Yangiliklar
ONLINE REJIMIDAGI O‘QUV MASHG‘ULOTLARI: «ELEKTR USKUNALARI EKSPLUATATSIYASI»
  • 21.06.2020
  • 863

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ma'muriyatining qaroriga muvofiq haftaning shanba kunlarida online rejimidagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish belgilangan edi. Mashg‘ulot darslaridan ko‘zlangan maqsad aniq — magistral elektr tarmoqlari filiallarida mehnat faoliyati olib borayotgan ma'muriy-texnik xodimlarining nazariy hamda amaliy bilimlarini oshirishdan iborat.

   2020-yil 20-iyun kuni videomuloqot shaklidagi dastlabki o‘quv mashg‘ulotlari «Elektr uskunalari ekspluatatsiyasi» mavzusida o‘tkazilib, unda «O‘zbekiston MET» AJ Elektr tarmoqlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Sh.S.Kulibayev ma'ruza o‘qidi. O‘quv mashg‘ulotlarining birinchi darsida Farg‘ona vodiysida joylashgan magistral elektr tarmoqlari filiallari ma'muriy texnik xodimlari ishtirok etishdi.

   Shuni alohida ta'kidlash joizki, besh kunlik ish tartibida ishlaydigan Jamiyat xodimlari dam olish kunining ilk soatlarini o‘z bilim-tajribalarini oshirishga bag‘ishlashdi. Masofaviy ta'lim jarayoniga, shuningdek, podstansiyalarda navbatchi ish tartibida xizmat vazifasini olib borayotgan ayrim mutaxassislar ham qo‘shilishdi.

   Boshqarma boshlig‘i Sh.S.Kulibayevning ma'ruzasidan so‘ng ishtirokchilar o‘rtasida interfaol usulda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ma'ruzachi xizmat safarida o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan va fotofakt sifatida suratga olgan ayrim texnik-muhandislik jarayonlarini aks ettiruvchi holatlarni ko‘rsatib, mashg‘ulot ishtirokchilarini qizg‘in tanqidiy-tahliliy muhokamalarga chorladi.

   Eslatib o‘tamiz, magistral elektr tarmoqlari filiallarida xizmat qilayotgan ma'muriy-texnik xodimlarining nazariy hamda amaliy bilimlarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari — Jamiyat bosh muhandisi X.B.Elmurodov ishtiroki va nazoratida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning ilmiy-texnik jarayoni Elektr energiyasini texnologik sarflarini tahlil bo‘limi boshlig‘i S.L.Eshonqulov tomonidan qayd etib boriladi.

   Online rejimidagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish «Energo-IT» filiali navbatchi mutaxassislari tomonidan ta'minlanadi.

   Navbatdagi dars 2020-yil 27-iyun kuni soat 9:00 da «Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi» mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati boshlig‘i Z.Atayev o‘quv mashg‘uloti o‘tkazadi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>