Jurabek Mirzamaxmudov. Foto: energyintel.com
O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda va parallel ravishda kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganmoqda. “AES qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir. Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
O‘zbekiston AES qurilishini kun tartibidan olib tashlamaydi, shu bilan birga, kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganadi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Energy Intelligence nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan AES qurish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda, biroq ish kutilganidan biroz sekinroq ketmoqda.
“Bu masalada hech qanday harakat yo‘q, deb aytmagan bo‘lardim. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida atom energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv doirasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Ehtimol, ish biz kutgandan biroz sekinroq ketmoqda, chunki biz barcha jihatlarni ko‘rib chiqmoqdamiz, har bir tafsilotni kelishib olamiz va tekshiramiz, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf qilamiz. Bunga parallel ravishda hozir juda mashhur bo‘lib borayotgan kichik modulli reaktorlar sohasidagi so‘nggi yutuqlarni ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi u.
Vazir AES qurish davlat uchun ham moliyaviy, ham boshqa nuqtai nazardan juda jiddiy majburiyat ekanini ta’kidladi.
“Shu bois mavjud energiya taqchilligini bartaraf etish maqsadida hozirda biz birinchi navbatda qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadal rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Biroq AES qurish masalasini kun tartibidan olib tashlamayapmiz — texnologiyalarni o‘rganyapmiz, kadrlar tayyorlayapmiz, hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Bunda har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi u.
Kichik modulli reaktor — nisbatan kichik zamonaviy yadro reaktori bo‘lib, uni zavodda qurish, so‘ngra har qanday tayyorlangan maydonda tashish va ishga tushirish, shuningdek, ko‘mir bilan ishlaydigan qozonlarni ishlab chiqaradigan issiqlik stansiyalarining allaqachon mavjud infratuzilmasiga o‘rnatish mumkin. Kichik reaktorlar — yirik klassik reaktorlardan farqli o‘laroq — ancha xavfsizroq, masalan, atom elektr stansiyalari atrofida evakuatsiya zonasini yaratish kabi qat’iy xavfsizlik choralarini talab qilmaydi.
O‘zbekistonda AES
O‘zbekistonda 2019−2029-yillarda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, atom elektr stansiyalari qurilishini boshlash 2022-yilga mo‘ljallangan. Stansiya O‘zbekiston davlat budjeti va Rossiya davlat krediti hisobidan quriladi.
Loyiha Jizzax viloyatida quvvati 1,2 GVt/soat bo‘lgan VVER-1200 tipidagi bosimli suv reaktorlariga ega atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Uni qurishda Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi ishtirok etadi.
“O‘zatom” bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov 2028-yil dekabr oyida stansiyaning birinchi energoblokini, 2030-yil iyun oyida ikkinchi blokni ishga tushirish rejalashtirilganini ta’kidlagandi.
2019-yil oktabr oyida “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya 2019-yil oxirigacha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha asosiy shartnomani imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Biroq hozircha hujjat imzolangani haqida xabarlar kelib tushmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 19-noyabrdagi Rossiyaga bir kunlik tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy va biologik xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan.
2021-yil noyabr oyi boshida Tashqi ishlar vazirligining o‘sha paytdagi rahbari Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilayotganini aytgandi. “Biz nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarda ham jamoatchilikning bu masalaga munosabatini o‘rganamiz”, — degandi u.
2022-yilning yozida energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish narxini pasaytirish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergandi. Agar stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining narxi boshqa manbalar bilan raqobatbardosh bo‘lmasa, loyiha amalga oshiriladimi yoki yo‘q, degan xulosa “o‘z-o‘zidan aniq” bo‘ladi, degan edi u.
Mushtariy O.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati