OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: O‘zbekiston qanday qilib gazning sof importchisiga aylanib qoldi?
  • 26.01.2024
  • 133

Foto: “Gazeta.uz”

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qildi.

2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston gazning sof importchisiga aylandi, “Gazeta.uz” bu bo‘yicha prezident huzuridagi Statistika agentligi bergan ma’lumotlarni o‘rgandi.

Qiymat jihatidan (fizik hajm bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlanmaydi) import 694,9 mln dollarni tashkil etib, yil davomida 2,5 baravar oshgan. Eksport karrasiga kamayib, 529,9 mln dollarni tashkil qildi. Yetkazib berishdagi farq 165 mln dollardan oshdi.

Bungacha O‘zbekiston Xitoy va Qirg‘izistonga gaz yetkazib bergan holda gazning sof eksportchisi bo‘lib turgandi.

2022-yilda eksport importdan 629 mln dollarga, 2021-yilda 562,8 mln dollarga, 2020-yilda 427,7 mln dollarga ko‘p bo‘lgan, 2019-yilda esa mamlakat amalda gaz import qilmay, 2,3 mlrd dollarlik “moviy yonilg‘i” eksport qilgan.

2019-yilda O‘zbekiston Rossiya va Xitoyga mos ravishda 4,9 mlrd va 3,2 mlrd kub metr gaz yetkazib berdi. 2020-yildan boshlab Rossiyaga gaz eksporti to‘xtatildi va 2021-yilda qisqa muddatga qayta tiklandi (76,6 mln dollarlik).

O‘shandan beri gazning deyarli barchasi Xitoyga yetkazib berilgan. Qirg‘iziston kichik hajmlarda — yiliga 5,5−6,5 mln dollarli, 34−43 mln kub metr gaz oladi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy tomonidan taqdim etilgan gaz eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bir necha baravarga farq qilishi haqida yozgandi. Keyinchalik energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu holatni Xitoy tomoni o‘zi berayotgan ma’lumotlarda turkman gazining tranzitini ham hisobga olishi bilan izohlagandi. “Gazeta.uz” hisob-kitoblariga ko‘ra, buni hisobga olganda ham, statistika katta farq qilishi mumkin.

Statistika agentligi O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi xizmatlar tarkibini hech qachon ochiqlamagan, shu bois O‘zbekiston Turkmanistondan Xitoyga gaz tranziti uchun qancha daromad olishini aniq aytib bo‘lmaydi. Tranzit 2008-yilda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va Trans-Asia Gas Pipeline Company (TAPLine, Xitoyning CNPC davlat kompaniyasining shu’ba korxonasi) tomonidan 50 foizdan teng ulush bilan tashkil etilgan Asia Trans Gas kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston qanday qilib gazning sof importchisiga aylandi? Qazib olishning pasayishi

2020-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda tabiiy gazning tasdiqlangan zaxiralari 1,86 trln kub metrni tashkil qildi. O‘shanda qazib olish hajmida zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ta’kidlangandi.

2023-yil avgust oyida zahiralar 1,85 trln kub metr ekani qayd etildi (zaxiralar bo‘yicha dunyoda 17-o‘rin), ularning yarmi (933 mlrd kub metr) 122 ta neft va gaz koniga egalik qiluvchi “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rasmiylar ishlab chiqarish hajmining pasayishini mavjud konlardagi zaxiralarning kamayib borayotgani va texnologik yo‘qotishlar bilan izohladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudovning ta’kidlashicha, yo‘qotishlarning asosiy qismi “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri keladi, kompaniyada tegishli “konlarning 75−80 foizi o‘zlashtirilgan”.

“O‘zbekneftgaz” yaqin yillarda qazib olish hajmini 34,1 mlrd kub metr hajmda ushlab turishni rejalashtirmoqda, biroq bu faqatgina katta sarmoya talab etadigan geologik qidiruv ishlari va yangi konlarni aniqlash hisobiga amalga oshiriladi.

million kub metr
Yil 2017 2018 2019 2020 2021 2022 2023
Gaz qazib olish (Statistika agentligi ma’lumotlari) 56417,6 60396,5 60537,5 49736,2 53802,0 51678,4 46710,3
Prezident huzuridagi ishchi guruh ma’lumotlari 55789,3 61004,4 52787,3        
“O‘zbekneftgaz” ma’lumotlari 53055,9 56877,7 55967,3 48055,5      

2023-yilda gaz qazib olish 46,7 mlrd kub metrgacha, ya’ni 9,6 foizga yoki 4,97 mlrd kub metrga kamaydi. 2022-yilda qazib olish 2,12 mlrd kub metrga kamaydi. Umuman olganda, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yildan buyon pasayish qariyb 13,68 mlrd kub metrni tashkil etgan (bu joriy ishlab chiqarish hajmining deyarli 30 foizini tashkil etadi).

Ammo gaz qazib olish bo‘yicha ma’lumotlarda farq mavjud. Prezident tashabbusi bilan 2019-yil noyabr oyida tuzilgan ishchi guruh tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi neft-gaz sanoatining holati to‘g‘risida”gi hisobotda (“Gazeta.uz”da mavjud) 2018-yilda ishlab chiqarish hajmi 61 mlrd kub metr bo‘lgani aytiladi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining yevrobondlar chiqarish bo‘yicha 2021-yil noyabridagi hisobotida 56,87 mlrd kub metr, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 60,4 mlrd kub metrni tashkil etadi.

”gaz,

“Qazib olish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha dastur”

Ishchi guruh hisobotida qazib olish hajmi pasayishidan avval 2017−2021-yillarda uglevodorodlar, jumladan, gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilgani va u prognozlarni oqlamagani ta’kidlanadi.

Gaz va gaz kondensati qazib olishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning umumiy dasturi bir necha mlrd dollarga baholangan. Dastur doirasida “Gazprombank” 710 mln dollar, Xitoyning “Ipak yo‘li” jamg‘armasi 585 mln dollar, Moliya vazirligi qarz sifatida 200 mln dollar, “O‘zbekneftgaz”ning o‘z mablag‘laridan esa 805 mln dollar ajratilgan.

Uning doirasida yangi gaz quvurlarini qurish, konlarni o‘zlashtirish va boshqa ishlar amalga oshirildi.

Ishchi guruh dastur va unga kiritilgan loyihalar samaradorligini tahlil qildi. Guruh pudratchilar tomonidan bajarilgan ishlar va xizmatlar narxining oshirib ko‘rsatilishi, shuningdek, prognozlar bajarilmaganini qayd etdi. Energetika vaziri jurnalistlar bilan uchrashuvlarning birida agar bu dastur bo‘lmaganida, konlardan gaz qazib olishning tabiiy kamayishi hisobiga 2023-yilda gaz qazib olish hajmi 20,4 mlrd kub metrgacha qisqargan bo‘lardi, deya ta’kidlagandi.

Ammo, aslida, 2017−2019-yillarda qazib olish prognoz ko‘rsatkichlaridan 22,2 milliard kub metrga past bo‘lgan. Faqat gaz kondensati bo‘yicha reja ortig‘i bilan bajarildi, neft bo‘yicha ham pasayish kuzatildi.

2020-yilda ham qazib olishda kuchli pasayish kuzatildi, ammo buni pandemiya va Xitoy tomonining talabi pasayishi hamda Rossiyaga gaz yetkazib berishning to‘xtatilishi bilan izohlash mumkin. 2021-yilda 53,8 mlrd kub metr, 2022-yilda 51,6 mlrd kub metr, 2023-yilda 46,7 mlrd kub metr gaz qazib olindi. Taqqoslash uchun: 2016-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 56,2 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

Manba: Ishchi guruh hisoboti.Manba: Ishchi guruh hisoboti.

Gaz qazib olish bo‘yicha bajarilmagan prognozning katta qismi eng ko‘p mablag‘ kiritgan, ammo yakunda katta qarzlar yig‘ib olgan va hali ham to‘lanayotgan “O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga ulushiga to‘g‘ri keldi. 2021-yilda kompaniya o‘zining 700 mln dollarlik birinchi yevrobondlarini chiqardi, ya’ni xorijiy kapital bozoridan mablag‘larni jalb qildi, mablag‘larning bir qismi “Gazprombank”dan dasturni amalga oshirish uchun jalb qilingan kreditlarni to‘lashga yo‘naltirildi.

Kompaniyaning yevrobondlar chiqarilishi bo‘yicha hisobotidan. 700 mln dollar qayerga ketishi haqida.

Kompaniyaning yevrobondlar chiqarilishi bo‘yicha hisobotidan. 700 mln dollar qayerga ketishi haqida.

Gaz tanqisligi fonida aholi soni va iqtisodiyotning o‘sishi

O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda aholi soni 3,6 mln kishiga — 33,2 mln dan 36,8 mln ga o‘sdi, iqtisodiyot qariyb 6 foizga o‘sib kelmoqda, bu esa energoresurslar iste’moli kamida 10−15 foizga oshishini talab qiladi, ishlab chiqarish hajmi esa ortib borayotgan talabga mos bo‘lmadi.

O‘zbekistonda yaqin-yaqingacha elektr energiyasi generatsiyaning 90 foizdan ortig‘i gazdan hisobiga amalga oshirilardi. Gaz qazib olishning pasayishi elektr toki ishlab chiqarishga ta’sir qildi va talabning oshishi paytida “moviy yonilg‘i” bosimi tushib ketgan vaqt ommaviy o‘chirishlar va energiya inqirozi yuz berdi.

Elektr energiyasi generatsiyasi. Manba: Statistika agentligi.Elektr energiyasi generatsiyasi. Manba: Statistika agentligi.

Issiqlik elektr stansiyalarining gazga bog‘liqligini kamaytirish maqsadida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirila boshlandi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi generatsiyasida gazning ulushi 75 foizgacha pasaydi.

Gazga ko‘mirga o‘tkazila boshlagan issiqxonalar, soni yildan-yilga ortib borayotgan avtomobillar, sement-g‘isht zavodlari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarining ham ehtiyoji bor. Ta’kidlab o‘tish kerakki, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar (sement zavodlari, g‘isht sexlari va boshqalar) va issiqxonalar ulushiga gaz iste’molining taxminan 8−10 foizi to‘g‘ri keldi (issiqxonalar ulushiga taxminan 1,5 foiz).

Gaz bilan bog‘liq vaziyat yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilgandan keyin ham yomonlashdi. Masalan, Uzbekistan GTL sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodining ishga tushirilgandan keyin. Prezident topshirig‘i bilan tuzilgan ishchi guruh loyiha qiymatining shishirilganini (1 mlrd dollardan ko‘proqqa), shuningdek, zavoddan to‘liq foydalanish uchun xomashyo bazasi yetarli emasligini ta’kidladi.

“Loyiha bo‘yicha resurs bazasi yo‘q. Agar zavod resurslar bilan ta’minlansa, ichki bozorda taqchillik yuzaga keladi yoki “O‘zbekneftgaz” AJ “Lukoyl”dan gazni eksport narxlarida o‘z zarariga sotib olishga majbur bo‘ladi”, — deya ogohlantirgan hisobot mualliflari.

Natijada “O‘zbekneftgaz” gazni haqiqat ham eksport narxida sotib oldi — shartnoma bo‘yicha yonilg‘i eksport qilinishi kerak edi, biroq u arzonlashtirilgan narxda ichki bozorga chiqarildi, shu sababli kompaniya “Lukoyl” (2019-yilda qarz 600 mln dollarga baholangan), Uz-Kor Gas Chemical (1 mlrd dollardan ortiq) va boshqalardan qarzdor bo‘lib qoldi.

Hozirda, shuningdek, Saneg kompaniyasining 4 mlrd dollarlik MTO (metanolni olefinga) gaz-kimyo majmuasi qurilishi ham davom etmoqda.

Boshqa korxonalar ham kafolatlangan gaz ta’minotini talab qiladi. Masalan, 2023-yilning yanvar oyida Indorama Corporation kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “Farg‘onaazot”ni 140 mln dollarga sotib oldi. Vaholanki, uni xususiylashtirishdan oldin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari hukumat sarmoyadorga kamida 10 yil kafolatlangan gaz yetkazib berishni ta’minlashi kerakligini ta’kidlagandi.

Shunday qilib, uglevodorod qazib olishni ko‘paytirish dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchragani va qazib olishning pasayishi tufayli mamlakat ichki ehtiyojni qoplash va eksport shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarni (Xitoyga gaz yetkazib berish va “Lukoyl”, Uz-Kor Gas Chemical va boshqalar bilan qo‘shma loyihalarda mahsulotni taqsimlash bo‘yicha kelishuvlar doirasidagi eksport majburiyatlari) bajarishda davom etish uchun gaz import qilishga majbur bo‘ldi.

Hozirda O‘zbekiston gazni Rossiya va Turkmanistondan import qilmoqda.

Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2024/01/26/gas-importer/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>