Yangiliklar
MILLIY DISPETCHERLIK XIZMATI XODIMLARI 24 SOAT DAVOMIDA IZOLYASIYALANGAN HOLDA XIZMAT KO‘RSATMOQDA
  • 22.04.2020
  • 1620

  O‘zingizga ma'lumki, mamlakatimizda e'lon qilingan yuqumli kasallik karantini davrida ommaviy tadbirlar bekor qilinib, barcha xizmat ko‘rsatish shaxobchalari yopildi, shahar ichi va viloyatlararo transport qatnoviga cheklovlar kiritildi, aksariyat tashkilotlar xodimlari mehnat ta'tiliga chiqishdi yoki masofaviy ish rejimida xizmat ko‘rsatmoqda.

  Yuqumli kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha joriy etilgan tartiblarning kuchaytirilishi karantin davrini qisqartirishi va tez kunlarda odatiy hayot tarziga qaytishimiz uchun xizmat qilishi shubhasiz. Hozircha zaruriyatsiz aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Bunday paytlarda elektr energiyasi ta'minotida uzluksiz ravishda amalga oshirilishi har qachongidan ham muhim hisoblanadi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ayni paytda «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zbekgidroenergiya» AJ elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufiga transportirovka qilib, iste'molga yaroqli kuchlanishga aylantirilgan elektr energiyasi hududiy korxonalar orqali iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

  Bundan tashqari, qo‘shni davlatlar energetika tizimlaridan elektr energiyasining import va eksport amaliyotlari ham uzluksiz ravishda amalga oshirib kelinyapti. Demakki, iste'molchilarga elektr energiyasini cheklovlarsiz, uzluksiz tarzda yetkazib berish borasida energetika tizimidagi barcha resurslar mavjud.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi PQ-4649-son «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori  hamda 2020-yil 3-apreldagi PF-5978-son «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta'minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli amaliyotlarni bajarish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-sonli «Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash hamda jamiyat xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan quyidagilar mehnat faoliyatiga tatbiq etildi:

  •  Ish faoliyatiga ta'sir qilmagan holda xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda navbatdagi mehnat ta'tiliga chiqarildi yoki arizasiga ko‘ra ish haqi saqlanmagan holda o‘z hisobidan ta'til berildi;
  • Ish jarayoniga jalb etilgan xodimlarning tana harorati o‘lchab borilib, barcha bino-inshoot, avtotransport vositalari hamda ofis xonalari tez-tez dezinfeksiya qilinmoqda;
  • Jamiyatning barcha filial va korxonalarida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari vakillarini qabul qilish jarayoni «onlayn» rejimiga o‘tkazilib, tibbiy niqob hamda gigiena (spirtli antiseptik) vositalarini qo‘llagan holda majburiy ish yuritish tartibi joriy etildi;
  • Toshkent shahridagi metro, avtobus va marshrutli taksilar qatnovi noma'lum muddatga to‘xtatilganligi bois xodimlarning ishga kelib-ketishlari uchun dezinfeksiyadan o‘tkazilgan avtoulovlar xizmati tashkil qilindi.

Va, eng muhim tadbirlardan biri,

  • respublika yagona elektr energiyasi tizimining ishonchli faoliyat yuritishi va ish rejimi buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, Milliy dispetcherlik xizmati xodimlari o‘rtasida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 2020-yil 25-martdan boshlab Milliy dispetcherlik markazi xodimlariga tashkilot yotoqxonasidan maxsus joy ajratib berilib, tun-u kun issiq ovqat va zarur vositalar bilan ta'minlangan hamda izolyasiya holatida ishlashi joriy etildi.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislarining bilim-malakasi va ish tajribasi energetika sohasida muhim ahamiyat kasb etib, Markazda me'yoriy ish faoliyatini olib borish uchun energetika sohasida bir necha yil faoliyat yuritgan muhandislar kamida 4–5 yil davomida tajriba orttirganlaridan so‘ng bunday mas'uliyatli vazifani bajarishga ruxsat etiladi. Ular nafaqat O‘zbekiston elektr energiyasi umumtizimi, balki Markaziy Osiyo hamda Rossiya Federatsiyasi energotizimlarida yirik avariyalarning oldini olish uchun uzluksiz ravishda ish olib borishadi. Xuddi shunday, yuqori kuchlanishli podstansiyalarda xizmat olib borayotgan navbatchi muhandislar ham tashqi muhitdan izolyasiya qilingan holda tun-u kun mehnat qilishmoqda.

  Bir so‘z bilan aytganda, Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari o‘rnini istalgan paytda sohaning boshqa yetuk mutaxassislari bosolmasligi mumkin. Shuning uchun ularning 24 soat davomida samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi va mamlakatimizda elektr energiya ta'minoti bir maromda davom ettirilmoqda.

  Xulosa o‘rnida iste'molchilar diqqatiga shuni ma'lum qilamizki,  «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi barcha yuqori kuchlanishli podstansiyalar va elektr tarmoqlari kuchaytirilgan nazorat tizimida ishlamoqda.

  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston ahliga murojaatida «Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz», degan so‘zlariga amal qilish ayni sinovli pallada barchamizning burchimiz hisoblanadi.

  Ishonchimiz komilki, karantin bilan bog‘liq noqulay vaziyat tez orada o‘z yechimini topib, ahil va hamjihat xalqimizning tartibli harakati tufayli mamlakatimizning odatiy hayot tarzi yana o‘z iziga tushadi. Buning dastlabki belgilari ayni kunlarda ko‘zga tashlanmoqda: yuqumli kasallikdan sog‘aygan bemorlar soni ko‘payib, kasallikni yuqtirib olgan vatandoshlarimizning soni kamayib bormoqda. Aholi salomatligi va xavfsizligi ta'minlangach, ishonamizki, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar ham o‘z bosqichlarida taraqqiyot yo‘lini davom ettiradi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>