Avval xabar berganimizdek, bugun — 2020-yil 7-may kuni «O‘zbekiston MET» AJning ko‘psonli jamoasi nomidan «Sardoba» suv ombori toshqinidan zarar ko‘rgan, ayni paytda esa Sardoba tumaniga yondosh hududlardagi vaqtinchalik yashash joylarida istiqomat qilayotgan aholiga yordam ko‘rsatish maqsadida yuborilgan xayriya aksiyasining karvoni yo‘lga tushgani haqida ma'lumot bergan edik.
Energetiklarning maxsus jihozlangan ikkita yuk va bitta yengil avtomobillardan iborat xayriya karvoni dastlab Sayxunobod tumanidagi kasb-hunar kollejiga evakuatsiya qilingan sardobaliklar huzuriga yetib bordi. Xayriya karvonini texnogen ofat jabrdiydalari va mahalliy hokimiyat vakillari kutib olishdi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyatining topshirig‘iga binoan 2-3-may kunlari vakillarimiz evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashib, ular uchun birinchi navbatda zarur narsalar haqida yetarli ma'lumotlar to‘plab kelishgan edi. Mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida shakllantirilgan ro‘yxatga asosan 60,0 mln. so‘mlik (20 turdagi, jami 3400 dona yaqin birinchi navbatda zarur mahsulotlar) xo‘jalik mollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shaklar energetiklar nomidan topshirildi.
Xayriya aksiyasining ikkinchi manzili Yangier shahri bo‘ldi. «O‘zbekiston MET» AJning tomonidan yuborilgan xayriya karvoni Yangier shahri hokimiyati vakillari tomonidan kutib olinib, xayriya mahsulotlari omborxonasida tegishli tartibda qabul qilindi. Energetiklarning xayriya in'omlari mahalliy vakillar tomonidan zururiyatga qarab shakllantirilgan ro‘yxat texnogen ofatdan aziyat chekkan va ayni paytda Yangier shahridagi ma'muriy binolarda vaqtincha yashayotgan aholiga tarqatildi.
Ma'lumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining xayriya aksiyalari yana davom ettiriladi. Jamiyat a'zolarining aksariyati o‘z arizalariga ko‘ra Sirdaryo viloyati hokimligining «Sardoba» suv ombori talafotlari xarajatlarini qoplash uchun ochilgan maxsus hisob raqamiga bir kunlik ish haqini o‘tkazmoqdalar. Bundan oldinroq “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga tashkilotimiz a'zolarining arizalariga ko‘ra 197,61 mln so‘m pul mablag‘lari o‘tkazib berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan hududiy elektr korxonalariga transportirovka qilish, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi. Jamiyatning ko‘psonli jamoasi sirdaryoliklar bilan hamjihatlikda el boshiga tushgan sinov davrlarini yengishda kamarbasta ekanliklarini bildirmoqdalar.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati