Yangiliklar
28-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 489 tonna avtobenzin yetkazib berildi
  • 29.02.2024
  • 53

 

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 28-fevral kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

28-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 240,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,3 mln kubometr tabiiy gaz, 17,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,9 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 22,3 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 231,6 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 2 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 28-fevral kuni ham mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi. Kecha joriy yildagi maksimal miqdor – 800 MVtgacha cheklovlar kiritildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 28-fevral kuni ham uning isteʼmoli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 152,4 mln kubometrni tashkil qildi.

Tabiiy gaz bosimi asta-sekinlik bilan ko‘tarilib kelyapti. Biroq bu hozircha meʼyoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga kamlik qilmoqda.

Joriy yilning 17-fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol va muz aralash yoqqan qor tufayli sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimi keskin tushib ketganining oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 542 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 725 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 1 ming 30 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada taʼminlanmoqda. Xususan, 28-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 489 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 9 ming 510 tonna avtobenzin, 1 ming 546 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 4 ming 617 tonna avtobenzin, 845 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 14 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Jumladan, kecha soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganida Surxondaryo viloyatida 35 kV kuchlanishdagi “L-Denov” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Denov va Sho‘rchi tumanlaridagi 2 ming 500 ta abonent elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 16 dan 23 daqiqa o‘tganida nosozlik bartaraf etilib, isteʼmolchilarning taʼminoti qayta tiklangan.

Soat 11 dan 10 daqiqa o‘tganida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanini gaz bilan taʼminlovchi D-159 mmli yer usti yuqori bosimli gaz quvurida taʼmirlash ishlarini bajarish maqsadida 6 ming 917 ta aholi xonadoni va 154 ta ulgurji isteʼmolchining gaz taʼminoti vaqtincha to‘xtatildi. Soat 18 dan 20 daqiqa o‘tganida taʼmirlash ishlari yakunlanib, isteʼmolchilar oldindan ogohlantirilgan tarzda bosqichma-bosqich gaz taʼminotiga qayta ulandi.

Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

28-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 899 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 291 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini, zaruratsiz ishlayotgan ortiqcha quvvatlarni o‘chirib yurishlarini iltimos qilamiz. Chunki ayni shu tejamkorlik orqali kunning tig‘iz vaqtlarida kiritilayotgan cheklovlarni yaxshigina kamaytirishimiz mumkin.

Qolaversa, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini so‘raymiz.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42422

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>