Yangiliklar
AVTOTRANSPORT VA MEXANIZMLAR XIZMATI: 16 TA YANGI AVTOTRANSPORT VOSITALARI XARID QILINDI
  • 17.08.2020
  • 1022

   Yo‘llar iqtisodiyotning qon tomirlari, degan jumlani eshitganmisiz?

   Agar iqtisodiyotni xarakatga keltiruvchi kuch shartli ravishda ishlab chiqarish, ya'ni mahsulot va xizmat ko‘rsatish turlarining soni va sifati bo‘lsa, shubhasiz ularni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish jarayonida avtotransport xizmatining ahamiyati naqadar muhimligini payqaymiz...

 

Xarid qilingan avtotransport vositalari

 

   Darhaqiqat, yuk va yo‘lovchi tashishda, umuman olganda, mamlakatimiz iqtisodiyoti hamda energetika sohasini yanada rivojlantirishda avtotransport vositalari muhim o‘rin tutadi. Xuddi shu maqsadda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning Avtotransport va mexanizmlar xizmati tomonidan bir qancha ishlar olib borilmoqda.

   Aniqrog‘i, Jamiyat tarkibidagi fililallarning elektr uskunalari va tovar-moddiy boyliklarini tashish, tizim doirasida olib borilayotgan barcha turdagi joriy va mukammal ta'mirlash ishlari, investitsion dasturlar, modernizatsiya va kapital qurilish jarayonlarida yuk tashish va ortish-tushirish, shu bilan bir qatorda, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan o‘rnatilgan karantin cheklovlari davrida soha vakillari uzluksiz ish faoliyatini olib borishlari uchun barcha hududlardagi ishchi-xodimlarini tashishda faol xizmat ko‘rsatishdi.

 

   Hisobot tariqasida aytadigan bo‘lsak, mazkur xizmat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Jamiyat faoliyatida ma'lum ma'noda ish unumdorligi oshirildi, neft mahsulotlari tejaldi, qolaversa maxsus texnikalardan ratsional foydalanish, texnika va yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, ya'ni xavfsiz yo‘lovchi va yuk tashish, xavfsiz yuk ko‘tarish ishlarini tashkil etish, shuningdek maxsus texnikalar yordamida transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirildi.

 

 

Haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiyalash jarayonidan lavhalar

 

   2020-yil 1-avgust holatiga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi korxonalarda jami 449 dona avtotransport va mexanizmlar mavjud bo‘lib, hozirgi kunda avtotransport vositalarining ishga chiqish ko‘rsatkichi 90.5%ni tashkil qilmoqda.

   O‘tgan 7 oy mobaynida texnik jihatdan nosoz, ma'nan eskirgan, ta'mirlash-sozlash ishlari iqtisodiy samara bermaydigan 4 dona avtotransport vositasi hisobdan chiqarildi.

Shuningdek, ish unumdorligini oshirish, investitsion dasturlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida 1 dona 25 tonna yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega avtokran, 1 dona yuk ko‘tarish qobiliyati 20 tonna bo‘lgan avtosamosval, 1 dona ishchi-xodimlarni tashish uchun ISUZU markali avtobus, 7 dona tezkor vazifalar uchun yengil avtomashina, shuningdek investitsion dastur doirasida 6 dona maxsus ishlarga mo‘ljallangan avtogidroko‘targichlar xarid qilindi va hozirda Jamiyat filiallari tarkibida xizmat ko‘rsatmoqda.

   2020-yil mobaynida neft mahsulotlarini iqtisod qilish rejasi hamda «O‘zbekiston MET» AJ uchun mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tuzilgan chora-tadbirlarga asosan jami 14 dona avtotransport vositalari ekologik toza va iqtisodiy samara beradigan tabiiy gaz yoqilg‘isiga qayta jihozlash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan bugungi kungacha 8 dona avtotransport vositasi gaz yoqilg‘isiga qayta jihozlandi.

 

Yuk tashish va tabiiy gaz yoqilg‘isiga qayta jihozlash

 

   Hozirgi kunda korxonalarning yuk avtomobillari orqali investitsion dastur, yuqori kuchlanishli podstansiyalar va havo liniyalarining kapital va joriy ta'miri uchun zarur moddiy tovar boyliklari buyurtmalarga asosan o‘z manziliga yetkazib berilmoqda.

   Shu bilan birga, 7 oy davomida investitsion dasturlarni hamda ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston temir yo‘llari orqali 676 ta temir-beton konstruksiyalar va temir konstruksiyali tayanch ustunlari ortilgan 56 ta vagon-turniketlarni Surxondaryo, Buxoro, Namangan, Xorazm viloyatlariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tezkor ravishda yetkazib berish ishlari amalga oshirildi.

   Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni va elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, ta'mirlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish hamda mavjud transport vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan maxsus texnikalar filiallar o‘rtasida «O‘zbekiston MET» AJ ko‘rsatmalariga asosan taqsimlanib borilmoqda.

 

   Hududlardagi mexanizatsiya guruhi ishchi-xodimlari va haydovchilari uchun qulay shart-sharoit yaratish, ish unumdorligini oshirish maqsadida Namangan va Navoiy MET mexanizatsiya guruhlari barcha qulayliklarga ega, qayta jihozlangan 2 dona konteynerlar bilan ta'minlandi.

   Respublikamizda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan o‘rnatilgan karantin tartibi davrida ham, Jamiyatimiz ish faoliyatini doimiy davom ettirib keldi. Shu munosabat bilan, «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyati va hududlardagi filiallarning ishchi-xodimlarini ish joyiga tashish bo‘yicha 125 dona har xil turdagi yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan texnikalar jalb qilinib, kuniga o‘rtacha 750 nafardan ortiq ishchi-xodim ish joylariga borish va kelishi tashkil qilindi.

 Karantin davrida yuk va operativ avtomashinalarimizning respublika hududida erkin va beto‘xtov harakatlanishini ta'minlash borasida doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Yo‘l harakati xavsizligi bosh boshkarmasi bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borildi. Shuningdek, shu kungacha barcha turdagi avtotransport vositalari haydovchilari ishga chiqishdan oldin doimiy ravishda tibbiy xodimlar tomonidan nazorat qilinib, transport vositalarida tegishli tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi.

   2020-yil bininchi yarimyilligi davrida Avtotransport va mexanizmlar xizmati xodimlari tomonidan Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari hududiy filiallari tarkibidagi avtoxo‘jaliklar faoliyati tanqidiy o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Hozirgi kunda kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

   Eski rusumdagi avtotransport vositalarini ta'mirlash va bo‘yash jarayonidan lavhalar

 

   «O‘zbekiston MET» AJning 2020-yil 17-iyuldagi 01-16/17-sonli faksogrammadagi topshirig‘iga asosan barcha filiallardagi avtotransport vositalarini tamirlash ishlari va avtomashinalarni estetik ko‘rinishi yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

   Kelgusida Avtotransport va mexanizmlar xizmati ish faoliyatini yanada samarali tashkil etish, xavfsiz va ishonchli transport xizmatlarini ko‘rsatish, barcha avtoxo‘jaliklarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

 

Nodir Azimov,

«O‘zbekiston MET» AJ Avtotransport va mexanizmlar xizmati boshlig‘i

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati

>