Yangiliklar
FARG‘ONALIK ENERGETIKLAR JAMIYAT TASARRUFIDAGI TIBBIYOT MUASSASALARI BILAN HAMKORLIKDA MASHG‘ULOTLAR O‘TKAZISHDI
  • 13.02.2020
  • 707

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xoliq Elmurodov tomonidan berilgan topshiriq asosida ishlab chiqilgan ish rejasiga muvofiq «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filialida «Jarohatlanishlarning oldini olish va jarohatlanganda birinchi yordam ko‘rsatish» mavzusi bo‘yicha bir nechta obyektlarda o‘quv seminarlari, amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda «Nurafshon» sihatgohi hamda «Namangan tibbiy sanitariya qismi» shifokorlari faol ishtirok etishdi.

    

Misol uchun, o‘quv seminarida «Nurafshon» sihatgohi kardiolog shifokori Baxtiyorjon Hasanov tomonidan gipertoniya kasalligi va uning oldini olish, shuningdek, kasallik xuruj qilgan holatlarda bemorga tezkor va malakali yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot darsi o‘tkazib berildi.

     Shuningdek, o‘quv seminari davomida «Farg‘ona» podstansiyasi xodimlar ishtirokida «Namangan tibbiy sanitariya qismi» bosh shifokori Ravshan Mamatxo‘jayev, nevrolog Zokirjon Azizov va terapevt Azimjon Mamatovlar tomonidan ishlab chiqarish jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar, ularning oldini olish va jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi mavzularda mahorat darslari o‘tkazildi. Shu bilan birga, podstansiya xodimlarining arterial qon bosimlarini o‘lchash amaliyoti o‘tkazilib, qo‘yilgan dastlabki tashxis natijalariga ko‘ra tibbiy maslahatlar berildi.

     Mashg‘ulotlar jadvaliga ko‘ra hamkorlikdagi tibbiy o‘quv mashg‘ulotlari «O‘zbekiston» podstansiyasida ham o‘tkazildi. Navbatdagi amaliy mashg‘ulot «Nurafshon» sihatgohi Fizoterapiya bo‘limi boshlig‘i Abdukarim Eshonjonov ishtirokida davom ettirildi. Podstansiya xodimlariga termik kuyish bilan bog‘liq jarohatlanish turlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. O‘zaro davra suhbati muloqotlarida termik kuyish holatlarida jarohatlangan shaxslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi, uning tartiblari hamda ahamiyatli jihatlari texnik va muhandis xodimlarga hayotiy misollar orqali tushuntirib berildi.

     Shu o‘rinda mashg‘ulotlar «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish barobarida mehnat faoliyatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllanishiga asos bo‘lishi mumkinligini alohida ta'kidlash lozim. Jamiyat tarkibidagi tibbiy muassasalar bilan hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazish ana shunday ko‘p tomonlama foydali tadbirlardan biri hisoblanadi. 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>