Yangiliklar
«Beijing Review»: Xitoy va O'zbekiston xalqlari o'rtasidagi azaliy do'stlik va o'zaro anglashuv sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda
  • 17.01.2024
  • 87

PEKIN, 17-yanvar. /"Dunyo" AA/. Xitoyning ingliz tilida bosiladigan «Beijing Review» jurnalida Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga bag'ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

«So'nggi yillarda Xitoy – O'zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi, - deyiladi maqolada. - 2023-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga ikki marta tashrif buyurdi. 2024-yil ham ikki davlat uchun faol va eng yuqori darajadagi muhim voqealarga boy bo'lishini kutilmoqda».

Nashrda qayd etilishicha, mamlakatlar ikki tomonlama va mintaqaviy institutlar orqali hamkorlik qilishdan tashqari, qadimiy Ipak yo'li yo'li bo'ylab va uning sarhadlaridan chiqqan holda aloqalarni kengaytirishga qaratilgan Xitoyning «Bir makon va bir yo'l» tashabbusida ishtirok etish orqali ham keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirmoqda. Ma'lum qilinganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Pekinda uch marta – 2017, 2019 va 2023-yillarda «Bir makon, bir yo'l» xalqaro hamkorlik forumida qatnashdi.

«Markaziy Osiyoning transport salohiyatini, xususan, «Bir makon, bir yo'l» loyihasi doirasidagi hamkorlikning eng istiqbolli yo'nalishlaridan biri - bu O'zbekiston–Qirg'iziston–Xitoy temir yo'lini qurish loyihasidir, - deya ta'kidlangan maqolada. – Ushbu yo'l Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga yo'nalishni sezilarli darajada, shuningdek, yuklarni yetkazib berish muddatini yetti-sakkiz kunga qisqartiradi. Bu Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmining oshishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi».

Nashrda qayd etilishicha, O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasi hali ham yanada o'sish uchun katta imkoniyatlarga ega.

«Ushbu salohiyatdan foydalanish uchun ikki davlat o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, O'zbekistondagi muhim sanoat va infratuzilma loyihalariga Xitoy sarmoyasini jalb etish, shuningdek, transport-logistika sohasida qo'shma harakatlarni rivojlantirish bo'yicha hamkorlikda ishlamoqda», - deb yozgan jurnal.

Maqolada xabar qilinganidek, Xitoy O'zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xitoy statistik ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ortiq o'sdi va 12 milliard dollardan oshdi. Xitoyning O'zbekistonga o'zlashtirilgan sarmoyalarining umumiy hajmi hozirda 11 milliard dollarni tashkil etadi, bu 2017-yilga nisbatan besh barobar ko'pdir.

Ayni paytda O'zbekistonda energetika, transport, aloqa, qishloq xo'jaligi, ta'lim kabi sohalarda Xitoy sarmoyasi ishtirokida ishlayotgan ikki mingdan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda.

«O'zbekiston va Xitoy ko'p asrlar davomida madaniy almashinuv samarasini ko'rib kelmoqda. Ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi ko'p yillik do'stlik va o'zaro anglashuv tarixi sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi», - deb ta'kidlangan manba.

Nashrda, shuningdek, ikki xalqning o'zaro til o'rganishga qiziqishi ortgani urg'ulangan. Konfutsiy institutlari notijorat davlat idoralari bo'lib, ularning maqsadi chet elda xitoy tili va madaniyatini o'rgatish orqali odamlarga Xitoyni yaxshiroq tushunishga yordam berishdir. Konfutsiy institutlari Toshkentda 2005-yildan, Samarqandda esa 2014-yildan boshlab faoliyat yuritmoqda. Ular har yili 1000 dan ortiq talabalarni qabul qilib, xitoy tili va madaniyatini ommalashtirish va o'rganishga muhim hissa qo'shmoqda.

«O'zbekiston ham Xitoy singari tarixiy-madaniy merosga, qadimiy me'morchilikning noyob yodgorliklariga boy bo'lib, ular doimo dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni o'ziga faol jalb etib kelgan, - davom etadi muallif. - So'nggi yillarda O'zbekistonga xitoylik sayyohlar oqimi sezilarli darajada ko'paydi. 2017-2019-yillarda ularning soni 19 mingdan 54 mingdan ziyodni tashkil qildi».

Xitoy bosma nashrida e'lon qilingan materialda qayd etilganidek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, transport infratuzilmasi va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalar va hududlararo almashinuvni chuqurlashtirish, ikki mamlakatning rivojlanish strategiyasini muvofiqlashtirish ustuvor vazifalar bo'lib qolmoqda. Bir qator istiqbolli yo'nalishlar, jumladan, avtomobilsozlik, energetika, ayniqsa, "yashil" energetika, qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratish lozim.

Maqola xulosasida «O'zbekiston – Xitoy munosabatlarining butun spektri bo'yicha rivojlanishning ijobiy dinamikasi bu tendensiya yanada kuchayib, keng qamrovli strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi ufqlarni ochishidan dalolat beradi», deb yozgan «Beijing Review».

Manba: https://dunyo.info/uz/mir-ob-uzbekistane/Beijing-Review-mnogoletnyaya-istoriya-druzhby-i-vzaimoponimaniya-mezhdu-narodami-kitaya-i-uzbekistana-sozdala-prochnuyu-osnovu-dlya-sovremennogo-razvitiya-mezhcivilizacionnogo-dialoga

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>