OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ОАV: "IFC O‘zbekistonga Sirdaryoda quvvati 1,6 GVt bo‘lgan IES qurishda yordam beradi"
  • 24.03.2023
  • 186

Xalqaro moliya korporatsiyasi Sirdaryoda 1580 MVtli IESni qurish uchun 150 mln dollar ajratdi va 1 mlrd dollardan ortiq xususiy moliyalashtirishni jalb qildi. Stansiya gazda ishlaydi va butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 17 foizini qondirishi kutilmoqda.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) 150 million dollarlik moliyalashtirish paketini taqdim etmoqda va O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun 1 milliard dollardan ortiq xususiy moliyalashtirishni jalb qilishga yordam ko‘rsatdi. Bu haqda korporatsiya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«O‘zbekiston hukumatining tranzaksiya masalalarida yetakchi maslahatchisi sifatida IFC shaffof, raqobatbardosh xalqaro tender orqali ushbu loyiha yuzasidan davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) shakllantirishga yordam berdi — bu mamlakatda issiqlik elektr stansiyasi bo‘yicha birinchisi bo‘ldi», — deyiladi hisobotda.

IFC, shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya eksport sug‘urta agentligi tomonidan loyiha uchun 655 million dollarni birgalikda moliyalashtirdi.

1580 MVt quvvatga ega stansiya 3 milliondan ortiq aholini raqobatbardosh elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u qurib bitkazilgandan so‘ng talabning 17 foizini qondiradi va umumiy quvvatning 9,5 foizini tashkil qiladi. Tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi O‘zbekiston «Milliy elektr tarmoqlari»ga yetkazib beriladi.

Stansiya Electricité De France (Fransiya), Nebras Power (Qatar), Sojitz Corporation va Kyuden International (Yaponiya) o‘z ichiga olgan konsorsium tomonidan ishga tushiriladi.

Hisobotda aytilishicha, yangi bug‘-gazli elektr stansiyasi eski zavodlarga qaraganda deyarli ikki baravar samarali bo‘lishi kutilmoqda (60% dan ortiq samaradorlik darajasi bilan), bu tabiiy gazdan samaraliroq foydalanish va CO2 chiqindilarini kamaytirish, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalashga yordam beradi.

Shuningdek, yiliga 2,8 million tonnagacha issiqxona gazlari chiqindilarining oldini oladi. Bu 2050-yilgacha dekarbonizatsiya strategiyasiga va O‘zbekistonning Parij kelishuviga qo‘shadigan milliy hissasiga mos keladi.

«Ekologik toza energiyaga o‘tishni tezlashtirish uchun bizga qayta tiklanadigan energiya quvvatlarini muvozanatlash va oshirish orqali energiya tizimimizni optimallashtirishga yordam beradigan zamonaviy, samarali va moslashuvchan elektr stansiyalari kerak. „Sirdaryo-2“ stansiyasi ishonchli va tejamkor elektr energiyasi manbai bo‘lib, SO2 chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi», — dedi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.

«Samarali, ishonchli va hamyonbop elektr ta’minoti har qanday mamlakat rivojlanishining zaruriy shartidir. Ushbu loyiha O‘zbekiston energetika sektorining barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirish, elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni iqtisodiy va samarali qondirishga hissa qo‘shish uchun xususiy sektor kapitali va tajribasini birlashtiradi», — dedi IFCning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer.

 

Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/03/24/power-plant/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>