O‘zbekistonda 2024-yil yakuniga qadar “Gidroenergetika sohasini raqamli transformatsiya qilish” loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident Qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, gidroelektrstansiya va suv omborlari yagona himoyalangan korporativ tarmoqqa birlashtiriladi.
Suv omborlarining nazorat-o‘lchov qurilmalarini avtomatlashtirish hamda ulardagi ma’lumotlarni olish, saqlash, qayta ishlash va tahlil qilish tizimi joriy etiladi. Suv omborlariga keladigan suv hajmi prognozining aniqlik darajasini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiya va dasturiy ta’minotlar o‘rnatiladi.
Shuningdek, gidroelektrstansiyalar va suv omborlaridagi dispetcherlik punktlarida vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borish va baholash tizimini joriy etiladi.
Bundan tashqari, gidroelektrstansiyalar va suv omborlarining xavfsiz faoliyatini ta’minlash va gidrotexnik inshootlarning holatini onlayn monitoring qilib borishga qaratilgan Vaziyatlarni monitoring va tahlil qilish markazi tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 8-iyunida barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish orqali xavfsizligini oshirish, gidromexanik uskunalar va o‘lchov qurilmalarini yangilab, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Davlat rahbari 19-yanvar kuni energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham suv omborlari boshqaruvini raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratgandi.
Manba: https://daryo.uz/2023/04/04/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati