Yangiliklar
Energetika vazirligida Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
  • 07.11.2022
  • 408

Joriy yilning 2-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksen Chen boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ta’kidlanganidek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston energetika tarmog‘ini rivojlantirish borasida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

OTB uzoq muddatli strategik hamkor bo‘lib, u nafaqat elektr energetika sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ishtirok etadi.
 

 


So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan energetika sohasini bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Bu borada bank ko‘magida O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklikning hamkorlikdagi dasturi tasdiqlandi. Bunda, birinchi navbatda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender o‘tkazildi. Unda 80 dan ortiq nufuzli xalqaro kompaniya ishtirok etish istagini bildirdi. Bu esa, o‘z navbatida xorijiy investorlarning O‘zbekistonda quyosh energetikasi loyihalarini rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va energiya saqlovchi tizimlar o‘rnatish bo‘yicha tender tanlovlari o‘tkazilmoqda.
 

 


Bundan tashqari, bank bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha murakkab tahlillar olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmasini o‘rnatish bilan kengaytirish, shuningdek, 220 kV elektr uzatish tarmoqlari va Sirdaryo IES hamda Zafarobod podstansiyasini bog‘lovchi 220 kVli elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi loyihalar bilan yaqindan tanishishlari ko‘zda tutilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2248

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>