OAV va jamoatchilik bilan ishlash
YURAK — MASOFA BILMAS!
  • 22.07.2020
  • 787

   Muhtaram Prezidentimiz kuni kecha mutasaddi vakillar ishtirokida yana yig‘ilish o‘tkazib, “har bir rahbarning o‘z xodimlari va aholi salomatligini saqlashdan bo‘lak muhim vazifasi yo‘q”, deya ta'kidladi. Darvoqe, sog‘liq — bu eng katta boylik. Tasavvur eting, oramizda kimningdir barcha ehtityojlariga yarasha mol-mulki serob, ammo salomatligi joyida emas.

   Xo‘sh, endi ayting-chi, mana shuncha mol-mulk betob holida uning ko‘ngliga sig‘adimi?

   Bugungi koronavirusning aniq o‘z malhami dunyo bo‘ylab topilmay turgan bir kezda... Xullas, bu haqda o‘ylashning o‘zi fojeaday tuyuladi. Ammo o‘sha inson sog‘-salomat bo‘lib, o‘zining go‘zal hayotiy rejalarini tuzib yursa, o‘sha mol-mulkning o‘zi uni yo‘qlab keladi, albatta.

   Dunyoni ko‘rib-kuzatib turibmiz, ahvol kun sayin murakkablashib boryapti. Mana shu vaziyatning o‘zi barchamizni sergak va hushyor etishi kerak.

   Dunyoda biz O‘ZBEKLAR singari bolajon xalq bo‘lmasa kerak. Har bir orzu-havasimiz farzandlar kamoli va kelajagiga tutashgan. Katta-katta to‘ylar qilishni, xursandchilik davralari tashkil etishni rejalashtirib yashaymiz hamisha. Shunday ekan, biz o‘z bolajonligimizni bugungi kun ehtiyotkorligida ham namoyon etishimiz darkor. Zero, har kech darvozani ochib, bag‘rimizga otilishga shay turgan aziz farzandlarimizga dastlab bu yo‘lda o‘rnak, NAMUNA bo‘laylik. O‘zimiz karantin talablarini qoyillatib bajarmasdan turib, ularga ming pand-u nasihat qilmaylik, ta'sir etmaydi.

   Dunyo statistikasiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, beixtiyor «xayriyat» degan so‘zlar tilingdan to‘kila boshlaydi. Taqqoslaydigan bo‘lsak ham bugungi kunlarga qadar aynan bizning mamlakatimizda yo‘qotishlar miqdori ancha kam edi.  Ming afsuski, bu son ham o‘sishda davom etyapti...

   Karantin talablariga bo‘ysunmaslikni hecham tasavvur etolmayman. Chunki bu me'yor va cheklovlar kim uchun ishlab chiqildi? Dastlab mana shu savolga har birimiz javob axtarib ko‘raylik-chi? Aynan ko‘p sonli  aholimizning karantinda qolib, o‘z uyida o‘tirishlari davlatimiz uchun naf keltiradi, deb o‘ylaysizmi?! Aksincha, barcha-barchamiz o‘z ishimizda o‘z maromida faoliyatimizni davom ettirsakkina, mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Demak, bizning har birimizning uyda qolishimiz hukumatimiz uchun ham, shaxsan Muhtaram Prezidentimiz uchun ham aslo zarur emas. Bu zaruratning ishlab chiqilishi avvalo aholi salomatligi yo‘lidagi katta qurbonlik. Mana shu so‘zlarni barchamiz birdek his qilsakkina, murod-u maqsadlarimizga yaqinlashgan bo‘lamiz.

   Bu juda katta SINOV bo‘ldi yer shari uchun, dunyomiz uchun, bani odamizot uchun! Ba'zida o‘ylab qolaman, balki bu baloning paydo bo‘lishiga insoniyatning o‘zi sababchidir, deb. Ona tabiatga xudbinlarcha o‘rnatgan munosabatlarimiz, bir-birovga bo‘lgan oqibatsizliklarimiz, bir parcha yer bahonasidagi jang-u jadallar, urush va g‘alayonlar, kimo‘zarga bellashgan holdagi isrofgarchilik holatlarimiz, umrimizning eng gulgun damlarini bo‘lar-bo‘lmas mashg‘ulotlarga sarf etib yuborganlarimiz... Bu safni yana qancha davom ettirsak tugamasligi tayin. Mening nazarimda, bugungi dunyoviy xunuk holatlarda “ey inson, ko‘zingni och, o‘zingni tani!” degan qat'iy xitob borday tuyuladi. Buni qarangki, yashab turgan yerimiz qolib, tubsiz galaktikaga ko‘z tika boshladi odamzot. Qo‘yib bersa, qudratli mamlakatlar Oyni ham o‘ziniki qilishga tayyor turibdi. Ammo hayratlanarli tomoni shundaki, ko‘z ilg‘amas mittidan mitti bir virusga yengilmoqda, bu ofatga bas kelolmay boshi qotgan...

   Karantin talablariga bo‘ysunish shart ekanligi, avvalo bu o‘z salomatligimiz yo‘lida joriy qilinganligini barchamiz yaxshi bilamiz. Buni bot-bot takrorlashning keragi yo‘q, aslida. Radioda, TVda, gazetalarda, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda ko‘p takrorlanyapti. O‘zbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidovning shunday misralari bor: “Bisyor bo‘lsa agar bol ham beqadr, takror aytilganda rangsizdir kalom...”. Shunday ekan, men birinchi galda barcha yurtdoshlarimizga sabr va qanoat tilayman. Mana, bemorlar soni keskin oshib, kasalxonalarda joylar taqchilligi yuzaga kelib boshladi. Bu balo bilan kurashayotgan bemorlarning tortayotgan jabr-u sitamlarini ham ko‘rib, eshitib turibmiz. Xo‘p, shunday ekan, yana yurtdoshlarimizga bir savolomuz so‘z aytishga o‘zimizda kuch topamiz: “Azizlar, oldimizda ikkita yo‘l bor: birisi – SABRga olib borsa, ikkinchisi – JABRga olib boradi. Harqalay, birinchi yo‘ldan qo‘ymasin hech birimizni!

   Shifokor do‘stlarim bor, bugungi vaziyatning ichida yurgan. Bilasizmi, ularni men o‘z ishiga sadoqatli o‘t o‘chiruvchilariga qiyoslayman. O‘z jonini garovga qo‘yib, oilasi, jondan shirin farzandlarini bir chetga surib, xalqimizning xizmatiga labbay deya, yonib yotgan olovning ichidan birma-bir bemorlarni olib chiqmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu ishlarning hammasi – katta QAHRAMONLIK va o‘z o‘rnida Vatanparvarlik hamdir! Yaratganning o‘zi ularning har bir ishida madadkor bo‘lsin, deymiz! Yorug‘ kunlarimizga tezroq qaytaylik, deymiz. Bu kabi ishlarga safarbavr etilgan barcha kasb egalari haqqiga duolar yo‘llaymiz!

   Bilasizmi, koronavirus balosi tufayli biroz “tarbiyalandik” ham, o‘zimizni bir o‘nglab oldik. Tozalik-ozodalikka anchayin moslashdik. Yaqinlarimizga, do‘st-u yorlarimizga bo‘lgan mehrimiz yanada oshdi, diydorini, gulgun suhbatlarini sog‘inib qoldik. Oqibat yodimizga tushdi, ehtiyojmand kishilarga himmat qo‘llarini cho‘za boshladik. Qarab turasiz, mana shu pandemiya sabab, karantindan keyingi kunlarimiz boshqacha bir fayziyoblik kasb etadi. Odamiylik kayfiyati bilan bezaladi kunlarimiz!

 

Asli Inson bilan tirikdir Inson,

yelkadosh yashamoq — umr bezagi.

Maqsadlarimizga qoldirmay imkon –

Bugun dunyo bo‘ylab ofat kezadi.

 

Birodar, siz yaxshi Insonsiz behad,

Ko‘rishgim keladi bag‘rimga bosib.

Ko‘zlar bilan kulib qo‘yasiz faqat,

Nurli yuzingizga niqobni osib.

 

Qaydan keldi o‘zi bunday kasofat?!

Zarradan zir titrar Ona Yerimiz.

Saqlashga majburmiz bugun masofa,

Qo‘llar ko‘ksimizda, tilda – derimiz.

 

Ammo bu ofatga mag‘lubiyat tan,

Ertami yo indin chekkaydir faryod.

Masofa ne, bilmas yuraklar bilan

Birlashib, baloni etgaymiz barbod!

 

Orif TO‘XTASHEV,

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati

raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

 

 

   Mana shunday kayfiyat bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Orif TO‘XTASH “O‘zbekiston-24” telekanali uchun maxsus intervyu berdi. Ushbu ko‘rsatuvni sizning hukmingizga ham havola etishni munosib ko‘rdik.

 

«O‘zbekiston MeT» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>