Yangiliklar
17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuqori kuchlanishdagi 2 ta elektr uzatish tarmog‘ida yuz bergan nosozlik to‘liq bartaraf etildi
  • 22.02.2024
  • 99

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jaev ma'lum qildi.

Kecha, 21-fevral kuni iste'molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma'lumot beramiz.

21-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 246,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,9 mln kubometr tabiiy gaz, 23,5 ming tonna ko‘mir hamda 12 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 20 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika iste'molchilariga 240,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketganligi hamda aholi iste'molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 21 fevral kuni ham respublikamiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 500 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham kunning tig‘iz paytlarida ma'lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Kecha soat 15 dan 10 daqiqa o‘tganida 17-fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol natijasida yuqori kuchlanishdagi 2 ta elektr uzatish tarmog‘ida yuz bergan nosozlik to‘liq bartaraf etildi.

Qariyb to‘rt kun davomida noqulay ob-havo sharoitlarida murakkab kechgan ta'mirlash-tiklash ishlarida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 9 ta maxsus brigada tarkibidagi 83 nafar xodimi 12 ta mashina, shuningdek boshqa texnika mexanizmlari bilan faollik ko‘rsatishdi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar, viloyat ichki ishlar hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining ko‘magi katta bo‘ldi. Maxsus shtab tuzilib, ish 24 soatlik rejim asosida yo‘lga qo‘yildi.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 21-fevral kuni ham uning iste'moli avvalgi kunlardagidan birmuncha ortib, 154,6 mln kubometrni tashkil qildi.

Ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida magistral gaz quvurlaridagi bosim me'yoriy sxemadagidan pastligicha qolmoqda.

Tabiiy gaz hajmi me'yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani me'yoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktirmoqda.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste'molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta'minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, gaz bosimining kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob'ektlarini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugundan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda.

Metan zapravkalar bilan bog‘liq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgazta'minot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.

Kecha mamlakatimizdagi 407 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar – tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa ob'ektlarga tegishli avtomobillarga 2 million 607 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 21-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 501 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 9 ming 110 tonna avtobenzinning 4 ming 276 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 308 tonnasi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste'molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Ta'kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

21-fevral kuni elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan 438 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha kelib tushgan 283 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda iste'molchilardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini so‘raymiz. Unutmang, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz, qolaversa, isrofgarchilikning oldini olishimiz mumkin. Zero, elektr energiyasi rejadagiga nisbatan ikki baravar ko‘p ishlab chiqarilgan va yetkazib berilgan taqdirda ham, agar tejamkorlik bo‘lmasa, cheklovlar kiritishga majbur bo‘linaveradi.

Shu bilan birga, isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat'iy rioya etishlarini so‘raymiz.

Hurmatli iste'molchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz ta'minoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/24961


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>