Bugun "Hududiy elektr tarmoqlari" Samarqand hududiy filiali | Rasmiy kanali’da “«Svet» yo‘q! Kim aybdor?” nomli maqola e'lon qilindi.
Korxona Axborot xizmatining rahbari sifatida bayonot bergan Karimberdi To‘ramurod: «Hududiy elektr tarmoqlari» (HET) elektr tokini «Milliy elektr tarmoqlari» (MET)dan oladi. MET bersa, oladi! Bermasa, yo‘q!»ligi, «tumanlarning «sveti»ni uzib qo‘yishni dispetcherlik xizmati MET orqali amalga oshirishayotgani», «despetcherlik xizmati va MET xodimlarining bir sutkada 24 soat ko‘tarishi va javob berishi shart bo‘lgan telefon raqamlari va ular javob berishmasa, qarg‘ish va so‘kishlaringiz uchun manzilni» aytganini bildirgan.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati maqolaga yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning dispetcherlarga tarmoqqa cheklov kiritish yoki hududlardagi elektr tarmoqlarini o‘chirib-yoqish to‘g‘risida topshiriq berish vakolati yo‘q, aksincha, magistral hamda hududiy elektr tarmoqlari, shuningdek, "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ, "O‘zbekgidroenergo" AJ va boshqa davlat-xususiy sherikligi asosida ishlaydigan korxona dispetcherlari ham Energetika vazirligi huzurida faoliyat yuritayotgan “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi dispetcherlari topshiriqlarini bajarishga mas'ul hisoblanadi.
⇒ Ma'lumot o‘rnida: Elektr energetika tizimida ma'lum sabablarga ko‘ra elektr energiyasi taqchilligi bo‘lsa (nosozliklar sabab, ishlab chiqarish jarayoniga yoqilg‘i yetmasligi sabab yoki boshqa sabablar) Milliy dispetcherlik markazi tomonidan rejimni saqlash, ya'ni avariya rejimini bartaraf etish maqsadida barcha energetika tizimi tashkilotlari dispetcherlariga elektr ta'minotiga zarur miqdorlarda cheklovlar kiritish, yoki aksincha, generatsiya quvvatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilishi O‘zbekiston Respublikasi «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi Qonunining (Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 24-iyunda qabul qilingan, Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda ma'qullangan) 23-moddasiga asoslanib amalga oshiriladi.
⚡️ «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ rahbariyati "Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbariyatiga energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘i ish faoliyatini yaxshi tushunmagan holda maqola yozish va iste'molchilarga noto‘g‘ri axborot taqdim etmaslikka chaqiradi.
Layoqatsizlik va mas'uliyatsizlik bilan yozilgan axborot iste'molchilar o‘rtasida tushunmovchiliklar keltirib chiqarmasligi uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbariyati elektr ta'minoti tizimida ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasida muvozanat saqlash lozimligi, energetika tizimi barqarorligini saqlash va yirik avariyalar, kaskadli o‘chishlar oldini olish uchun keskin choralar ko‘rilishi zaruriyati borligi, shu bilan birga, taqsimlovchi tarmoqlarni o‘z vaqtida to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish va Milliy dispetcherlik markazining rejimni saqlash bilan bog‘lik tezkor topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarish — iste'molchilar oldidagi asosiy vazifani sifatli bajarish uchun birinchi omili ekanini jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishidagi xodimlariga tushuntirib berishi lozim.
‖ Veb-sahifa ‖ Facebook ‖ Instagram ‖ Twitter ‖ Utube ‖ Youtube
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati