 1000 so‘m, 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha 1500 so‘m, 5 000 kVt/soatdan 10 000 kVt / soatgacha 1 750 so‘m, 10 ming kVt/soatdan ortiq ortiq iste’mol uchun 2 000 so‘m bo‘ladi.
IV guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshiriladi.
Shu sanadan boshlab barcha iste’molchilar uchun 1 kubometr gaz narxi 1800 so‘mgacha, AGTSHKlar uchun 2500 so‘mgacha, issiqlik elektr stansiyalari uchun 1800 so‘mgacha oshiriladi.
Noyabrdan fevralgacha davom etuvchi isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi gaz iste’moli 500 kub metrgacha bo‘lganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi, 500 dan 2500 kub metrgacha bo‘lganda 1800 so‘m, 2500 dan 5000 kub metrgacha 2100 so‘m, 5 000 dan 10 000 kub metrgacha 2500 so‘m, 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun esa 3 000 so‘mdan bo‘ladi.
2025-yil 1-apreldan mart-oktabr oylaridagi iste’mol uchun tariflar 100 kub metrgacha gaz iste’mol qilinganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi, 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha 1800 so‘m, 2500 dan 5000 ming kubometrgacha 2100 so‘m, 5000 dan 10000 kub metrgacha 2500 so‘m, 10 ming kub metrdan yuqori bo‘lganda 3000 so‘m etib belgilanadi.
Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 2000 so‘mgacha oshiriladi.
Tariflar liberalizatsiyasi
Oxirgi marta gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. Shundan so‘ng rasmiylar tariflarni oshirishni bir necha marta keyingi qoldirdi. Oxirgi marta 2022-yil 1-iyuldan boshlab tariflarni oshirish rejasi keyingi surilgandi.
2023-yil 1-oktabrdan boshlab yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilgandi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashib, boylarning boyib yanada boyishiga olib kelayotganini ta’kidlagandi. U bozor narxlaridan past tariflarni qo‘llab-quvvatlash uchun energiya kompaniyalariga berilayotgan mlrdlab dollar subsidiyalar asosan boylarning foydasiga ishlayotganini aytgandi.
Bundan tashqari, past tariflar tufayli energetika kompaniyalari ko‘p mlrd dollarlik zarar ko‘rmoqda.
Xabar to‘ldirilmoqda…
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2024/04/16/tariffs/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati