Yangiliklar
uza.uz: Mavsumga tayyorgarlik energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlay oladimi? (+video)
  • 06.12.2023
  • 119

Bugun tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda. Soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ham aynan shu ehtiyojni qondirishga qaratilgan choralar hisoblanadi.

Shunga qaramasdan, energetika tizimida mavjud imkoniyatlardan foydalanish tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish ham iste’molchilarga barqaror elektr energiyasini yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bunda tizimni kuz-qish mavsumiga tayyorlash har qanday muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlay oladimi? 

"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari axborot xizmati rahbarlari Ulug‘bek Urunov va Faxriddin Nuraliyevga ana shu savol bilan murojaat qildik.  

– Ulug‘bek, kuni kecha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar hamda 2023-2024 yil kuz-qish mavsumida tayyorgarlik ishlari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Demak, tizim mavsumga tayyor va barcha favqulodda holatlarni bartaraf etish uchun zaxiralar yaratilgan, shundaymi?

– Energetika tizimi, jumladan, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati uchun kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish mas’uliyatli davr hisoblanadi. Bu davrda barcha ishlar reja asosida amalga oshiriladi.

Raqamlarga ahamiyat qaratadigan bo‘lsak, 2023-2024 yil kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 309 ta kuch transformatori, 1718 ta 110-220-500 kV kuchlanishli o‘chirgich, 26 ta kompressor qurilmasi, 5983 km. uzunlikdagi 110-220-500 kV elektr uzatish havo tarmoqlari ta’mirlandi. Jamiyat filiallari tasarrufidagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish tatbiq etilmoqda. Jumladan, magistral elektr tarmoqlari filiallari 4 dona zamonaviy teplovizor qurilmasi yordamida elektr tarmoqlari va elektr qurilmalaridagi qizishlar har 2 oyda tekshiruvidan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilib borilmoqda. 

Ta’kidlash mumkinki, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatida yuqori kuchlanishli tarmoqlar, ayrim texnik holatlarni hisobga olmaganda, 2022/2023 yil kuz-qish mavsumida barqaror faoliyat yuritgani mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Kuz-qish mavsumida ham barqaror faoliyat yuritishi uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan.

– Keyingi paytda tabiiy gaz va elektr energiyasi mavzusi aholimizning doimiy e’tiboridagi mavzuga aylanib qolmoqda. Aslida, suv, uy qurilish, mahalla va boshqa tizimlarida ham yetarlicha muammo bor. Lekin shunga qaramay, tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikrlarni tez-tez o‘qiymiz. Eng qizig‘i, ta’minotdagi uzilishlar hal etilmasdan qolmaydi. Buni siz qanday izohlaysiz? 

– Tanqid har doim kerak. Ammo u asosli va etika me’yorlarini buzmagan holda bo‘lishi, murojaatlar esa huquqiy-normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ma’lum qilinishi lozim. Ammo afsuski, iste’mol madaniyati, umuman, murojaat madaniyatida biryoqlamalik holatlari ham mavjud.

– Siz bilan elektr energiyasini tejash va samaradorligini oshirish borasida bir necha bor suhbat tashkil qilgan edik. Hatto ertalab Toshkent shahrining bir necha manzilida bo‘lib, ko‘cha chiroqlarini qay vaqtda o‘chirayotganini o‘rgandik. Oradan bir yil o‘tdi. Bu masalada kuzatuvlaringiz qanday?

–2019 yildan buyon “Tongni yoritgan chiroqlar” nomli turkum maqolalar e’lon qilaman. O‘tgan yilgi tonggi kuzatuvlarda O‘zbekiston milliy axborot agentligi jurnalistlari ham hamrohlik qilgani rost. O‘zgarishlar bor... Ko‘pgina tashkilot va idoralar binosi va hovlisini yoritadigan elektr chiroqlariga yorug‘lik va harakatni ilg‘ovchi sensor qurilmalari o‘rnatilib, energiya samaradorligi va tejamkorligi yaxshi ko‘rsatkichlar tomonga siljimoqda. 

Ammo hali ham ayrim aholi xonadonlari, ayniqsa, ko‘cha yuzidagi kichik savdo shoxobchalarida ahvol deyarli o‘zgarmadi. Tuni bilan yoqib qo‘yilgan chiroqni do‘kon egalari “reklama uchun kerak” deb aytsa, xonadonlar va ko‘pqavatli binolarning zina yo‘laklarida tonggacha besamar ishlab turadigan chiroqlarni shirkat vakillari va xonadon sohiblari “xavfsizlik uchun kerak, pulini oldindan to‘lab qo‘yganimizdan keyin ishlatamizda” deya izohlashadi. Vaholanki, yorug‘lik va harakatni ilg‘ovchi sensor qurilmalari aynan xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham “sergaklik signali” bo‘lib, samarali ish tartibi birmuncha foydaliroq.

– Faxriddin, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati energetika tizimining iste’molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan bo‘g‘ini hisoblanadi. Iste’molchilarning murojaatlari deymizmi, ularning taklif va muammolarini yechish kabi muhim va mas’uliyatli vazifa ushbu tashkilot va uning tizimidagi korxonalarga yuklatilgan. Aytingchi, iste’molchilar bilan ishlash murakkab emasmi? O‘z navbatida, jamiyat va uning tizimidagi korxonalar faoliyatidan iste’molchilar qoniqayaptimi?

– Haqiqatan, bugungi kunda elektr energiyasini yetkazib berishda iste’molchilardan tushayotgan murojaatlar va e’tirozlar birinchi o‘rinda tashkilotimizga kelib tushadi. Sababi, aynan mazkur tashkilot taqsimlovchi korxona hisoblanib, iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib beradi.

Albatta, keyingi yillarda sohada juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, kabel tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ishlar shular jumlasidan. Afsuski, hali modernizatsiya qilinmagan hududlarimiz ham bor. Aynan shunday muammolar yuzaga kelsa, iste’molchilarimiz murojaat qiladi. Albatta, aholining ehtiyojini qondirish va ularni rozi qilish bugungi kunda mamlakatimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Savolingizga kelsak, hozirgi kunda fuqarolarimizni to‘liq rozi qildik, deya olmaymiz. Sababi, elektr energiyasida uzilishlar va avariyaviy holatlar mavjud.

– Keyingi paytda kuz-qish mavsumi energetiklar uchun mas’uliyatli va sinovli davrga aylanyapti. Ayniqsa, kunlarning sovib ketishi bilan ta’minotda uzilishlar kuzatiladi. Buning asosiy sabablari yuklamaning oshishi bilan bog‘liqmi yoki ishlab chiqarishda muammolar sabab bo‘ladimi?

– O‘rinli savol berdingiz. Tarmoqda yuklamalarning oshishi, bu – birinchi sabab. Ikkinchi sababi shuki, ma’lum bir hududlarda “Obod mahalla" dasturlari past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha elektr tarmoqlarida olib borilayotgan modernizatsiya jarayonlarida vaqtinchalik elektr energiyasini o‘chirishga majburmiz. Negaki, o‘sha paytda ishchi-xodimlarimiz yuqori kuchlanish ostida ishlamaydi. Mana shunday vaziyatlarda elektr energiyasi uzilishi mumkin. Yana bir holat shuki, bu – qarzdorlik. Cheklovlar olib borilayotganda ham uzilishlar kuzatiladi. 

Ayni kunlarda Toshkent shahri va hududlarda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonlarda uzilishlar va avariyaviy holatlar ham yuzaga kelmoqda. 

– Siz faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot tomonidan bu yil mavsumga ham yetarlicha taraddud ko‘rildi. Bu haqda yaqinda AOKAda o‘tkazilgan brifingda ham ma’lumot berdingiz. Lekin kuni kecha Olmazor tumanidagi “Sag‘bon” podstansiyasida muammo yuz berib, yana ta’minotda uzilishlar kuzatildi. Mazkur stansiyada bu holat birinchi marotaba emas, o‘tgan mavsumda ham muammo vujudga kelgan edi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

– “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha joylarda energetika ob’ektlarini joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda. Rejaga asosan 29,6 ming kilometr tarmoq hamda 10,2 mingta transformatorlar mukammal ta’mirlangan bo‘lsa, 6 554 kilometr tarmoq hamda 1 925 ta transformator yangilandi.

Jamiyatda Markaziy shtab hamda hududlarda viloyat, shahar va tuman shtablari tashkil etildi. Ayni paytda soha 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Hududlarda 6 300 dan ortiq xodimdan iborat 1 429 ta tuni kun faoliyat yuritadigan avariyaviy brigadalari navbatchiligi tashkil etilib, 1 340 ta maxsus avto va texnikalar biriktirilgan.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Sag‘bon” podstansiyasida muammo yuz bergan vaziyat haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda modernizatsiya ishlari olib borilayotgani sababli katta kuchlanishli transformatorni almashtiryapmiz. Mana shu jarayonda yuklama bitta transformatorga tushgani uchun avariyaviy holat vujudga keldi. 

Olmazor tumanining ba’zi hududlarida va Toshkent viloyatining Toshkent tumanida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘ldi. Tezkor brigada tomonidan ushbu holat bartaraf etildi va tarmoqqa ulandi. Shunday holatlarda ham elektr energiyasi o‘chiriladi va bu haqda axborot ham berib boramiz.

Toshkent shahridagi ta’minotda uzilishlar bevosita modernizatsiya ishlari bilan bog‘liq. Maqsadimiz esa rejadagi belgilangan ishlarni amalga oshirish orqali tizimdagi muammolarni bartaraf etish va elektr energiyasiga bo‘lgan aholining ehtiyojini barqaror ta’minlashdir.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA

 

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>