OAV va jamoatchilik bilan ishlash
TOSHKENT — HAYRAT SHAHRI
  • 02.09.2020
  • 655

   Bugun barcha yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zlarida bayramona kayfiyat hukmron. Agarda ushbu kayfiyatni kengroq tarzda ifoda etish lozim bo‘lsa, nuqta tinish belgisidan ko‘ra ko‘proq vergulni qo‘llashimizga to‘g‘ri keladi, nazarimda. Chunki bir nafasda aytadiganlarimiz, sharhlarimiz bir-biriga chambarchas bog‘liq va adog‘i ancha olisda.

 

  Darvoqe, hayotdan mamnunlik va shukronalik hissi ko‘ngilni tozartadi, obod ko‘ngil esa qudrat otiga minadi. Aynan bugun mana shu kabi holatlar samarasi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘layotir, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

  Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari natijasi obod manzillar, ravon yo‘llar, bir-biridan go‘zal bino va inshootlar manzarasida bo‘y ko‘rsatayotir. Ayniqsa og‘ir pandemiya sharoitida odamlar hayotini farovon, uzog‘ini yaqin qilish, iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirish maqsadida yangi transport obyektlari, yo‘llar, zamonaviy yirik korxonalar barpo etilayotgani haqiqiy qahramonlik, aslida.

  Xalqimizda «to‘yga to‘yona bilan» qabilidagi hikmatli ibora bor. Yurtimizning turli nuqtalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari hosilasini qutlug‘ sanalar oldidan aziz vatandoshlarimiz ixtiyoriga bayram tuhfasi tarzida topshirish an'anaga aylanib ulgurgan. Mazkur an'anani munosib davom ettirish va shuning barobarida el-ulus duosiga musharraf bo‘lish maqsadida poytaxtimiz bunyokorlari kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan o‘zlarining sohaviy bilimlarini namoyish etish hamohangligida shu yurtga bo‘lgan cheksiz mehrini ham ko‘rsata oldilar.

  Muhtaram Prezidentimizning bevosita rahnamoligida jonajon Vatanimiz Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan yurtimiz Yuragi bo‘lmish ko‘rkam Toshkent shahrida foydalanishga topshirilgan bir qator yangi ob'ektlarni ko‘rib, kuzatib hayratga tushmaslikning iloji yo‘q. Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, Bosh kentimiz kun sayin kengayib, aholi soni ham oshib bormoqda. Bu esa albatta, yangi qulayliklarni yaratishga, ish o‘rinlari sonini oshirishga, bir so‘z bilan aytganda, yangicha hayot tarzini bunyod etishga undaydi.

 

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2020-yil 1-sentabr kungi soni

  Kuni kecha bir guruh ijodkorlar hamrohligida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan tengsiz yangilanish ishlari bilan yaqindan tanishdik. Eng muhimi, butun dunyo pandemiya bilan kurashib, hayotiy rejalarini ham bir chetga surib qo‘ygan pallada bunday ulug‘vor ishlarning bardavomligini ko‘rib, ko‘nglingda bir rohat tuyasan, kishi. Tan olib aytish kerak, mazkur ulkan ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Katta zahmatlar evaziga barpo etilayotgan barcha yangilanishlarni har birimiz o‘z tasavvurimizda bir nuqtaga jamlaguday bo‘lsak, Yurtboshimiz ko‘nglidagi BUYUK MAQSADLAR bitigini o‘qiganday bo‘lamiz!

  Aslini olganda, obodlik — ko‘ngildan boshlanadi. Obod ko‘ngillar obod manzillarni bunyod etish ishqi bilan yashaydi. Poytaxtimizdagi bir qancha ko‘chalarning zamonaviy hamda barcha talablarga javob beradigan holga keltirilgani va bundan hudud aholisining mamnun kayfiyatini kuzatib, buyuk muhaddis imom Buxoriyning «Barcha yaxshi ishlar niyatga bog‘liq va har kimga o‘zi xohlagan narsa beriladi» degan hadisi ko‘nglimizdan o‘tadi.

 

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2020-yil 1-sentabr kungi soni

  Biz ezgu maqsadli xalqmiz. Salomimizdan tortib xayrlashuv so‘zlarimizgacha bir-birimizga yaxshilik ilinamiz. Azaliy qadriyatlarimiz o‘zagi bo‘lib xizmat qiluvchi OBODLIK tushunchasi bizning odatiy hayot tarzimizga aylanmog‘i lozim. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi misli ko‘rilmagan yangilanishlar, uy-joylar, sanoat korxonalari, shahrimizni o‘rab turgan ravon aylanma halqa yo‘llari va metro yo‘nalishlarining yuksak did hamda milliy mahorat bilan yaratilayotgani barchamizning ko‘nglimizni faxru iftixorga to‘ldiradi. Shunday ko‘rkam Vatanga mansub ekaningdan g‘ururlanib ketasan!

 

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2020-yil 1-sentabr kungi soni

  Inson hayotining asl mazmuni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan zaminni obod qilish, shu tuproq haqqi elu yurt koriga yarash, o‘z kasbidan kelib chiqqan holda xalq xizmatida bo‘lishdir. Men o‘zbek xalqimning bir ijodkor farzandi sifatida avvalo qalbdagi mehrim va qo‘ldagi qalamim ila dunyolarga yuzlanaman. Agar ta'rifimga ajablanmasangiz, donish ajdodlarim yoqib ketgan ilmu fan — hayot chiroqlari shu'lasida muk tushib kitob o‘qiyotgan olamga aytadigan mag‘rur so‘zlarim ko‘p! Bashariyat ahlini azal-azaldan hayratlarga solib kelganmiz va ularni hayratlantirishda ham davom etgaymiz!

Poytaxtimizdagi yangi metro bekatlariga sayohat — «O‘zbekiston–24»

Mana, sizga yana bir hayrat ifodasi:

 

TOShKENT — Vatanimning go‘zal Poytaxti,

Kunduz — quyosh taxti, tunda — oy taxti.

 Bormoqda fusunkor bir chiroy ochib,

Kengligi kun sayin to‘rt tomon «qochib».

Yer osti, yer usti yo‘llari shinam,

Anhorlari, sun'iy ko‘llari shinam.

 Hayratdan qoqmaysiz hatto kipriklar,

Eshilib-buralgan baland ko‘priklar.

 Xoh ulovda kezing, xohlang piyoda –

Sizga qulayliklar shay va ziyoda.

 Tongda suv sepilgan ko‘cha yaraqlar,

Ko‘kalamzor yerlar, qator daraxtlar –

 Yil bo‘yi taratar bahor nafasin,

Shahar yangilar har kun qiyofasin.

 Birgina so‘zim bor bashar ahliga:

«Yo‘lingiz tushganmi Hayrat shahriga?!»

 … Bu so‘zim qo‘ymasin parishon aylab,

Toshkentning ikkinchi nomidir Hayrat!

  

  Orif To‘xtashev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>