O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–28-son, 02.02.2024-y.) mazmun mohiyatini tushuntirish bo‘yicha maֹlumotnoma.
Farmonga ko‘ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.
Masalan, davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish, atmosfera havosiga ta'sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylarni belgilash, yo'lovchi va yuk tashish tariflari, jumladan fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar, tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va boshqalar.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi.
Masalan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo'yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko‘rib chiqiladi.
Farmonga muvofiq, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi.
Farmon bilan 2024-yil 1-oktabrgacha O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
PF–28-son Farmoni, 02.02.2024-y.
Eslatma: Mazkur huquqiy targ‘ibot Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, Energetika vazirligi ko‘rsatmasiga binoan saytga yuklandi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati