Yangiliklar
«NAMANGAN MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI: YOZGI MAVSUMGA TAYYORGARLIK ISHLARI BOSHLAB YUBORILDI
  • 29.04.2020
  • 705

   Avval xabar berganimizdek, joriy yil 27–28-aprel kunlari ob-havoning keskin o‘zgarishi va Turkmaniston hududidan kuchli shamol oqimining kirib kelishi natijasida mamlakatimizning bir nechta viloyatlaridagi elektr ta'minotida uzilishlar kuzatildi. Ayni paytda iste'molchilarning katta qismiga tarmoqqa ulanib, tabiiy ofat talafotlari bartaraf etilmoqda.

  Ko‘pchilikka ma'lumki, elektr energiyasi ta'minoti tizimida bir nechta mavsumiy tayyorgarliklar belgilangan texnik-muhandislik jadvallariga asosida amalga oshiriladi. Shartli nomlar bilan ataladigan: «qishki qahraton», «bahorgi chamoqli», «yozgi jazirama» va «kuz-qish» kabi mavsumiy profilaktika tadbirlari elektr energiyasi iste'molining keskin ravishda oshish davri hamda tabiiy iqlim sharoiti o‘zgarishi bilan chambarchas bog‘liq.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ma'muriyatining topshirig‘iga binoan bahorgi iqlim o‘zgarishiga (chamoq va shamollar mavsumiga) tayyorgarlik ishlari bahorning ilk kunlaridayoq boshlab yuborilgan edi.

  Xususan, Namangan viloyati aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli va ishonchli elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida Jamiyat tasarrufidagi «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali va uning tarkibidagi bir nechta yuqori kuchlanishli podstansiyalarda bir qator ishlar olib borildi. Jumladan, asosiy obyektlarni tashqi elektr ta'minoti mustahkamligini oshirishga xizmat qiladigan 220 kVli podstansiyalarning elektr uskunalari hamda 220–500 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazildi.

  Ayni kunlarda respublikamizda e'lon qilingan karantin muddatining yakuni (taxminan) mamlakatimizda issiq ob-havo iqlimi hukmron bo‘lgan paytga to‘g‘ri kelishi ehtimoldan xoli emas. Yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish obyektlari ishga tushib, yuqori haroratli ob-havo sharoitida aholining iste'moli birmuncha oshishi mumkinligini inobatga olib, ayni paytda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi barcha podstansiyalarda yozgi mavsumga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

  Misol tariqasida, mavsumoldi profilaktik tayyorgarliklari bo‘yicha «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim amaliyotlarni sanab o‘tishimiz mumkin:

·  «Sardor», «Qizilravot» va «Obi-hayot» podstansiyalarda mavjud avtotransformatorlar hamda 220-500 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari profilaktika ko‘riklaridan o‘tkazilmoqda;
·   filial tasarrufidagi avtotransport va mexanizmlarning foydalanishga yaroqliligi hamda texnik sozligi qayta ko‘rib chiqilmoqda;
·  issiq ob-havo sharoitida muhandis, chilangar va montyorlardan iborat texnik xodimlar kunduzgi va tungi navbatchilikda amaldagi yo‘riqnomaga muvofiq ish faoliyati olib borishi uchun maxsus instruktaj mashg‘ulotlari hamda sinov imtihonlaridan o‘tkazilmoqda.

  Bir so‘z bilan aytganda, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi energetiklar ob-havoning keskin o‘zgarishi va buning oqibatida elektr energiyasi iste'molining sezilarli darajada oshib ketishini hisobga olgan holda mavsumiy tadbirlarni o‘tkazib borishadi. Shunday profilaktika tadbirlarini bugun «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali misolida ko‘rib chiqdik.

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

  t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>