OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ADABIYOT — XALQNING YURAGI!
  • 30.08.2020
  • 1100

   Jonajon O‘zbekistonimiz o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lini boshlaganiga 29 yil to‘ldi. Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda iste'dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zamini bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

   Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an'analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

   Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishgan natijalarni xolisona baholash va ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoachilik, butun xalqimizning ongi-shuuriga yetkazish maqsadga muvofiqdir.

 

   Darhaqiqat, istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni yaratildi. Ozodlik bois bizni jahon tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g‘ayrati, azmu shijoati ila vatanimizning shon-shuhrati olam uzra yanada kengroq yoyilmoqda. Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz — erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.

   Shu asnoda, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga bo‘lgan yuksak e'tiborni alohida e'tirof etish joiz. Jamiyat tomonidan mustaqilligimizning 29 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 502-sonli qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida Jamiyatimizning bir guruh yoshlari jamoasi Toshkent shahri markazida joylashgan Adiblar xiyobonida bo‘lishdi.

 

   Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon, yurtimiz yoshlarining sevimli nashri — “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, yozuvchi Nurilla Chori hamda O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Urunov ishtirokida Adiblar xiyobonida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ko‘ng ko‘lamli ishlar xususida ajoyib davra suhbati tashkil qilindi. Sayohat davomida yoshlariga adib va shoirlarning hayot yo‘li, ularning ma'lum va mashhur asarlari haqida mulohazalar bayon qilindi. Tashkil etilgan adabiy davrada yoshlar muazzam haykallar poyida o‘zlari yoqtirib, yod olishgan she'rlardan namunalar o‘qib berishdi. Milliy adabiyotimiz xazinasini boyitishda ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlarning elga manzur asarlari xususida suhbat qurildi.

 

   Bir so‘z bilan aytganda, muhtaram Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, «Adabiyot xalqning yuragi, elning ma'naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta'sirchan kuchidan foydalanishimiz lozim...”

   Ishonamizki, bugungi adabiy tadbir Jamiyatimizning faol yoshlari qalbini yanada o‘zgacha olovlantirib, yangi marralar sari ilhomlantirdi.

 

Orif To‘xtashev,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining

ma'naviy-marifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>