“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi loyihasida mamlakat jamoat transportini “elektrobus va elektromobillar” bilan yangilash taklif etilgan. Shuningdek, jamoat transportini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish nazarda tutilgan. Hujjatda elektrda harakatlanuvchi transportlarning boshqa turlari keltirilmagan.
2030-yilga borib O‘zbekistonda butun yer usti jamoat transporti parkini elektrobus va elektromobillar bilan yangilash taklif qilinmoqda. Bu haqda muhokamaga qo‘yilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi loyihasida aytilgan.
Ushbu maqsad III. “Suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish” bobi 3.2 “Atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha islohotlar” bo‘limida keltirilgan.
Shuningdek, II. “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” bobida biroz boshqacha maqsad bor: “Jamoat transportini to‘liq ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish”.
Xuddi shu bobda “shahar va tumanlarni jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish, yangi avtobuslar sonini 5 mingtaga va elektrobuslar sonini 2 mingtaga yetkazish” maqsadi bor.
Yaqinda prezident tomonidan tasdiqlangan Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirish rejasida elektrobuslarning jamoat transportidagi ulushini hozirgi 17 foizdan 50 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda 1200 ta elektrobus xarid qilish, dizel yoqilg‘isi bilan ishlaydigan avtobuslarni tabiiy gazda harakatlanuvchi transport vositalariga almashtirishni ma’lum qilgandi.
Bahorda Toshkent shahri uchun Xitoydan 700 dona siqilgan gazli avtobus va 300 dona elektrobus xarid qilinib, keltirildi. Nukus shahri va viloyatlar markazlari uchun yana 1000 ta gazda harakatlanuvchi avtobus xarid qilish rejalashtirilgan.
Samarqand shahriga 350 ta, jumladan, joriy yilda 100 ta elektrobus xarid qilinmoqda.
Strategiya loyihasida elektrda harakatlanuvchi transportining boshqa turlari — metro, tramvay yoki trolleybus haqida so‘z yuritilmagan.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/08/03/public-transport/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati