Yangiliklar
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining ikki mingdan ziyod ishchi-xodimlari umumxalq hasharida ishtirok etishdi
  • 15.03.2020
  • 936

  2020-yil 14–15-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 136-F-sonli «Navro‘z» umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning barcha hududiy filial hamda ijtimoiy muassasalarida o‘tkazilgani kabi markaziy boshqaruv apparatida binosida ham umumxalq hashari tashkil etildi.

  Shu bilan birga, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining 2020-yil 13-martdagi 84-sonli buyrug‘iga asosan Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasining ishtirokida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan Toshkent viloyatida joylashgan «Qaldirg‘och» dam olish maskanida ekohashar tadbiri ham bo‘lib o‘tdi. Jamiyat tarkibidagi ushbu dam olish maskanining daraxtlarining osti qismi va beton to‘siqlari oqlanib, yosh novdalarga ishlov berildi. Muassasa maydoni kuz-qish mavsumida to‘planib qolgan barg-xazonlardan tozalandi.

  «Toshkent dengizi» suv omborining shundoqqina sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan dam olish maskani yangi ekilgan mevali va manzarali daraxtlar, uzoq muddat gullab turadigan gul ko‘chatlaridan yanada chiroy ochib, fayzli maskanga aylandi, desak ayni haqiqat bo‘ladi.

  Ekohashar tadbiridan ko‘zlangan obodonchilik ishlari yakunlangach, Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi tomonidan tuzalgan dasturxon, milliy taomlar hasharchilarni tushlikka chorladi. Turli milliy va sport o‘yinlari tushlikdan so‘ng hasharchilarga madaniy xordiq baxsh etdi.  O‘tkazilgan ekohashardan estetik zavq olgan energetiklar «Toshkent dengizi» suv ombori sohilida sayr qilib dam olishdi.

  Namanganlik tibbiyot xodimlari ham hasharda faol ishtirok etishdi

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning barcha hududiy bo‘linmalarida Jamiyat boshqaruvi raisining 84-sonli buyrug‘iga asosan umumxalq hasharlari o‘tkazildi.

  Misol uchun, hasharda faol ishtirok etgan Namangan tibbiy-sanitariya qismi ishchi-xodimlari tomonidan 200-300 kvadrat metr ekin maydoniga ishlov berilib, gul va boshqa manzarali ko‘chatlar ekishga tayyorlab qo‘yildi, 20 tup mevali daraxtlar ekilib, 150 tup gul ko‘chatlari o‘tqazildi.

  Shuningdek, tibbiyot muassasasida 50 dan ziyod daraxtlarning ostki qismi va 400 metrdan ziyod beton ajrama to‘siqlari ohaklandi, 150 metrdan ziyod ariq va zovurlar tozalandi.

  «Qaldirg‘och» dam olish maskani obodonlashtirildi

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi va Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining tashabbusiga ko‘ra «Qaldirg‘och» dam olish maskanida ekohashar o‘tkazildi. Hasharda 100 ga yaqin yoshlar va ishchi-xodimlar katnashishdi. 30 tup qarag‘ay, 5 tupdan nastarin va suriya atirguli, 100 tup atirgul ko‘chatlari ekildi. Ariq va bog‘lar barg-xazon hamda chiqindilardan xalos etildi.

  «Namangan MET» filialining «Qizil-Rovot» podstansiyasida ham obodonchilik ishlari olib borildi

  14-mart kuni «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali tarkibidagi 220/110/10 kVli «Qizil-Rovot» podstansiyada ham Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi barcha yuqori kuchlanishli podstansiyalardagi kabi  umumxalq hashari o‘tkazildi.

  Filial direktorining 67-sonli buyrug‘iga asosan hasharning birinchi kunida 23 nafar ishchi-xodimlar katnashdi. Ular tomonidan uzunligi 670 metr bo‘lgan beton to‘siqlar oqlandi, 185 tup mevali va manzarali daraxtlarga shakl berilib, daraxt tanasining ostki qismlari oqlandi. Bundan tashqari, podstansiya hududidagi 210 metr kvadrat yer maydoniga ishlov berilib, podstansiyaning ichki va tashqi ko‘rinishi yaxshilandi.

  Eslatib o‘tamiz: «O‘zbekiston MET» AJ tarkibidan 77 ta podstansiya bo‘lib, investitsion loyihalar asosida ularning soni ko‘payib, xizmat ko‘rsatish quvvati oshib bormoqda.

  Farg‘ona viloyatidagi «Nurafshon» sanatoriyasida ham umumxalq hashari o‘tkazildi

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning barcha hududiy filial hamda ijtimoiy muassasalarda o‘tkazilgani kabi «Nurafshon» sanatoriysida ham 14-mart kuni umumxalq xayriya hashari tashkil etildi. Hasharda 62 nafar ishchi-xodimlar qatnashdilar. Shanbalikda 1.5 gektar yer maydoni begona o‘t va xazonlardan tozalandi, 300 metr ariq tozalanib, atrofi yumshatildi, 500 dona mevali va manzarali daraxtlar hamda gullar ekildi. Asosiy bino va yo‘lak hamda yotoqxonalar estetik holati yaxshilandi.

  Ma'lumot o‘rnida: «Navro‘z» umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan hasharlar «O‘zbekiston MET» AJning barcha hududiy filiallari hamda ijtimoiy muassasalarida davom ettirilib, unda umumiy hisobda ikki mingdan ziyod ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>