OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — 7 ta tuman va 2 ta shahar hokimlariga hayfsan berildi
  • 11.05.2023
  • 168

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ahvoli, yoz mavsumida energotizimning barqaror ishlashini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Prezident tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obektlarda kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi. 

Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada.

Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bag‘dod, Furqat, Termiz, Oltinko‘lda ishlar ahvoli qoniqarli emas.

Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emas. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan.

Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq  tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, ikki oyda o‘zgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi. 

Ayrim hokimlar oson yo‘lni tanlab, qo‘yilgan vazifani tayyor budjet mablag‘lari hisobidan bajarishga o‘rganib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

Manba: https://kun.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>