OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: “Mebelchidan “oshpaz”gacha - quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha tenderlarni kimlar yutmoqda?”
  • 03.08.2023
  • 140

Iyul oyida quyosh panellari sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq yuzlab tender savdolari o‘tkazildi. Ularning ayrimlarida boshqa sohalarga ixtisoslashgan, quyosh paneli o‘rnatish tajribasi bor-yo‘qligi noma’lum firmalar g‘olib deb topilgan. Aynan panellar borasida tajribaga ega kompaniyalar esa ulardan arzonroq narx taklif qilgan bo‘lsa-da, tenderni yuta olmagan.

Foto: KUN.UZ

Keyingi paytlarda tender savdolariga eng ko‘p qo‘yilayotgan mahsulot bu quyosh panellari hisoblanadi: ijtimoiy soha obektlariga quyosh panellari sotib olish va o‘rnatish uchun yuzlab tenderlar o‘tkazilmoqda.

Ammo ko‘plab holatlarda g‘olib deb topilgan firmalarning faoliyat turi elektr energiyasi sohasi bilan bog‘liq emas. Bu milliardlab so‘mlik quyosh panellarining o‘rnatilish sifati va kafolatini shubha ostiga qo‘yadi.

Kun.uz iyul oyida o‘tkazilgan, qiymati 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan quyosh panellari bilan bog‘liq shubhali tenderlarga e’tibor qaratdi.

1-holat: Bojxona instituti

Bojxona instituti 23 iyun kuni institut hududidagi binolarga quvvati 300 kW'dan kam bo‘lmagan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha 3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan tender e’lon qilgan. 14 iyul kuni o‘tkazilgan tenderda 2 mlrd 520 mln so‘mlik taklif bilan “Good Food Catering” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan shartnoma imzolangan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, 2019 yilda tashkil etilgan “Good Food Catering” MChJ ovqatlanishni tashkil qilishning boshqa turlari bilan shug‘ullanadi. Ya’ni uning faoliyat turi energetika sohasi bilan aloqador emas.

“Good Food Catering” MChJ quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha tajribaga ham ega bo‘lmasligi mumkin – korxona o‘tgan bir yil davomida biror marta quyosh panellari o‘rnatib berish bilan bog‘liq bo‘lgan tenderlarni qo‘lga kiritmagan.

Bojxona instituti boshlig‘i v.v.b. Rustam Habibov raisligida o‘tgan tenderda 20dan ortiq firma qatnashgan. Ularning ayrimlari ayni shu – quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanib kelayotgan firmalar.

2-holat: FVV viloyat boshqarmalari

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Xorazm va Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamda YoQQlar uchun jami 300 kW quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha 3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan tender e’lon qilgan. Tenderda 2,94 mlrd so‘mlik taklif bilan “Get-Green Energy Trade” MChJ g‘olib deb topilgan.

Ixtisoslashmagan ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan mazkur MChJ ta’sischisi – Abdulahad Ahmadjonov.

“Get-Green Energy Trade” MChJ 4 oy oldin tashkil etilgan. Bugungi kungacha, etender.uzex.uz platformasidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, na quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bilan bog‘liq va na o‘z faoliyatiga doir tenderlarda ishtirok etmagan. Tanlov komissiyasi qariyb 3 mlrd so‘mlik loyihani unga “sovg‘a” qilishgan go‘yo. Sababi, bu tenderda g‘olib MChJga aynan energetika sohasida yetarli tajribaga ega bo‘lgan firmalar raqiblik qilgan.

Jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha bir nechta loyihalarni amalga oshirgan “Modern Rower systems” MChJ g‘olibdan qariyb 700 mln arzon narx taklif qilgan holda tenderni yutolmagan. Yoki faoliyat turi elektrotexnik va montaj ishlari bo‘lgan “Energiya stroy” MChJ 2 mlrd 352 mln so‘mlik taklifi bilan ortda qolib ketgan.

3-holat: Chegara bojxona posti

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona postiga 120 kW quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatish bo‘yicha 1 mlrd 320 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tender o‘tkazgan. Unda 1 mlrd 58 mln so‘mlik taklif bilan O‘zbekiston nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston bo‘limining “Aqua-big” unitar korxonasi g‘olib bo‘lgan.

Mazkur korxona mebellar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

2022 yilning mart oyida tashkil etilgan korxona bugungi kungacha quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirgani haqida ochiq manbalarda ma’lumotlar mavjud emas.

4-holat: Kasalxona

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi 100 kW quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatish bo‘yicha 1,2 mlrd boshlang‘ich narx bilan tender e’lon qilgan. Tenderda “Industry Invest Group” MChJ g‘olib bo‘lgan va u bilan 1 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan.

2022 yilning dekabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mazkur MChJ qurilish loyihalari ishlab chiqarish faoliyat turi bilan shug‘ullanadi.

Yuqoridagi holatlar kabi “Industry Invest Group” MChJ ham oldin quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq tenderlarni qo‘lga kiritgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

5-holat: Maktab

Olmaliq shahridagi 80-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internati 50 kW quvvatga ega quyosh paneli sotib olish va o‘rnatish uchun 614 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan tender o‘tkazgan. Ushbu tenderni 600 mln so‘mlik taklif bilan “Husniyahon plus” MChJ yutgan.

Mazkur MChJ turar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi.

Bu loyiha “Husniyahon plus” MChJning quyosh panellari o‘rnatish borasidagi ilk ishi bo‘lishi mumkin: etender.uzex.uz platformasida MChJ oldin energetika sohasiga oid loyihalarni yutib olgani va amalga oshirgani haqida ma’lumot yo‘q.

Bu tenderda ham g‘olib MChJga quyosh panellari o‘rnatishda tajribaga ega bo‘lan firmalar raqiblik qilgan. E’tiborlisi, ular g‘olibnikiga qaraganda ancha kam summa taklif etishgan. Tanlov komissiyasi esa negadir bunga ko‘z yumgan.

Masalan, quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq ko‘plab loyihalarni amalga oshirgan “All Solar” MChJ g‘olibdan qariyb 130 mln so‘m kam narx taklif qilgan holda tenderni yutolmagan. Faoliyat turi elektrotexnik va montaj ishlari bo‘lgan, oldin ham shu kabi tenderlarni yutib, sohada yetarlicha tajriba to‘plagan “Dream Energy AA” MChJ ham 436,8 mln so‘mlik taklif bilan mag‘lublar qatoridan joy olgan.

Yana bir jihati, biz yuqorida sanab o‘tgan holatlarning ayrimlarida tender bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash mezonlari qatorida korxonaning ayni shu xizmat bo‘yicha tajribasi hamda malakali xodimlari bor-yo‘qligi asosiy mezonlar sifatida keltirilgan.

Bu holatlar iyul oyida o‘tkazilgan quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq milliardlab so‘mlik yuzlab tenderlardan ayrimlari xolos. Bunday tenderlar ko‘p o‘tmay quyosh panellarining o‘rnatilish sifati borasida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Gap davlat budjetining katta mablag‘lari haqida borar ekan, har bir ishni o‘z mutaxassisi qilgani, maqolda aytilganiday chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ygani ma’qul.

Oldinroq Energetika vazirligi quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha qariyb 2 trln so‘mlik tender e’lon qilgan va unda 2 ta kompaniya g‘olib deb topilgan edi. Ko‘p o‘tmay vazirlik tender natijalarini bekor qilgandi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz

Manba: https://kun.uz/uz/news/2023/08/02/mebelchidan-oshpazgacha-quyosh-panellari-ornatish-boyicha-tenderlarni-kimlar-yutmoqda

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>