Yangiliklar
TANIQLI IJODKOR VA JURNALIST ENERGETIKA SOHASIDA MASLAHATCHI LAVOZIMIDA ISH BOSHLADI
  • 09.03.2020
  • 1416

     O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-sonli qarorida davlat boshqaruv organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya qilish, ish yuritishni davlat tilida tashkil etishga shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab berilgan.

     Ushbu Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ish yuritadigan maslahatchisi lavozimi  tashkil etildi. Ushbu yangi ish o‘rniga bir nechta mutaxassislar — jurnalist-filologlar nomzodi ko‘rib chiqilib, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga To‘xtashev Orif Abdumajidovich nomzodi ma’qullandi.

  -  «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunining 7-moddasida shunday jumlalar keltirilgan: «Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi. Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi».

     To‘xtashev Orif Abdumajidovich adabiyot olamida Orif To‘xtash taxallusi orqali ma’lum va mashhur. U 1976-yilda Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Bolalik chog‘laridanoq badiiy ijod bilan shug‘ullanib keladi. 1987-yilda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov 5-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Orifjonga bolalar gazetasi orqali «Bolakay shoir» nomi bilan «oq yo‘l» tilagan edi. 1988-yilda Do‘rmonda o‘tkazilgan ijodkorlarning V seminarida eng yosh ishtirokchi sifatida qatnashib, she’rlari munosib baholangan.

     Shundan so‘ng Orif To‘xtashning she’rlari respublika matbuotida tez-tez ko‘rina boshladi. O‘zbekiston televideniyesi va radiosining «Bolalar» studiyalari tomonidan uning ijodi bilan keng tanishtiruvchi ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatildi.

     Keyinchalik O‘zbekiston Xalq shoiri Oydin Hojiyeva, taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev ham uning ijodiga «oq yo‘l» tilashdi.

     Bugungi kunga qadar Orif To‘xtashning ijod jamlanmasidan: «Har doim bo‘lsin quyosh» (Toshkent, 1988-yil), «Boychechak» (Toshkent, 1989-yil), «Dovon oshgan avlodlar» (Toshkent, 1990-yil), «Oltin belanchak» (Toshkent, 2001-yil), «Zarband: kecha va bugun» (Samarqand, 2002-yil), «Vatanim deb seni, uyg‘ondim» (Toshkent, 2003-yil), «Yoshlar kitobi» (Toshkent, 2008-yil), «Bir qishloq bolalari» (Toshkent, 2009), «Miyonqol gurungi» (Toshkent, 2010), «Yurtni sevmoq saodati» — Samarqand bayozi (Toshkent, 2011), «Iftixorimsan, Vatan» (Toshkent, 2012), «Yodi hamisha yodda» (2017-yil), «Xalq ichiga boraylik» (2018-yil) kabi she’riy bayozlari o‘rin olgan.

  -   «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunining 24-moddasida shunday jumlalar keltirilgan: «O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar».

     «G‘unchalar tabassumi» (1991-yil), «Quyosh yo‘li» (1995-yil), «Ko‘ngilga tashrif» (1998-yil) «Vatan atri» (2012-yil) hamda «Ajabtovur arznomalar» (2018-yil) deb nomlangan alohida she’riy to‘plamlari chop qilingan. Bundan tashqari, uning bolalarga bag‘ishlab yozgan quvnoq she’rlari 2006-yilda qayta nashr qilingan II tomlik «O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi»ga kiritilgan. Shuningdek, uning bir turkum she’rlari 2013-yilda tartib berilgan «Ozod Vatan saodati» (Toshkent, 2013) 5 jildlik Istiqlol davri antologiyasidan o‘rin olgan.

     Orif To‘xtash 1997-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi jamg‘arma mukofotining sovrindori bo‘lgan. 2004-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 2018-yil oktyabridan uyushma qoshidagi «O‘zbek bolalar va o‘smirlar adabiyoti» Kengashiga rais etib saylangan.

     O‘zining she’riy asarlari, maqolalari, shuningdek, shaxsiy fikr-mulohazalari bilan respublikamizning barcha gazeta-jurnallari hamda televidenie va radio efirlarida muntazam ishtirok etib keladi.

     Orif To‘xtashev 1993–1998-yillar davomida Samarqand davlat universitetida jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha tahsil olgan. 1998-yilda O‘zbekiston Axborot agentligining nashri — «Respublika» gazetasida ish boshlab, keying yillarda «Tasviriy oyna» ijodiy uyushmasida referent va turli gazetalarda jamoatchi muxbir sifatida faoliyat ko‘rsatib keldi.

     Taniqli jurnalist va shoir 2001-yildan bugungi kunga qadar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimlarida mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan. O‘tgan davr mobaynida «To‘rtinchi hokimiyat», «Yozuvchi va zamon», «Yonimizdagi odam», «Adabiy jarayon», «Uyga qaytib...» hamda «Tundaliklar» nomi ostida mualliflik ko‘rsatuvlari tayyorlagan.

     Bugungi kunda bolalarning sevimli shoiri sifatida tanilgan Orif To‘xtash qalamiga mansub bir qator she’rlar boshlang‘ich sinf darsliklaridan munosib o‘rin olgan. Shuningdek, ko‘plab she’rlari aziz bolajonlarning sevimli qo‘shiqlariga aylangan. Shoir she’rlari asosida multfilmlar suratga olingan.

     Ayni damda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish faoliyatini boshlagan To‘xtashev Orif Abdumajidovichga energetika sohasida ham ulkan zafarlar tilaymiz.

     O‘ylaymizki, boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi nafaqat davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish, ish yuritishni davlat tilida tashkil etish, energetika sohasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, balki sohaga oid yangi, zamonaviy tele-radioloyihalar yaratish, O‘zbekiston iste’mol bozorida elektr energiya iste’molchilarning huquq va majburiyatlari, iste’mol madaniyati, energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalariga bag‘ishlangan ssenariylar, hujjatli filmlar, bolalarga atalgan turli multfilmlar yaratishga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

 

Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining

matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a’zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

>