Joriy yilning 14-mart kuni Hindiston raisligida SHHTga aʼzo davlatlar Energetika vazirlarining uchinchi yig‘ilishi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Hindiston Neft va tabiiy gaz vaziri Hardip Singx Puri, O‘zbekiston Energetika vaziri J. Mirzamahmudov, Qozog‘iston Energetika vaziri B.Akchulakov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Energetika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jen Szindun, Qirg‘iz Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari M. Jakipov, Pokiston Energetika vaziri Xurram Dastgir-Xan, Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri N. Shulginov, Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri Juma Daler va SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Xan Sohail ishtirok etdi.
Uchrashuv Xаn Sohailning kirish so‘zida SHHTga aʼzo davlatlar tarkibiga energiya resurslarining eksport va import qiluvchi, shuningdek ishlab chiqaruvchi davlatlar ham kirib, mintaqa energetika vazirlari yig‘ilishi energetika sohasidagi zamonaviy muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha fikr almashish va harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim maydonga aylanganini taʼkidladi.
Uchrashuvda Samarqand shahrida 2022-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, xususan, toza energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning ahamiyati va o‘z vaqtida amalga oshirilishi alohida taʼkidlandi. Mintaqada energiya resurslari savdosini taʼminlash va energiya xavfsizligiga erishish uchun tegishli infratuzilmani va toza energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqishni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Yildan-yilga barcha mamlakatlarda energiya isteʼmoli o‘sib bormoqda. Uchrashuvda yoqilg‘i va energiya xavfsizligi bo‘yicha fikrlar almashildi. Pandemiya va baʼzi mintaqaviy voqealarga qaramay, butun dunyo iqtisodiyoti o‘sib bormoqda. Yig‘ilish doirasida energetika sohasidagi barcha qarorlardan kelib chiqib, mamlakatlarning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishini hisobga olgan holda barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov Global va mintaqaviy energiya bo‘yicha kun tartibidagi o‘zgarishlarning holati va istiqbollari haqida o‘z takliflarini bildirdi. SHHT barcha sohalarda, shu jumladan energiya xavfsizligini taʼminlashda global va mintaqaviy masalalarni tahlil qilish va hal etishga qaratilgan hamkorlikning eng muhim platformalaridan biri ekanligi va O‘zbekistonda energetika sohasida amalga oshirilgan ishlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va sohadagi boshqa yangiliklar borasida nutq so‘zladi.
Yig‘ilishda vazirlar SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida yangi yoqilg‘i turlari va energetika sohasida modellashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni maʼqulladilar.
2024-yilda Qozog‘iston Respublikasida navbatdagi Energetika vazirlari yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2669
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati