Yangiliklar
DILSHOD SAIDJANOV: «DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARI FAOLIYATI OCHIQLIGINI TA'MINLASHDA AXBOROT XIZMATLARI FAOLIYATI MUHIM AHAMIYAT KASB ETMOQDA»
  • 25.02.2020
  • 837

  Bundan bir necha hafta muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Buyuk Britaniya hukumati hamkorligida mamlakatimizdagi vazirlik va idoralarda mehnat faoliyatini olib borayotgan matbuot kotiblari tajribasini oshirishga qaratilgan amaliy seminar va davra suhbatlari tashkil etilgan edi.

  Kecha, 2020-yil 24-fevral kuni Agentlik binosida ushbu seminarda faol ishtirok etgan tinglovchilar — matbuot kotiblariga sertifikat yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlot, AOKA mas'ul xodimlari hamda bir qator tashkilot va idoralarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etishdi.

  Tadbirda O‘zbekistonda axborot siyosatini tizimli ravishda tashkil etish hamda yuritish bo‘yicha izchil sa'yi-harakatlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Boshqa vazirlik va idoralar kabi Energetika vazirligi matbuot xizmati ham alohida tilga olindi.

 – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, jurnalistlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash borasidagi islohotlarni amalga oshirishda Axborot xizmatlari faoliyati muhim ahamiyatga ega, – dedi Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov. – Ochig‘ini aytganda, AOKA tashkil etilgunga qadar axborot maydonida davlat organlari va tashkilotlarining ulushi nihoyatda kam edi. E'lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga rasmiy munosabatlar 10-15 foiz atrofida edi. Bugungi kunda esa axborot xizmatlarining faoliyati kuchayganligi bois tanqidiy materiallarning 86 foiziga o‘z vaqtida rasmiy munosabat bildirilyapti. Bu borada erishilgan yutuqlarni hyech kim inkor eta olmaydi.»

– Axborot xizmatlari faoliyati nima uchun muhim? – o‘z so‘zini davom ettirdi  Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov. – Chunki ommaviy axborot vositalari va blogerlar ma'lum bir sohani ekspert yoki mutaxassis darajasida yoritib bera olmaydi. Axborot xizmatlari esa vaziyatni ichdan yaxshi bilgani uchun xolis axborotni taqdim etadi. Biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytiramiz va izchil davom ettiramiz. Ishonchim komilki, o‘tgan vaqt mobaynida Buyuk Britaniya ekspertlari bilan o‘tgan seminarlarimiz ko‘zlangan natijani berdi. Tinglovchilar idoralararo kommunikatsiya strategiyasi maqsadi va u bizga qanday imkoniyat yarata olishi to‘g‘risida aniq tushuncha hosil qilishdi. Bunday o‘quv seminarlari O‘zbekiston axborot xizmatlarining salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarning boshlanishidir.

  Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlot so‘zga chiqdi: «...O‘zbekistondagi faoliyatimda imzolagan eng birinchi hujjatlarimdan biri — o‘tgan yilning sentyabr oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi bo‘lgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad — Agentlik bilan o‘zaro chuqur hamkorlik qilish va hamkorlikni yangi cho‘qqilarga olib chiqishdan iborat. Axborot xizmatlariga o‘tgan besh oy davomida taqdim etilgan ma'lumotlar, mashg‘ulotlar va seminarlar Buyuk Britanidagi 100 yillar davomida amalga oshirilgan tadqiqotlarning hosilasidir. Bu O‘zbekiston va Buyuk Britaniya hukumati o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Biz o‘z bilimlarimizni o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan o‘rtoqlashishdan baxtiyormiz va bu orqali yurtingizda axborot sohasidagi islohotlarga hissa qo‘sha olgan bo‘lsak, bundan xursandmiz. Sizning faoliyatingiz juda muhim — chunki axborot xizmati davlat organi, OAV hamda xalq o‘rtasidagi o‘zaro ko‘prik vazifasini bajaradi. Qolaversa, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqqa xolis va to‘g‘ri yetkazishda sizning o‘rningiz juda muhim. Bu yo‘lda barchangizga omad tilayman».

  Shuningdek, mazkur tadbirda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi U.P.Urunovga ham xalqaro toifadagi sertifikat topshirildi.

  Tadbir yakunida matbuot kotiblari Buyuk Britaniyalik mutaxassislarga sohaga oid ingliz tajribasi borasidagi savollar bilan murojaat qildilar. Axborot xizmati rahbarlari Agentlik xodimlariga bunday seminarlarni tashkil etganliklari har tomonlama foydali bo‘lganini e'tirof etib, seminarda mahorat darslari o‘tgan mutaxassislarga minnatdorlik izhor etishdi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

Manba: aoka.uz

>