Yangiliklar
26-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan kelib tushgan 828 ta murojaatning barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi
  • 27.02.2024
  • 73

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 26-fevral kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

26-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 244,6 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,3 mln kubometr tabiiy gaz, 20,7 ming tonna ko‘mir hamda 11,3 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 22,2 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 237,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 26-fevral kuni ham mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 600 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 26-fevral kuni ham uning isteʼmoli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 156,5 mln kubometrni tashkil qildi.

Tabiiy gaz bosimining hali-hanuz past ekanligi bu boradagi meʼyoriy sxemaning to‘liq tiklanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

17-fevral kuni sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganining oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 626 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 4 million 53 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada taʼminlanmoqda. Xususan, 26-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 5 ming 49 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 8 ming 460 tonna avtobenzin, 2 ming 940 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 4 ming 366 tonna avtobenzin, 2 ming 352 tonna dizel yonilg‘isi sotildi

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 4 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Xususan, kecha soat 11:00 da Samarqand viloyatida 110 kV kuchlanishdagi “L-Loish” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Oqdaryo va Pastdarg‘om tumanlarida istiqomat qiluvchi 15 mingta isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 12 dan 45 daqiqa o‘tganida nosozlik bartaraf etilib, isteʼmolchilarning taʼminoti qayta tiklangan.

Soat 21 dan 17 daqiqa o‘tganida Toshkent shahrida 35 kV kuchlanishdagi “L-4-Yu” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik kuzatilgan. Buning oqibatida Chilonzor tumanining 1-, 2- va 3-mavzelarida istiqomat qiluvchi 2 ming 150 ta isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzilgan. Maxsus brigadalarning saʼy-harakati tufayli 27 fevral kuni soat 00 dan 22 daqiqa o‘tganida nosozlik to‘liq bartaraf qilinib, isteʼmolchilar elektr taʼminotiga qayta ulandi.

Taʼkidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

26-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 828 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 295 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.

Energoresurslardan ham tejamkorlik bilan foydalanish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42334

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>