Yangiliklar
uza.uz — Raqamli texnologiyalarning energetika sohasiga tatbiq etilishi tahlil etildi
  • 27.02.2024
  • 81

“Raqamli O‘zbekiston-2030" strategiyasiga muvofiq, bugungi kunda barcha tarmoqlar va sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu kabi yoqilg‘i-energetika kompleksini raqamlashtirishni rivojlantirish borasida ham sezilarli ishlar qilinmoqda. Xususan, tizimda “ASKUE” va “ASKUG” tizimlarining joriy etilishi bunga yaqqol misoldir. Ayni paytda yoqilg‘i-energetika korxonalarida raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda hamkorlar bilan ishlash, tajriba almashish va o‘zaro muloqot qilish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Bugun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan ishchi tartibdagi yig‘ilish ham aynan shu mavzuda bo‘ldi. Unda raqamli texnologiyalarning energetika sohasiga tatbiq etilishi masalalari muhokamasi chog‘ida to‘liq raqamlashtirilgan va qisman raqamlashtirilgan energetika ob’ektlarining farqi va ish prinsiplariga e’tibor qaratildi. 

Shuningdek, unda istiqbolli rejalarga muvofiq 2030-yilgacha O‘zbekistonda raqamlashtirilgan energetika obyektlarining ish faoliyatidan kutilayotgan samaradorlik ko‘rsatkichlari haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA 

Manba: https://uza.uz/oz/posts/raqamli-texnologiyalarning-energetika-sohasiga-tatbiq-etilishi-tahlil-etildi_571901

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>