OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: Siemens O‘zbekistonda ikkita IES quradi
  • 04.05.2023
  • 225

Germaniyaning Siemens kompaniyasi bilan hamkorlikda Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida issiqlik elektr stansiyalari qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kun.uz muxbirining Berlindan xabar berishicha, bu haqda 2-may kuni Germaniya–O‘zbekiston biznes forumida ma’lum qilingan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kelishuvning ayrim tafsilotlarini ma’lum qildi.

“Siemens kompaniyasi birinchi marta nafaqat uskuna yetkazib beruvchi, balki investor sifatida ham ishtirok etyapti. Bu kompaniya bilan Surxondaryoda yangi IES qurish, Navoiyda tashkil etilayotgan kimyo klasteri doirasidagi IESni qurish hamda 1000 MW gacha quvvatdagi shamol va quyosh energetikasi bo‘yicha stansiyalar qurishga kelishib oldik.

 

Bu, albatta, birdaniga bo‘lmaydi. Masalan, Surxondaryodagi IES qurilishi bu yil boshlansa, 2026-yilda ishga tushadi. 2023-yil bo‘yicha esa Siemens'da mavjud bo‘lgan turbinalarning shartnomasini imzoladik. Bu turbinalar Buxoro va Muborakdagi issiqlik markazlariga o‘rnatiladi. Bu turbinalarni joriy yilda yetkazib, montaj qilib, dekabr oyigacha ishga tushirishga kelishib oldik. Ya’ni 150-160 MW yangi quvvatni ishga tushirilishi rejalashtirilgan”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov Berlinda bo‘lib o‘tgan biznes forum doirasida bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, 2-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Germaniyaning “Infineon Technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda mikrochiplar ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Manba: https://kun.uz/uz/09402046

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>