Ko‘pchilikka ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 2019-yilning 1-dekabr sanasidan buyon «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasidan elektr energiyasi importi amaliyotini amalga oshirib kelmoqda.
Bugun, 2020-yil 21-fevral kuni soat 6:45da Turkmaniston energetika tizimiga tegishli «Mari issiqlik stansiyasi» va «Serdar» podstansiyalari oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘i favqulotda o‘chdi. Natijada Turkmanistondan yetkazib berilayotgan elektr energiyasi 780 MVtdan 60 MVtgacha kamaydi.
Turkmaniston elektr uzatish tarmog‘ida ro‘y bergan nosozlik tufayli O‘zbekiston energetika tizimi bo‘yicha avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida 600 MVt quvvatdan foydalanayotgan iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzildi.
Ayni paytda turkmanistonlik energetiklar tomonidan havo tarmog‘idagi nosozlik sabablarini aniqlanib, uni bartaraf etish yuzasidan zarur ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston elektr energiyasi ta'minoti tizimida import amaliyoti o‘rnini qoplash uchun barcha zaxira kuchlari safarbar etilgan bo‘lib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.
Turli nosozliklar tufayli elektr ta'minotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qisqa muddatli uzilishlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddi xodimlari tomonidan bartaraf etilib, mavjud yoqilg‘i zaxirasiga muvofiq elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, «O‘zbekgidroenergiya» AJ stansiyalari ham to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda.
«Turkmenenergo» korporatsiyasining «Mari issiqlik stansiyasi» va «Serdar» podstansiyalari oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘idagi nosozlik bartaraf etilgach, tarmoqdan uzilgan iste'molchilarga kuchlanish berish boshlanishini ma'lum qilamiz.
Yuzaga kelgan texnik-muhandislik holati uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati
Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati