OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining barqaror faoliyati uchun qanday ishlar amalga oshirildi?
  • 23.05.2023
  • 306

Joriy yilning 11-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ahvoli, yoz mavsumida energotizimning barqaror ishlashini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda yoz oylarining issiq kunlarida elektr energiyasiga bo‘lgan kunlik ehtiyoj qariyb 20–25 foizga oshishi, har bir hudud va tarmoq kesimida energiya tanqisligini ortig‘i bilan qoplash, elektr tarmoqlarining yuqori yuklama sharoitida uzluksiz ishlashini ta’minlash, tarmoq va hududlarda energiyani tejash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘z balansidagi 220–500 kVt kuchlanishli elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, o‘z tarmoq yo‘nalishida loyihalashtirish, qurilish-montaj, elektr energiyasi importi va eksporti, bundan tashqari, elektr energiyasi davlatlararo tranziti hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan elektr energetika sohasida hamkorlik masalalarini amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi. Aksiyadorlik jamiyati balansidagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoq va podstansiyalarida mavjud elektr jihoz hamda uskunalarining 2023-yil yoz mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari haqidagi hisobot matni e’lon qilindi.  

Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining barqaror faoliyati uchun 2023-yilda 8 dona kuch transformatori, 36 dona o‘chirgich, 3 dona havo kompressori va uzunligi 830,68 km bo‘lgan 110–220–500 kVt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini mukammal ta’mirlash, jumladan, 289 dona podstansiya transformatori, 1532 dona o‘chirgich, 22 dona havo kompressori va uzunligi 4958,751 km bo‘lgan 110–220–500 kVt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. 2023-yil 1-may holati ko‘ra, 4 dona kuch transformatori, 11 dona o‘chirgich va uzunligi 460,42 km bo‘lgan 110–220–500 kVtli elektr uzatish havo liniyalari mukammal, 148 dona podstansiya transformatori, 713 dona o‘chirgich, 16 dona havo kompressorlari va uzunligi 2100,2 km bo‘lgan 110–220–500 kVtli elektr uzatish havo liniyalari joriy ta’mirlangan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mavsumga tayyorgarlik jarayonida turli himoya vositalari, ehtiyot qism hamda uskuna-jihozlar zaxirasini yaratish, maxsus avtotransport vositalarining holatini tekshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yoz mavsumiga tayyorgarlik jarayonida 60 tonna transformator moyi xarid qilingan. Bundan tashqari, kuch transformatori, texnik plastina, kabel mahsulotlari, temir-beton tayanchlar, metall tayanchlar, sim-arqonlar hamda izolyator kabi ehtiyot qismlaridan avariyaviy zaxira yaratilgan. Favqulodda holat sodir bo‘lganda zudlik bilan avariyaning oldini olish maqsadida 65 ta brigada tashkil etilgan bo‘lib, brigadalar maxsus avtotransport vositalari, zarur ehtiyot qismlar va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida 15 mingdan ortiq izolyatorlar almashtirildi, hozirda ekspluatatsiya qilinayotgan 238 ta kuch transformatorlari hamda 2343 dona 6–10–35–110–220 hamda 500 kVt kuchlanishli o‘chirgichlar davriy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shuningdek, transformatorlar sovutish tizimining texnik holati, moyli qurilmalarning moy sathi me’yorga keltirilgan. Shu bilan birga, 159 dona 10–35–110–220–500 kVtli reaktorlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, elektr uzatish havo tarmoqlarining ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 550 dona qushlar qo‘nishiga qarshi moslama hamda 8082 dona izolyatorlar o‘rnatilgan.

Yil yakuniga qadar “Modernizatsiya” loyihasiga asosan 8 ta podstansiyada jami 1200 MVt quvvat oshirilishi hamda Andijon viloyatida 1 ta 220 kVt podstansiya qurilib, qo‘shimcha 125 MVt quvvat yaratilishi rejalashtirilgan.  

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil 12-may kuni respublikamizda energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash hamda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ va «Barki Tochik» kompaniyasi o‘rtasida joriy yilning may-sentyabr oylari uchun shartnoma imzolangan va mavsumiy reja hajmi imzolangan va mavsumiy reja hajmi 1 285,0 mln. kVt/soat ekanligi ma’lum qilingan. Ayni paytda import amaliyoti ikkita 220 kVtli yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali amalga oshirilmoqda. Shartnomaga asosan yoz oylarida elektr energiyasi va suv resurslariga ehtiyoj ortadigan davr uchun import hajmlarini 500 kVtli tarmoqlar orqali ko‘paytirish ham nazarda tutilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>