Yangiliklar
XALQARO EKSPERT «O‘ZBEKISTON MET» AJ FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHGA QARATILGAN BESHTA MUHIM YO‘NALISH BO‘YICHA O‘Z TAKLIFLARINI BILDIRDI
  • 27.02.2020
  • 1032

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi PQ-4249-sonli qarorida belgilab berilgan vazifalarni bajarish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyati Jahon banki ishtirokida xalqaro ekspert, Gruziya fuqarosi Sulxan Zumburidzeni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi sifatida qisqa muddatli ish faoliyatiga jalb qilgan edi.

  Yaqinda xalqaro ekspert, boshqaruvi raisining maslahatchisi Sulxan Zumburidze «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati xodimlariga o‘zining xulosalariga tayangan tavsiyalar taqdimotini o‘tkazdi.

  Tashkilot faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra xalqaro ekspert beshta muhim yo‘nalishi bo‘yicha o‘z taklilarini bildirdi:

  Tariflar metodologiyasi. Ayni paytda mavjud tariflar metodologiyasi elektr tarmoqlariga investitsiyalar jalb qilinish jarayoni uchun yetarli darajada mukammal emas, ushbu metodologiyani takomillashtirish jalb qilingan investitsiyalar samaradorligi, ya'ni investor kiritgan kapitalning daromadli bo‘lishini ta'minlaydi;

  Tashkiliy tuzilma. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasi yuqori samaradorlikka erishish uchun yanada takomillashtirishni talab etadi;

  Tarmoqni rivojlantirishning o‘n yillik rejasi. Mavjud strategik rivojlanish rejasida loyihalarning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari alohida hisobga olinishi maqsadga muvofiq. Rejada, shu bilan birga, qisqa tutashuvlar tahlili, dinamik barqarorlik tahlili, garmonik tahlil, qo‘shni davlatlar bilan elektr energiya ta'minotidagi hamkorlik shartlari, yangi texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy tizimdagi salmog‘ini oshirish imkoniyatlari muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etilishi lozim;

  Energiyani boshqarish tizimi (EBT). Hozirgi bosqichda energiyani boshqarish tizimidan (EBT) foydalanilmaydi. Mazkur innovatsion dasturda energiya ma'lumotlarini tahlil qilish, geografik jihatdan taqsimlangan uzatish va ishlab chiqarish aktivlarining vaqt birligida energiya sarfini (texnologik sarflarni) kuzatishga yordam beradigan vositalar to‘plami mavjud. Tashkilot kelgusida zamonaviy boshqarish tizimlarini joriy etishi maqsadga muvofiq;

  Energiya bozori. Energiya bozorini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi bosqich choralari ko‘rilishi lozim. Jumladan: monopoliya shakllarini aniqlash va ajratish; xarajatlarini aks ettiruvchi tariflarni qabul qilish; tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini alohida shakllarga o‘tkazish; narxlarni tartibga solish tamoyillariga aniqlik kiritish; talab va taklifga mos keladigan platformani joriy etish; ochiq bozor strategiyasini ishlab chiqish.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro ekspert: tariflar metodologiyasini ishlab chiqdi; kompaniyaning markaziy apparati tuzilmasini takomillashtirish, respublikada elektr energiyasi bozorini isloh qilish, Energiyani boshqarish tizimini (EBT) joriy etish, magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirishning o‘n yillik taraqqiyot rejasini ishlab chiqish bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

>