Yangiliklar
MATBUOT ANJUMANI: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 2023-yil yanvar-oktabr oylarida bajarilgan va yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar to‘g‘risida maʼlumot
  • 29.11.2023
  • 232

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning asosiy faoliyatiga elektr energiyasi transportirovkasi, davlatlararo tranzitni amalga oshirish, elektr energiyasini eksport va import qilish, elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish kabi vazifalar kiradi.

I. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 2023-yil boshidan belgilab olingan asosiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xususida

1. Elektr energiyasini uzatish (transportirovka)

2023-yil yanvar-oktabr oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 58,4 mlrd kVt•soat elektr energiyasi uzatilib, reja 101,6 foizga bajarilishi taʼminlandi. O‘sish surʼati 2022 yilning mos davriga nisbatan 112,1 foizni tashkil etadi.

2. Eksport ko‘rsatkichining bajarilishi

2023-yil yanvar-oktabr oylarida eksport ko‘rsatkichlari 70,4 mln dollar miqdorida bajarildi. Jumladan, Afg‘onistonga 62,8 mln dollar elektr energiyasi eksporti va 7,6 mln dollar miqdorida elektr energiyasining tranzit xizmatlari amalga oshirildi.

 3. Kuz-qish mavsumida magistral elektr tarmoqlari elektr qurilmalarining barqaror ishlashini taʼminlash bo‘yicha

2023–2024-yil kuz-qish mavsumida elektr qurimalarining barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida 309 ta kuch transformatori (104 foiz), 1718 ta 110–220–500 kV kuchlanishli o‘chirgich (reja 110 foiz), 26 ta kompressor qurilmasi (reja 104 foiz), 5983 km uzunlikdagi 110–220–500 kV elektr uzatish havo tarmoqlari (reja 105 foiz) ta'mirlandi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati filiallari tasarrufidagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish tatbiq etilmoqda. Jumladan, magistral elektr tarmoqlari filiallari 4 dona zamonaviy teplovizor qurilmasi yordamida elektr tarmoqlari va elektr qurilmalaridagi qizishlar har 2 oyda tekshiruvidan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilib borilmoqda.

Avgust-oktabr oylari davomida jami 236 ta qizish holatlari aniqlanib, nosozlik alomatlari to‘liq bartaraf etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston MET» AJning ekspluatatsiya ishlarini bajarish jarayonida tog‘li, uzoq, noqulay relyefli joylarda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishga va xarid qilishga ruxsati asosida zamonaviy kameralar va teplovizor qurilmasi bilan jihozlangan uchuvchisiz uchish apparatini xarid qilish jarayoni amalga oshirilmoqda.

Bugungi kungacha «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tadqiqot instituti» davlat unitar korxonasi bilan birgalikda tog‘li hududlardan o‘tuvchi 220–500 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini dronlar yordamida ko‘rikdan o‘tkazish amalga oshirilmoqda.

4. Investitsiya dasturlari ijrosi bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi PQ–459-sonli qaroriga asosan 2023-yil davomida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan qiymati 1 346,36 mln dollarga teng bo‘lgan 17 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, 2023-yil yakuni bilan 157,9 mln dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirib, 3 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 73,55 mln dollar (71,7 mln dollar rejaga nisbatan 102,6 foiz) o‘zlashtirildi.

Shundan, xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 45,9 mln dollar (44,8 mln dollar rejaga nisbatan 102,5 foiz), «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati o‘z mablag‘laridan 27,65 mln dollar (26,9 mln dollar rejaga nisbatan 102,8 foiz) miqdorida sarf-xarajatlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda 2 ta loyiha bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanib, obyektlar ishga tushirildi, jumladan:

• soha mablag‘lari ishtirokidagi «Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 500 va 220 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlariga ulash» loyihasi;

• «G‘uzor» va «Amir Temur» podstansiyalari oralig‘ida 220 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘ini qurish» loyihasi.

5. Modernizatsiya dasturi bo‘yicha

2023-yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda yangi qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha yuqori kuchlanishli 8 ta podstansiya quvvatini 1277,3 MVAga oshirish belgilangan. Shundan:

• modernizatsiya loyihasi bo‘yicha — 1152,3 MVA;

• yangi qurilish bo‘yicha — 125 MVA.

Yil boshidan jami 652,3 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvat yaratildi, jumladan: Farg‘ona viloyati «Sokin» podstansiyasida – 200 MVA, Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida – 75 MVA, Surxondaryo viloyati «Sherobod» podstansiyasida – 125 MVA, Qa shqadaryo viloyati «Qarshi» podstansiyasida – 2,3 MVA, Toshkent viloyati «Chirchiq» podstansiyasida – 125 MVA, Andijon viloyati «Saroy» podstansiyasida – 125 MVAga oshirildi.

Andijon viloyatida yangi barpo etilgan «Saroy» podstansiyasining ishga tushirilishi natijasida viloyatning Shahrixon, Baliqchi, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarida elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.

Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi energetika obyektlariga 665 ta yangi elektr qurilmalar o‘rnatildi.

6. Yangi quvvatlarni energotizimga ulash bo‘yicha

Shu bilan birga, bugungi kunda energotizimga «Sirdaryo viloyatida «Acwa Power» kompaniyasi tomonidan qurilgan issiqlik elektr stansiyasining 1500 MVt quvvatidan 500 MVt quvvati energotizimga ulanishi taʼminlandi.

7. Elektr energiyasini uzatishda yo‘qotishlarni qisqartirish  va energiya tejamkorlik bo‘yicha

2023-yil yanvar-oktabr oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 70,4 mlrd kVt•soat  elektr energiyasi oqib o‘tgan (transportirovka qilingan). Bunda magistral elektr tarmoqlaridagi texnologik yo‘qotish 1,6 mlrd kVt•soat bo‘lib, qabul qilingan energiyaga nisbatan esa 2,41 foizni (meʼyor 2,88 foiz) tashkil etib, 2022-yil shu davrga nisbatan texnologik yo‘qotish ulushi 0,10 foizga kamayishiga erishildi.

Elektr energiyasini tejash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarning bajarilishi natijasida podstansiyalardagi o‘z ehtiyojining isteʼmoli 11,2 mln kVt•soat  (rejaga nisbatan 143,9 foiz) tejalishiga erishildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida Jamiyatning barcha maʼmuriy bino va inshootlariga umumiy quvvati 590 kVt bo‘lgan quyosh panellari hamda umumiy sig‘imi 200 litrli 5 dona quyosh kollektorlari o‘rnatildi.

Joriy yilning hisobot davrida ushbu panellar yordamida o‘rtacha 871,3 ming kVt•soat  elektr energiyasi hosil qilinib, isteʼmoldan ortgan 190,3 ming kVt•soat  energiya hududiy elektr tarmoqlariga uzatilgan.

8. Magistral elektr tarmoqlarini istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha

«MRC Consultants and Transaction Advisers SL» kompaniyasi (Ispaniya) tomonidan «Magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, elektr energiyasini uzatish tizimini rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan integratsiyalashning uzoq muddatli dasturi» ishlab chiqildi.

Dastur doirasida 2030-yilga qadar O‘zbekiston energetika tizimidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 GVtga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, dastur doirasida 2023–2030-yillar davomida umumiy uzunligi 10 400 kmdan ziyodroq bo‘lgan va umumiy quvvati 37 000 MVAdan ko‘proq bo‘lgan 53 ta podstansiya qurilishi belgilangan.

II. 2023-yil yanvar-dekabr oylarida amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar

Birinchidan, magistral elektr tarmoqlari orqali 71,0 mlrd kVt•soat elektr energiyasining uzatilishi taʼminlanadi. Shuningdek, respublikamiz aholisini va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Turkmanistondan imzolangan shartnomaga asosan 4,1 mlrd kVt•soat  elektr energiyasi import qilinishi taʼminlanadi.

Ikkinchidan, investitsiya dasturini bajarish maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 157,9 mln dollar rejaga nisbatan 100,3 foizga o‘zlashtirilishi taʼminlanadi. Shuningdek, 1 ta loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetkaziladi, jumladan:

- Jahon banki kredit mablag‘lari ishtirokidagi «Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» (1-faza) loyihasi.

Uchinchidan, 2030-yilga qadar O‘zbekiston energetika tizimidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu quvvatlarning magistral elektr tarmoqlariga ulanishini soddalashtirish hamda ularga teng shart-sharoitlar yaratib berilishini kafolatlovchi magistral elektr tarmoqlari kodeksi (grid kod) Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va hozirda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida.

To‘rtinchidan, «China Gezhouba» (China Gjoba) kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida umumiy quvvati 500 MVt quyosh foto elektr stansiyasini tarmoqqa ulash maqsadida «Turon» almashlab ulash punkti 220 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmasini 3 ta yacheykaga kengaytirish va «Qorovulbozor FES» bilan «Turon» almashlab ulash punkti bog‘lovchi 33 km uzunlikdagi 220 kVli elektr uzatish tarmog‘ini qurish hamda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini tarmoqqa ulash uchun 36 km uzunlikdagi 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish va «Talimarjon IES» 220 kVli OTQni 3 ta yacheykaga kengaytirish ishlari yakunlanadi.

Beshinchidan, modernizatsiya-rekonstruksiya dasturi doirasida yana 625 MVA qo‘shimcha quvvat yaratiladi, jumladan,

• Andijon viloyati «Xakan» podstansiyasida - 125 MVA;

• Andijon viloyati «Lochin» podstansiyasida - 300 MVA;

• Qashqadaryo viloyati «Qarshi»podstansiyasida - 200 MVA.

Batafsil maʼlumotlar «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida:

‖ Veb-sahifa: https://www.uzbekistonmet.uz/

‖ Telegram: http://t.me/uzmetaxborotxizmati

‖ Facebook: https://www.facebook.com/elektrtarmoq

‖ Instagram: https://www.instagram.com/uzbekistonmet.uz

‖ Twitter: https://twitter.com/uzbekistonmet

‖ Odnoklassniki: https://ok.ru/group/61026265792660

‖ Utube: https://utube.uz/ru/users/7208

‖ Youtube https://www.youtube.com/channel/UC6cRpsasTIKnReaCXXqccdg

‖ VIDEODARSLAR VA TEST-SINOV MASHG‘ULOTLARI: https://t.me/+Pz1qHR0W8mYzNmZi

‖ Korrupsiyaga qarshi kurashish: https://t.me/+qCweNscaSEhlNGM6

Elektron pochta: info@uzbekistonmet.uz     

E-xat: uzbekiston_met@exat.uz

* MVA — megavolt•amper (to‘la quvvat)

* kV — kilovolt (kuchlanish)

* MVt — megavatt (quvvat)

* GVt— gigavatt (quvvat)

* kVt•soat — kilovatt•soat (elektr energiyasi o‘lchov birligi)

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati
 

>