Tenderlar
O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi
  • 16.12.2022
  • 565

Kecha, 15-dekabr kuni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib investorlar aniqlandi.

Mazkur loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida “umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalar qurish loyihalarini ishlab chiqish va maslaxat xizmatlarini ko‘rsatish Dasturi” (IFC Scaling Solar program) doirasida amalga oshirilmoqda.

3-bosqichda Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha tenderning 1-bosqichi (RFQ) 2021-yil 31-avgustda o‘tkazilib, undan 11 ta xalqaro kompaniya muvaffaqiyatli o‘tdi. 2-bosqich (RFP) esa 2022-yil 11-noyabrda yakunlanib, 11 ta kompaniya orasidan 4 ta kompaniya belgilangan muddatgacha takliflarini taqdim etdi.

Bular:

1. Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar (BAA) – 3 ta loyihaga;

2. Alarko Holding AS (Turkiya) – 2 ta loyihaga;

3. GD Power – Powerchina konsorsiumi (Xitoy) - 3 ta loyihaga;

4. Voltalia SA (Fransiya) – 1 ta loyihaga.

Tender tanlovida g‘olib investorlarni aniqlashga bag‘ishlangan marosimda: 

“Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan xususiy moliyalashtiriladigan va boshqariladigan qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini rivojlantirish orqali yashil energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismidir, – dedi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov – Shuningdek, bu mamlakatimizga aholi manfaatlari uchun energiya manbalari narxlarini pasaytirish, qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligini kamaytirish va energiya ishlab chiqarishda atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha umumiy maqsadlarimizga erishishga xizmat qiladi”.

Moliya vaziri Temur Ishmetov: “Avvallari davlat byudjeti yoki davlat qarzi hisobiga qurilayotgan elektr stansiyalar so‘nggi yillarda xususiy mablag‘lar hisobiga qurilmoqda. 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida DXSh tamoyillari asosida 14 mlrd. dollarlik loyihalarni, jumladan energetika sohasida 3,2 mlrd. dollarlik 9 ta loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2023 yilda yana ikkita loyiha – quyosh va shamol stansiyalari bo‘yicha tenderlar yakunlanishi kutilmoqda. Ushbu loyihalar taraqqiyot strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilayotgani anglatadi”.

Tanlov natijalariga ko‘ra:

“Masdar” kompaniyasi (BAA) Buxoro viloyatida 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soati uchun 3,044 AQSh senti miqdorida taklifi bilan g‘olib bo‘ldi. Ahamiyatlisi, mazkur loyiha O‘zbekistonda birinchi marta quvvati 62 MVtlik Energiya saqlash batareyasi bilan amalga oshiriladi.

“GD Power – Powerchina” konsorsiumi (Xitoy) kompaniyasi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha uchun unda ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib deb topildi. Ushbu loyiha bo‘yicha tarifni optimallashtirish yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkaziladi.

“Voltalia” kompaniyasi (Fransiya) kompaniyasi Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 2,888 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib deb topildi.

G‘olib bo‘lgan investorlar quyosh fotoelektr stansiyalarini loyihalash, moliyalashtirish, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

G‘oliblar bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi va davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlash to‘g‘risidagi bitimlarni 2023-yilning 1-choragida imzolash va 2024-yilning 4-choragida ushbu stansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va
Moliya vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2389

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>